Jahon | 16:59 / 24.10.2025
8571
10 daqiqa o‘qiladi

Putinning sanksiyalarga javobi, G‘arbiy sohil anneksiyasiga qarshi Tramp va Litva osmonidagi samolyotlar – kun dayjesti

O‘tgan kun davomida jahonda ro‘y bergan eng asosiy voqea va yangiliklar sharhi bilan kundalik xabarnomada tanishtiramiz.

Video thumbnail
{Yii::t(}
O'tkazib yuborish 6s

Putin sanksiyalarni «ta’sirsiz» deb atadi

AQSh prezidenti Donald Tramp Kremlga Ukrainadagi urushni tugatish uchun bosim o‘tkazish maqsadida Rossiyaning ikkita eng yirik neft kompaniyasiga sanksiyalar qo‘llaganidan keyin global bozorda neft narxlari 5 foizga oshdi.

Reuters manbalariga ko‘ra, AQSh sanksiyalari Xitoyning davlat neft gigantlarini qisqa muddatda Rossiya neftini sotib olishni to‘xtatishga undagan. Dengiz orqali Rossiya neftining eng yirik xaridori bo‘lgan Hindistondagi neftni qayta ishlash zavodlari ham xom neft importini keskin qisqartirishga tayyorlanmoqda.

Putin sanksiyalarni do‘stona bo‘lmagan harakat deb atadi, ular Rossiya iqtisodiyotiga sezilarli ta’sir ko‘rsatmasligini aytdi va Rossiyaning global bozordagi ahamiyatini ta’kidladi. U ta’minotning keskin pasayishi narxlarni ko‘tarishi va Qo‘shma Shtatlar kabi mamlakatlar uchun noqulay bo‘lishi haqida ogohlantirdi.

«Bu, albatta, Rossiyaga bosim o‘tkazishga urinishdir. Ammo hech bir o‘zini hurmat qiladigan mamlakat va o‘zini hurmat qiladigan xalq hech qachon bosim ostida hech narsa hal qilmaydi», dedi Putin.

Putinning yangi sanksiyalar sezilarli ta’sir ko‘rsatmasligi haqidagi izohi haqida so‘ralganda, Tramp shunday dedi: «Uning shunday fikrda ekanidan xursandman. Bu yaxshi. Men bu haqda olti oydan keyin sizga xabar beraman».

Ukraina G‘arbdan uzoq masofali raketalar so‘rayotgani fonida Putin Rossiyaning ichki hududlari o‘qqa tutilishiga «juda jiddiy» javob qaytarilishi bilan ogohlantirdi

Yevropa Ittifoqi rahbarlari va Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy payshanba kuni Bryusselda Ukrainani moliyalashtirish masalasini muhokama qilish uchun uchrashdi.

Ular keyingi ikki yil davomida Ukrainaning shoshilinch moliyaviy ehtiyojlarini qondirishga kelishib oldi. Ammo Belgiya tomonidan xavotirlar bildirilganidan so‘ng, Kiyevga katta miqdorda kredit berish uchun Rossiyaning muzlatilgan aktivlaridan foydalanish qo‘llab-quvvatlanmadi. Moskva oldinroq uning pul va oltinlari musodara qilinsa, «og‘riqli javob» berishini aytgandi.

 

 

Tramp Isroilning G‘arbiy sohilni anneksiya qilish taklifini rad etdi

22 oktyabr kuni Isroil parlamenti Falastinning bir qismini anneksiya qilishga teng bo‘lgan G‘arbiy sohilga Isroil qonunlarini qo‘llashga qaratilgan qonun loyihasini dastlabki tarzda ma’qulladi.

Ovoz berish o‘ng qanot koalitsiyasida bo‘lgan Isroilning radikal amaldorlari: milliy xavfsizlik vaziri Itamar Ben-Gvir va moliya vaziri Bezalel Smotrich tomonidan qo‘llab-quvvatlangan guruh tomonidan tashkil qilindi.

Netanyahu bir necha bor Falastin davlatchiligini rad etgan. Uning kabineti anneksiya g‘oyasini yirik G‘arb ittifoqchilari yaqinda Falastin davlatini tan olib, Isroilga G‘azodagi halokatli urushni to‘xtatish uchun bosim o‘tkazishga javob sifatida ko‘rib chiqdi.

AQSh vitse-prezidenti J.D. Vens ham avvalroq Isroilga tashrifi chog‘ida Tramp G‘arbiy sohilni anneksiya qilishga qarshi chiqishini va bu amalga oshmasligini aytgan edi. «Agar bu siyosiy hiyla bo‘lsa, bu juda ahmoqona ish va men shaxsan bunga haqorat bilan qarayman».

«Prezident Trampning siyosati shundaki, G‘arbiy sohil anneksiya qilinmaydi. Bu har doim bizning siyosatimiz bo‘ladi», dedi Vens Isroilga ikki kunlik tashrifi yakunida. Trampning o‘zi esa «G‘arbiy sohil haqida tashvishlanmang», dedi Oq uydagi tadbirda. «Isroil G‘arbiy sohil bilan hech narsa qilmaydi».

G‘arbiy sohil bo‘ylab yahudiy aholi punktlarida yuz minglab odamlar yashaydi. Birlashgan Millatlar Tashkiloti va xalqaro hamjamiyatning aksariyati bu aholi punktlarini xalqaro huquqqa ko‘ra noqonuniy va bosib olingan deb hisoblaydi.

 

 

Tramp Kanada bilan savdo muzokaralarini to‘xtatmoqda

AQSh prezidenti Donald Tramp payshanba kuni kechqurun Kanada bilan barcha savdo muzokaralarini to‘xtatayotganini aytdi. U Truth Social'da «Kanada sobiq prezident Ronald Reyganning tariflar haqida salbiy gapirgan reklamasidan firibgarlik bilan foydalanganini» da’vo qildi.

«Tariflar AQSh milliy xavfsizligi va iqtisodiyoti uchun juda muhim. Ularning qo‘pol xatti-harakatlariga asoslanib, Kanada bilan barcha savdo muzokaralari to‘xtatiladi», deb yozdi Tramp.

Tramp Qo‘shma Shtatlar uchun ikkinchi yirik savdo sherigi bo‘lgan Kanadaga nisbatan tajovuzkor pozitsiyani egalladi. U ko‘plab tovarlarga ikki xonali tariflarni joriy qildi va Kanada AQShning 51-shtati bo‘lishi kerakligini bir necha bor ta’kidladi.

Qo‘shma Shtatlar, Kanada va Meksika kelgusi yozgacha yakunlanishi rejalashtirilgan umumiy erkin savdo bitimini qayta ko‘rib chiqishga tayyorgarlik ko‘rmoqda.

Tramp o‘z postida tilga olgan reklama roligi esa Ontario shtati hukumati tomonidan olib tashlandi. Ushbu reklamada AQSh sobiq prezidenti Ronald Reyganning 1987 yildagi «tariflarni iqtisodiyot uchun halokatli» deb qoralagan audioyozuvi ishlatilgan. Ushbu reklama AQSh telekanallarida ketishi kerak edi.

Ushbu reklamada Reyganning ovozi bilan ushbu so‘zlar keltirilgan edi:

«Kimdir keling, xorijiy importga tariflarni joriy qilaylik, deganda, ular Amerika mahsulotlarini himoya qilish orqali vatanparvarlik ishini qilayotganga o‘xshaydi. Ammo tariflar zarar keltiradi. Bozorlar qisqaradi va qulaydi, sanoat yopiladi va millionlab odamlar ishini yo‘qotadi».

 

 

NATO osmonida yana rus samolyotlari

Litva armiyasi payshanba kuni Rossiyaning ikki harbiy samolyoti chegarani kesib o‘tib, NATO davlatining havo hududida 18 soniya qolganini xabar qildi.

Litva harbiy havo kuchlari Rossiyaning SU-30 va IL-78 samolyotlarini Kibartay, ichkariga 700 metr kirgan vaqtida aniqladi.

Ispaniya havo kuchlarining ikkita Eurofighter samolyoti bunga javoban havoga ko‘tarilgan.

Litva prezidenti Gitanas Nauseda bu harakatni «xalqaro huquq va Litvaning hududiy yaxlitligini qo‘pol ravishda buzish» deb atadi.

Shuningdek, Litva Tashqi ishlar vazirligi Rossiya elchixonasi vakillarini Rossiyaning «beparvo va xavfli xatti-harakatlari»ga qarshi norozilik bildirish uchun chaqirishini ta’kidladi.

Rossiya Mudofaa vazirligi payshanba kuni o‘z samolyotlari havoda bo‘lganini tasdiqladi, ammo ular Litva havo hududiga kirganini rad etdi.

«SU-30 qiruvchi samolyotlari Rossiyaning Boltiqbo‘yi Kaliningrad viloyati ustidan rejalashtirilgan o‘quv parvozini amalga oshirdi va boshqa davlatlarning chegaralarini buzmadi», deyiladi bayonotda.

Bunga qadar Polsha, Ruminiya, Daniya, Latviya, Estoniya va Litva so‘nggi bir necha hafta ichida Rossiya dronlari yoki samolyotlari tomonidan havo hududining buzilganini bildirgan edi.

 

 

Hamas falastinlik guruhlar bilan muloqotga kirishmoqda

Hamas 23 oktyabr kuni falastinlik barcha fraksiyalar bilan milliy muloqotga kirishayotganini ma’lum qildi. Bu e’lon Hamas va Fatah vakillari o‘rtasida Qohirada sulh bitimining ikkinchi bosqichi va anklavning kelajagini muhokama qilish uchun bo‘lib o‘tgan uchrashuvga to‘g‘ri keldi.

Anadolu agentligiga bergan intervyusida Hamas vakili Hazzim Qosim harakat «ochiqlik bilan milliy muloqotga kirishayotganini va Falastin ma’muriyati va boshqa milliy kuchlarga qo‘l uzatayotganini» aytdi. Shuningdek, u hokimiyat «chetlab o‘tib bo‘lmaydigan Falastin institutlaridan biri» ekanini ta’kidladi.

U «hozirgi davr nafaqat Hamas uchun, balki G‘azo va G‘arbiy sohildagi butun Falastin xalqi uchun xavfli» deb ogohlantirdi.

Hamas vakili harakat G‘azodagi sulh bitimini «barcha tafsilotlari bilan» amalga oshirishga to‘liq sodiqligini tasdiqladi va vositachilarni Isroilning sulhga rioya qilinishini ta’minlash uchun bosim o‘tkazishga chaqirdi.

Qosimning so‘zlariga ko‘ra, Hamas Turkiya, Misr va Qatardan aniq kafolatlar, shuningdek, Qo‘shma Shtatlardan to‘g‘ridan to‘g‘ri kafolatlar oldi, ularda «urush amalda tugagani» va kelishuv shartlarini bajarish «uning to‘liq yakunlanishi» ekani aytilgan.

U Hamasning asosiy maqsadi «G‘azo sektorida Falastin xalqiga qarshi urushga to‘liq va uzoq muddatli chek qo‘yish» ekanini ta’kidladi.

U Isroilni «gumanitar shart-sharoitlarni siyosiy savdolashish vositasi sifatida» ishlatishda aybladi va yordam ko‘rsatishga ruxsat berish, qayta ocharchilikning oldini olish uchun shoshilinch choralar ko‘rishga chaqirdi.

Mavzuga oid