Jahon | 11:58 / 24.10.2025
3726
4 daqiqa o‘qiladi

«Tinchlik kelishuviga tahdid» – AQSh G‘arbiy sohil anneksiyasiga qarshi

AQSh davlat kotibi Marko Rubio Isroil parlamentining bosib olingan G‘arbiy sohilni anneksiya qilish to‘g‘risidagi qonun loyihasini qo‘llab-quvvatlash qarori Amerikaning G‘azodagi mojaroni to‘xtatish rejasiga tahdid solishini aytdi.

Foto: EPA

Rubio anneksiya «kontrproduktiv» bo‘lib, tinchlik kelishuviga «tahdid solishi»ni ta’kidlagan. «Hozir biz buni qo‘llab-quvvatlay olmaymiz», dedi Rubio Isroilga jo‘nab ketishdan oldin. u yerda o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha nozik kelishuvni mustahkamlash bo‘yicha diplomatik ishlarga ko‘maklashish uchun borgan.

Avvalroq Isroil Knessetining ultrao‘ng qanoti a’zolari Isroilga G‘arbiy sohilni qo‘shib olish huquqini beruvchi qonun loyihasini ma’qullagandi, shu bilan birga, bu ultrao‘ng qanot parlamentariylarining mamlakat bosh vaziri Benyamin Netanyahuni noqulay ahvolga solib qo‘yish va uni siyosiy manyovr qilish imkoniyatidan mahrum qilishga urinishi bo‘lib ko‘ringandi.

Netanyahu avvalroq G‘arbiy sohildagi yerlarni qo‘shib olishni qo‘llab-quvvatlagan, biroq Isroilning eng muhim ittifoqchisi bo‘lgan AQSh va o‘nlab yillar davom etgan dushmanlikdan so‘ng Isroil bilan munosabatlarni yo‘lga qo‘yishni boshlagan arab davlatlari bilan munosabatlarni buzishdan qo‘rqib, bu g‘oyani ilgari surmagan.

Netanyahuning hukmron koalitsiyasidagi ultramillatchilar bir necha bor Isroilni G‘arbiy sohilni to‘liq qo‘shib olishga chaqirgan, ammo qonun loyihasi hukumatga kirmaydigan deputatlar tomonidan ilgari surilgan. U Knessetdagi ko‘pchilik tomonidan qo‘llab-quvvatlanadimi yoki yo‘qmi, bunisi noma’lum, bosh vazir esa uni kechiktirish yoki rad etish imkoniyatiga ega.

BMTning oliy sud instansiyasi – Xalqaro sud o‘tgan yili Isroil okkupatsiyasini noqonuniy deb topgandi.

Sud Isroil bosib olingan G‘arbiy sohil va Sharqiy Quddusdagi ko‘chirish faoliyatini to‘xtatishi va bu hududlar va G‘azo sektorining «noqonuniy bosib olinishi»ga imkon qadar tezroq chek qo‘yishi kerak, degan qarorga keldi. Biroq, sudning xulosasi tavsiyaviy xarakteriga ega bo‘lib, majburiy kuchga ega emas.

Falastinliklar 1967 yildan beri Isroil tomonidan bosib olingan G‘arbiy sohilni o‘zlarining bo‘lajak mustaqil davlatining bir qismi deb bilishadi. Falastin muxtoriyati tashqi ishlar vazirligi Knesset qarorini qoralab, Isroil Falastin yeri ustidan suverenitetga ega bo‘lmasligini ma’lum qildi.

G‘arbiy sohil va Sharqiy Quddusni bosib olish paytida Isroil 700 000 yahudiy istiqomat qiladigan 160 ga yaqin aholi yashash manzilgohlarini qurgan. Hisob-kitoblarga ko‘ra, ular bilan qo‘shni hududda 3,3 million falastinlik istiqomat qiladi.

Rubioning tashrifi AQSh vitse-prezidenti Jyey Di Vens va prezident Trampning ikki maxsus elchisining mintaqaga tashrifidan so‘ng boshlanadi. Amerika ma’muriyati tomonlarni Trampning 20 banddan iborat tinchlik rejasining ikkinchi bosqichi bo‘yicha muzokaralarni boshlashga undamoqda.

O‘t ochishni to‘xtatish, Isroil qo‘shinlarini qisman olib chiqish va gumanitar yordamni qabul qilishni o‘z ichiga olgan birinchi bosqich oktyabr oyi boshida kuchga kirdi.

Isroil ham, Hamas ham bir-birini kelishuvni buzganlikda aybladi, Isroil hatto anklavni bombardimon qildi, ammo hozircha sulh saqlanib turibdi.

Muvaffaqiyat qozonish ehtimoli borasida Rubio Vens kabi optimistik kayfiyatda.

«Har kuni bu [yarash]ga tahdidlar paydo bo‘ladi, lekin men aslida kelishuvga erishish bo‘yicha jadvaldan oldinda ekanligimizga ishonaman», - dedi u.

Tinchlik rejasining ikkinchi bosqichi G‘azoda muvaqqat hukumat tuzish, xalqaro barqarorlashtiruvchi kuchlarni joylashtirish, Isroil qo‘shinlarini sektordan olib chiqish va Hamasni qurolsizlantirishni nazarda tutadi.

Mavzuga oid