Jahon | 18:46 / 25.10.2025
4226
2 daqiqa o‘qiladi

Isroil G‘azo sektorida HAMASga qarshi kurashish uchun ko‘ngillilar guruhini tuzdi

Biz hammamiz «yangi G‘azo» tarafdorimiz, dedi ko‘ngillilar guruhi rahbari.

Foto: Hossam Al Astal

Isroil G‘azo sektorida Falastinning «Hamas» harakatiga qarshi kurashmoqchi bo‘lgan to‘rtta ko‘ngilli guruhni qo‘llab-quvvatlamoqda. Bu haqda ko‘ngillilar yetakchilaridan biri Xussam Astalga tayanib, Sky News xabar berdi.

Isroil, xususan, ko‘ngillilar bazasiga oziq-ovqat yetkazib beryapti. Ko‘ngillilar 30 ga yaqin oilaga asosiy tibbiy va ta’lim yordamini ko‘rsatmoqda, dedi Astal.

«Biz hammamiz «yangi G‘azo» tarafdorimiz. Tez orada G‘azo sektori ustidan to‘liq nazoratni qo‘lga kiritamiz va birlashamiz», dedi Astal.

Ta’kidlanishicha, ular o‘q-dorilar va texnikani Isroil harbiylari nazorati ostida olmoqda, qurollarning bir qismini qora bozordan sobiq hamaschilardan sotib olyapti.

«Ko‘ngillilar mahalliy aholini oziq-ovqat va dori-darmon bilan ta’minlab, gumanitar yordam ko‘rsatayotgandek ko‘rinadi, ammo aslida G‘azoda rejim o‘zgarishi uchun zamin tayyorlaydigan parallel hokimiyat tizimini shakllantiradi», deyiladi xabarda.

Boshqa guruhlarga Yosir Abu Shabab, Ramiy Xalas va Ashraf al-Mansiy rahbarlik qilmoqda. Ko‘ngilli kuchlar Isroil nazorati ostidagi hududlarda, «sariq chiziq» deb ataladigan - Isroil armiyasi tomonidan G‘azo sektorida nazorat qilinadigan chegara ortida harakat qilmoqda. Astal shtabi armiya kuchlarining eng yaqin avanpostidan 700 metrdan kamroq masofada joylashgan, deb aniqlik kiritdi telekanal.

Isroil va HAMAS 10 oktabr kuni o‘t ochishni to‘xtatishga kelishib oldi. Shundan so‘ng, tomonlar bir necha bor bir-birini kelishuvlarni buzganlikda aybladi. AQSh HAMAS harakatlari tufayli tinchlik kelishuvlarining buzilish tahdidini e’lon qildi, biroq Falastin harakati ayblovlarni rad etdi.

Mavzuga oid