Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
NATO bosh kotibi Putinning «puli, askarlari va g‘oyalari tugayotganini» aytdi
Mark Ryutte so‘zlariga ko‘ra, frontdagi hozirgi vaziyat Rossiya armiyasi juda katta yo‘qotishlar evaziga faqat kichik yutuqlarga erishishga qodirligini tasdiqlaydi.
Foto: REUTERS
Vladimir Putin frontdagi minimal muvaffaqiyatlar uchun katta narx to‘lamoqda va uning resurslari tezda tugab bormoqda. Bu haqda NATO bosh kotibi Mark Ryutte Londondagi «ko‘ngillilar koalitsiyasi» uchrashuvi yakunlari bo‘yicha o‘tkazilgan matbuot anjumanida ma’lum qildi.
«Putinning tajovuzi uchun yuz minglab rossiyaliklar halok bo‘lmoqda. Ukraina jasorat bilan himoyalanishda davom etmoqda va bizning qo‘llab-quvvatlashimiz unga yordam bermoqda. Haqiqat shundaki, Putinning puli, askarlari va g‘oyalari tugab bormoqda», deb ta’kidladi Ryutte.
Uning so‘zlariga ko‘ra, frontdagi hozirgi vaziyat Rossiya armiyasi juda katta yo‘qotishlar evaziga faqat kichik yutuqlarga erishishga qodirligini tasdiqlaydi. Shu bilan birga, NATO bosh kotibi AQSh prezidenti Donald Trampning hozirgi front chizig‘ida jangovar harakatlarni to‘xtatish zarurligi haqidagi pozitsiyasini qo‘llab-quvvatladi.
«Jangovar harakatlarni to‘xtatish va Ukraina uchun adolatli tinchlik o‘rnatishga erishish uchun Rossiyaga bosimni kuchaytirish vaqti keldi», dedi Ryutte.
Shuningdek, u Yevropa ittifoqchilari va Kanadaning Ukrainaga qo‘shimcha harbiy yordam ajratish qarorini olqishladi.
«Jang maydonidagi voqealar rivoji shuni ko‘rsatadiki, bizning Ukrainani qo‘llab-quvvatlashimiz natija bermoqda va biz shu ruhda davom etishimiz kerak», dedi alyans rahbari.
Ryutte bunday bayonotlarni birinchi marta berayotgani yo‘q. 16 oktabr kuni u NATO davlatlari Rossiyaga nisbatan iqtisodiy va harbiy jihatdan juda katta ustunlikka ega ekanligini eslatdi.
«Biz Rossiyadan 25 barobar kattamiz. NATO iqtisodiyotining umumiy hajmi 50 trillion dollarni tashkil etadi, Rossiya iqtisodiyoti esa atigi ikki trillion atrofida, Texas shtatidan ko‘p emas», dedi u va Moskvaning salohiyatini ortiqcha baholamaslikka chaqirdi.