Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Starmer Ukrainaga ko‘proq uzoq masofali qurol berishga chaqirdi
Buyuk Britaniya bosh vaziri Kir Starmer G‘arb ittifoqchilarini Ukrainaga uzoq masofali qurol-yarog‘ yetkazib berishda «yana ko‘proq ish qilish»ga chaqirdi. Siyosatchi bu bayonotni juma, 24 oktyabr kuni Londonda Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy bilan uchrashuvda bildirdi.
Foto: Jaimi Joy/REUTERS
«Menimcha, (Ukrainaning — tahr.) imkoniyatlari nuqtai nazaridan yana juda ko‘p ish qilishimiz mumkin, ayniqsa <...> uzoq masofali (zarbalar berish — tahr.) qobiliyati borasida. Albatta, zarur xavfsizlik kafolatlari haqida gap ketganda “ko‘ngillilar koalitsiyasi” doirasidagi ish ham muhim», — deya Starmerning uchrashuv boshida aytilgan so‘zlarini keltirgan AFP.
Zelenskiy Londonda qirol Charlz III Vindsor qasrida qabul qilganidan so‘ng Buyuk Britaniya bosh vaziri bilan uchrashdi. Kecha, shuningdek, Ukrainaga yordam berishga tayyor davlatlardan tuzilgan «ko‘ngillilar koalitsiyasi» ishtirokchilari yig‘ilishi o‘tkazildi. Unda NATO bosh kotibi Mark Ryutte, Daniya bosh vaziri Mette Frederiksen, Niderlandiya bosh vaziri Dik Sxof va boshqa yetakchilar, jumladan Fransiya prezidenti Emmanuel Makron shaxsan yoki onlayn ishtirok etdi. Germaniya nomidan tashqi ishlar vaziri Yoxann Vadeful qatnashdi.
Buyuk Britaniya hukumati saytida qayd etilishicha, Starmer uzoq masofali qurol yetkazib berishni oshirishga chaqiriqni «koalitsiya» yig‘ilishida ham takrorlagan. Shuningdek, u «Rossiya nefti va gazini jahon bozoridan chiqarish»ni hamda Yevropada muzlatilgan rus aktivlari bo‘yicha kelishuvga kelishni taklif etgan — bu «Ukraina mudofaasini moliyalash uchun milliardlab funtlarni ochish» va mamlakatni «qishga imkon qadar kuchli pozitsiyalar bilan kiritish» imkonini beradi.
Kundan avval Bryusseldagi YeI yetakchilari sammitida AQSh prezidenti Donald Tramp tomonidan Amerikaning uzoq masofali Tomahawk («Tomagavk») raketalarini berish bo‘yicha amalda rad javobi olgan Zelenskiy Ukraina bu raketalarni Yevropa mamlakatlari zaxiralaridan olishi mumkinligini bildirdi.
«Uzoq masofali qurol faqat AQShda emas — ayrim Yevropa davlatlarida ham bor, jumladan “Tomagavk”lar. Biz yordam bera oladigan mamlakatlar bilan allaqachon gaplashyapmiz. Bu mavzu ko‘tarilganda Putin qanday bezovta bo‘lganini ko‘rdingiz. U tushunadi: uzoq masofali qurol urush borishini chindan ham o‘zgartiradi», — dedi Zelenskiy.
Shu vaqtgacha G‘arbning uzoq masofali raketalaridan Ukraina faqat ingliz-fransuz Storm Shadow/SCALP (taxminan 500 km masofa)ni olgan. Zelenskiy Germaniya vakillari bilan shu masofaga yaqin bo‘lgan nemis-shved Taurus raketalarini yetkazib berish imkoniyatini ham muhokama qildi. Biroq Germaniya hokimiyati bu so‘rovni rad etdi. Bunga o‘rnini bosuvchi chora sifatida Berlin, masalan, Ukrainada uzoq masofali qurol ishlab chiqarishga — ayniqsa dronlarga — investitsiya kiritmoqda.
Mavzuga oid
18:13
Britaniya «Rossiya bilan aloqalari tufayli» O‘zbekistonning 4 ta kompaniyasiga qarshi sanksiyalar kiritdi
16:35
Mayamidagi muzokaralarga ham Ukraina, ham Rossiya delegatsiyalari keladi
16:20
Seversk qulash yoqasida: bu Slovyansk va Kramatorskka qanday xavf tug‘diradi?
15:51