O‘zbekiston | 21:00 / 27.10.2025
16946
14 daqiqa o‘qiladi

Muammolar girdobidagi Toshkent. Yechim bormi?

Toshkentda havo ifloslanishi JSST normasidan 6 barobar yuqori. Yashil hududlar maydoni 6 yilda 34 foizdan 13 foizgacha kamaygan. Elektr tarmoqlarining 26 foizi avariya holatida. So‘nggi sakkiz yil ichida avtomobillar soni deyarli ikki baravar ko‘paygan bo‘lsa, yo‘l tarmog‘ining uzunligi qisqargan. Suv ta’minotidagi quvurlarning 60 foizi eskirgan. 2024 yildagi 14,8 mln tonna chiqindining atigi 6 foizi qayta ishlangan. Bu muammolarni hal qilish mumkinmi?

Foto: Kun.uz

O‘zbekiston bugungi kunda jadal urbanizatsiya davrini boshdan kechiryapti. Bu ayniqsa jihatdan asosiy ma’muriy tuzilmalar, universitetlar, shuningdek, sanoat va madaniyat markazlari joylashgan poytaxtda jiddiy sezilyapti.

«Taraqqiyot strategiyasi» markazi eksperti Jamshid Sharipovning tahlillariga ko‘ra, bunday holat tabiiy ravishda Toshkentni ichki migratsiya «magniti»ga aylantiradi, bu esa demografik bosimni kuchaytiradi va uy-joy, transport, energiya va kommunal xizmatlarga bo‘lgan ehtiyojning tez o‘sishiga olib keladi. Biroq, infratuzilma aholi o‘sish sur’atlaridan ortda qolyapti.

Xalqaro tashkilotlar so‘nggi tadqiqotlarida shunga o‘xshash nomutanosibliklarga ega shaharlar surunkali tirbandliklar, energiya uzilishlari, ekologik vaziyatning yomonlashuvi va hayot sifatining pasayishiga duch kelishini qayd etgan.

O‘zbekistonda shaharlar rivojlanishining holati

O‘zbekistonda urbanizatsiya tendensiyasi saqlanib qolmoqda: 2025 yil 1 iyul holatiga ko‘ra, 19,3 milliondan ortiq kishi (aholining qariyb 51 foizi) shaharlarda, 18,6 million kishi esa qishloq joylarda yashaydi, bu esa aholining barqaror o‘sishi va qishloq joylardan ko‘chishning davom etayotganini aks ettiradi. Toshkent shahrida rasman 3,1 million aholi ro‘yxatga olingan, biroq migrantlar va talabalarni hisobga olganda, kunlik aholining haqiqiy soni bu raqamdan 30-35 foizga oshishi mumkin. Bu yo‘l-transport tizimi, energetika va kommunal tarmoqlarga yuklamani keskin oshiryapti.

Bunda ta’lim infratuzilmasiga alohida e’tibor qaratish lozim, chunki mamlakatdagi 222 ta oliy o‘quv yurtining 98 tasi Toshkent shahrida joylashgan. Bunday notekis taqsimot poytaxtga yoshlarning ommaviy oqimiga olib keladi, bu esa uy-joy, transport va shahar xizmatlariga yuklamani yanada og‘irlashtiradi.

Yana bir omil — mavjud suv, elektr va gaz ta’minoti tarmoqlaridagi yuklamani yetarli darajada tahlil qilmasdan, ko‘p qavatli uylarni faol qurish. Bu esa ayniqsa iste’mol eng yuqori bo‘lgan paytlarda kommunal xizmatlarda tez-tez uzilishlarga olib kelyapti.

Asosiy muammolar

Transport. Toshkentning eng dolzarb muammolaridan biri tirbandliklar. Tig‘iz soatlarda o‘rtacha yo‘l vaqti 50-60 daqiqadan oshadi. So‘nggi sakkiz yil ichida avtomobillar soni deyarli ikki baravar ko‘paydi, yo‘l tarmog‘ining uzunligi esa 0,5 foizga qisqargan. Bu, o‘z navbatida, nomutanosiblikni keltirib chiqaradi va magistrallarga surunkali ortiqcha yuklamani yuzaga keltiradi. Avtoturargohlarning yetishmasligi, jamoat transportining zaif rivojlanishi va «oxirgi milya» uchun integratsiyalashgan yechimlarning yo‘qligi qo‘shimcha ravishda vaziyatni murakkablashtiradi.

BMT hisob-kitoblariga ko‘ra, 2040 yilga borib dunyo aholisining qariyb 60 foizi shaharlarda yashaydi, yuk mashinalari, yengil avtomobillar va havo transporti soni ikki baravar ko‘payadi, chiqindilar hajmi esa o‘sib boradi. Natijada, millionlab odamlar bevosita (avariyalar natijasida) va bilvosita (chiqindilar tufayli) yo‘l-transport hodisalarida halok bo‘ladi.

Jahon banki «Promoting Livable Cities by Investing in Urban Mobility» hisobotida shaxsiy transportdan foydalanishning o‘sishi tirbandliklarning ko‘payishiga, havoning ifloslanishiga va ish o‘rinlari hamda ijtimoiy xizmatlardan foydalanish imkoniyatlarining pasayishiga olib kelayotganini qayd etgan.

Energetika. Energiya ta’minoti eng jiddiy muammolardan biri bo‘lib qolmoqda. Bosh prokuratura tomonidan 2025 yil yozida o‘tkazilgan o‘rganish natijalariga ko‘ra, Toshkent shahrida 2540 kilometrdan ortiq (26 foiz) elektr tarmoqlari avariya holatida bo‘lib, podstansiyalarning bir qismi modernizatsiya yoki quvvatni oshirishni talab qiladi. Bundan tashqari, avariya brigadalarining yetishmasligi, eskirgan uskunalar va kadrlar qo‘nimsizligi vaziyatni yanada og‘irlashtirmoqda: faqat so‘nggi uch yil ichida tizimdagi xodimlarning qariyb 30 foizi, shu jumladan ekspluatatsiya xizmatlari mutaxassislari ishdan ketgan. Bu iste’mol eng yuqori bo‘lgan davrda elektr energiyasi ta’minotida uzilishlar va shahar infratuzilmasining barqarorligi pasayishiga olib keladi.

Osiyo taraqqiyot banki o‘zining «Harnessing Uzbekistanʼs Potential of Urbanization: National Urban Assessment» hisobotida ta’kidlashicha, O‘zbekiston shaharlari bugunning o‘zidayoq infratuzilma taqchilligi, iqlim va ekologik xavf-xatarlar, ayniqsa, uncha katta bo‘lmagan va o‘rta shaharlarda sifatli shahar xizmatlarining yetishmasligini boshdan kechirmoqda.

Ekologiya. Toshkent shahrida ekologik vaziyat yildan yilga yomonlashib bormoqda. Shaharda PM 2,5 ning o‘rtacha yillik konsentratsiyasi JSSTning o‘rtacha yillik ko‘rsatkichidan olti barobar yuqori. Shu bilan birga, ifloslanishning asosiy manbalari — bu issiqlik ta’minoti tizimi (≈28 foiz), transport (≈16 foiz), sanoat (≈13 foiz) va yoz faslida asosiy o‘rin tutadigan transchegaraviy shamol changlaridir (≈36 foiz).

Shuni ta’kidlash kerakki, nazoratsiz qurilish va yashil maydonlarning qisqarishi shaharning chang va issiqlik orollari bilan kurashish qobiliyatini pasaytiradi. Sun’iy yo‘ldoshdan olingan NDVI (o‘simlik qoplami farqlarining standartlashtirilgan indeksi) suratlariga ko‘ra, atigi olti yil ichida shahardagi o‘simlik qoplami maydoni 34,6 foizdan 13,1 foizga kamaygan. Shu bilan birga, xalqaro standartlarga ko‘ra, shahardagi yashil maydonlarning minimal me’yori hududning kamida 25 foizini yoki bitta yashovchiga 9 kvadrat metr yashil hududni tashkil etishi kerak.

Suv ta’minoti. Toshkent aholisi uchun suv ta’minoti bilan bog‘liq muammolar tobora sezilarli bo‘lib bormoqda. Mutaxassislarning hisob-kitoblariga ko‘ra, shahar ichimlik suvi tarmoqlarining qariyb 60 foizi eskirgan, quvurlarning katta qismi 40-50 yildan ortiq ishlatilgan, bu esa tez-tez avariyalar, suv sizib chiqishi va sifatining yomonlashishiga olib kelmoqda.

Jahon bankining «Uzbekistan Infrastructure Governance Assessment» hisobotida ta’kidlanishicha, suvning katta qismi sizib chiqishlar, noqonuniy ulanishlar va hisobga olish tizimining zaifligi tufayli yo‘qotilmoqda. Tarmoqlarga xizmat ko‘rsatish va yangilash uchun mablag‘ yetishmasligi avariyalar xavfini oshiradi va xizmatlar sifatini pasaytiradi. Qaytmas suv muammolari (oqib ketish, past bosim, zaif boshqaruv) suv ta’minoti tizimlarining barqarorligiga putur yetkazadi. Bularning barchasi birgalikda asosiy kommunal xizmatlardan foydalanish imkoniyatini pasaytiradi va aholi salomatligiga xavf tug‘diradi.

Chiqindilarni boshqarish. Qattiq maishiy chiqindilar bilan ishlash tizimi yetarli darajada rivojlanmagan. Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, 2024 yilda qattiq maishiy, suyuq va qurilish chiqindilari hajmi o‘sishi davom etdi, bu esa ularni to‘plash, utilizatsiya qilish va qayta ishlash quvvatlarini kengaytirishni talab qiladi, chiqindilar tarkibida plastikning ulushi 10 foizga yaqinlashmoqda, biroq qayta ishlash korxonalarining quvvatlari cheklangan.

2024 yilda mamlakatda 14,8 million tonna maishiy chiqindi hosil bo‘lgan, shundan atigi 900,5 ming tonnasi yoki 6,1 foizi qayta ishlangan. Maishiy chiqindilarning to‘rtdan bir qismini qog‘oz, plastmassa, rezina, shisha, to‘qimachilik qoldiqlari tashkil etadi. Shu bilan birga, Toshkent shahrida yiliga 700 ming tonna chiqindining atigi 18 foizi qayta ishlanadi. Chiqindilarni alohida yig‘ish darajasi ham juda pastligicha qolmoqda, bu esa ikkilamchi qayta ishlash imkoniyatlarini pasaytirmoqda va chiqindi poligonlarining yuklamasini oshiryapti.

Muammolarni qanday hal etish mumkin?

Shahar rivojlanishining dolzarb muammolari tahlilidan kelib chiqib, shuningdek, «O‘zbekiston-2030» strategiyasining hududlarni kompleks rivojlantirish va urbanizatsiya darajasini 51 foizdan 60 foizga yetkazish bo‘yicha maqsadlarini to‘liq amalga oshirishni ta’minlash maqsadida «Taraqqiyot strategiyasi» markazi eksperti tomonidan dunyoning yetakchi shaharlarida o‘z samaradorligini isbotlagan va O‘zbekistonning yirik shaharlari sharoitiga moslashtirish mumkin bo‘lgan innovatsion chora-tadbirlar majmuasi taklif etilyapti. Ushbu tavsiyalarda raqamli texnologiyalar, nomarkazlashtirilgan boshqaruv modellari va «yashil» amaliyotlarni birlashtirib, shahar muhitining barqarorligini ta’minlaydigan tizimli yechimlardir.

Transport. Toshkent shahrida surunkali tirbandliklar muammosini «Mobillik xizmat sifatida» (Mobility-as-a-Service, MaaS) konsepsiyasini joriy etish orqali hal qilish mumkin. Bunday tizim allaqachon Xelsinkida muvaffaqiyatli ishlamoqda, u yerda metro, avtobuslar, taksilar, karshering va velosipedlarni yagona raqamli platformaga birlashtirish atigi ikki yil ichida shaxsiy avtomobillardan foydalanishni 12 foizga kamaytirish imkonini bergan.

Yana bir yo‘nalish — harakatni boshqarishning intellektual tizimlarini qo‘llash, jumladan, real vaqt rejimida yo‘l harakatini kuzatish va bashorat qilish, intellektual svetoforlarni boshqarish, sun’iy intellekt yordamida trafikni bashorat qilish va intellektual avtoturargoh yechimlari. Xitoyning aholi zich joylashgan megapolislarida, masalan, Shanxayda sun’iy intellektga (SI) asoslangan harakatni boshqarish texnologiyalarini joriy etish tirbandliklarni 18 foizga kamaytirish va o‘rtacha sayohat vaqtini 9 daqiqaga qisqartirish imkonini bergan.

Shanxayda tig‘iz vaqtlarda harakat tezligining o‘zgarishi (SI asosidagi harakatni boshqarish texnologiyalari joriy etilishidan oldin va keyin)

Toshkent shahrida shunga o‘xshash yechimlarni moslashtirish 2030 yilga borib yo‘llardagi tirbandlik darajasini 20-25 foizga kamaytirish va tig‘iz vaqtlarda o‘rtacha harakatlanish vaqtini hozirgi 60 daqiqadan 45 daqiqagacha qisqartirishga yordam beradi.

Energetika. Shaharlarda energiya ta’minoti barqarorligini oshirish uchun virtual elektr stansiyalari (VPP) va mahalliy mikrotarmoqlar kabi nomarkazlashtirilgan yechimlardan foydalanish imkoniyatini ko‘rib chiqish maqsadga muvofiqdir.

Germaniyada Next Kraftwerke loyihasi 15 mingga yaqin kichik energiya manbalarini yagona tarmoqqa birlashtirdi, bu esa energiya ta’minoti barqarorligini oshirdi. Next Kraftwerke kompaniyasining o‘ziga xos xususiyati shundaki, qurilmalar quvvatni birlashtirish orqali VPP yirik markaziy elektr stansiyalari yoki sanoat iste’molchilari bilan bir xil xizmatlarni taqdim etishi, ularni to‘plashi va keyinchalik xuddi shu bozorlarda sotishi mumkin.

Virtual elektr stansiyalar sxemasi Toshkent shahri sharoitida elektr energiyasi ta’minotidagi uzilishlarni 30 foizga kamaytirishi hamda nomarkazlashtirilgan generatsiya va yuklamani optimallashtirish orqali 15 foizgacha energiya tejalishini ta’minlashi mumkin.

Ekologiya. Ekologik vaziyatni yaxshilash uchun «shaharning raqamli egizagi»ni joriy etish istiqbolli vosita bo‘lishi mumkin. Bunday yondashuv transport, energetika va ekologik jarayonlarni modellashtirish, rivojlanishning turli ssenariylari oqibatlarini baholash imkonini beradi.

«Virtual Singapore» loyihasi bunga yaqqol misol bo‘la oladi, unda davlat organlari raqamli modeldan — siyosatni ishlab chiqish uchun, kompaniyalar va startaplar — shahar xizmatlari va atrof-muhit sohasida ilovalar yaratish uchun, tadqiqotchilar esa — shahar muhitining aholi salomatligi va iqlim jarayonlariga ta’sirini tahlil qilish uchun foydalanadi.

Toshkent uchun shunga o‘xshash platformani joriy etish yanada oqilona shaharsozlik, yashil hududlar holatini kuzatish va havo sifatini boshqarish uchun asos bo‘lishi mumkin. «Raqamli egizak»dan foydalanish issiqlik orollarini samarali bashorat qilish, ko‘kalamzorlashtirish uchun maqbul joylarni aniqlash va ifloslanish darajasini nazorat qilish imkonini beradi. Dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra, bu 2030 yilga borib yashil maydonlarni 15 foizga oshirishi, shuningdek, aniqroq rejalashtirish va yashil texnologiyalarni joriy etish orqali issiqlik orollari ta’sirini va PM 2,5 konsentratsiyasini 10-12 foizga kamaytirishi mumkin.

Suv ta’minoti. Eskirgan suv tarmoqlari va katta suv yo‘qotishlari muammolarini hal qilish uchun Toshkent «aqlli» boshqaruv tizimlariga o‘tishi kerak. Xorijiy tajriba bunday yechimlarning yuqori samaradorligini ko‘rsatmoqda. Janubiy Koreyada Sosan shahrida Smart Water Management tizimi joriy etilishi bosim datchiklarini o‘rnatish va raqamli monitoring tufayli suv sizib chiqishini 21 foizga va favqulodda vaziyatlar sonini 15 foizga kamaytirishga imkon berdi.

Isroilda suv ta’minotini markazlashtirilgan monitoring qilish va boshqarish tizimi dunyodagi eng kam qaytmas suv ulushini ta’minlaydi, 2020 yilgi reytingda Mekorot Water Company suv yo‘qotish darajasi 3 foizdan kam bo‘lgani sababli dunyodagi eng yaxshi kommunal kompaniyalardan biri sifatida tan olingan, solishtirish uchun – IHTT bo‘yicha o‘rtacha ko‘rsatkich 15 foizni tashkil etadi.

Bunday yechimlarni Toshkent shahriga moslashtirish suv tarmoqlari samaradorligini oshirish, sizib chiqishlarni 15-20 foizga kamaytirish, avariyalar sonini 15 foizga qisqartirish va yangi turar joy massivlarida suvni teng tarqatish imkonini beradi.

Chiqindilarni boshqarish. Chiqindilarni qayta ishlash samaradorligini oshirish uchun zamonaviy qayta ishlash majmualarini rivojlantirish va chiqindilarni alohida yig‘ish tizimini joriy etish zarur. Seul shahar ma’muriyati o‘z oldiga 2030 yilgacha Janubiy Koreya poytaxtini «Nol chiqindi» shaharga aylantirish maqsadini qo‘ygan. Tajriba sifatida Seulning 5 ta tumanida 112 ta chiqindini qayta ishlash stansiyasi o‘rnatildi, u yerda aholi ikkilamchi xomashyoni o‘zi saralaydi. Natijada maishiy chiqindilar miqdori 20 foizdan ziyodga kamaydi, ishtirok etishning o‘sib borayotgan darajasi tufayli esa yig‘ilgan ikkilamchi xomashyo miqdori oshgan.

Stokgolmda maishiy chiqindilarning katta qismi issiqlik va elektr energiyasiga qayta ishlanadi, bu shaharning issiqlik ta’minotiga bo‘lgan ehtiyojining taxminan 20 foizini ta’minlaydi.

Toshkent shahri uchun bunday amaliyotlarni joriy etish chiqindilarni qayta ishlash darajasini 2030 yilga kelib hozirgi 6-10 foizdan 35-40 foizga oshirish, poligonlarga yuklamani kamaytirish va metan chiqindilarini kamaytirish imkonini beradi. 

Mavzuga oid