Jahon | 13:18 / 27.10.2025
5495
4 daqiqa o‘qiladi

Tramp: Putinning “Burevestnik” sinovlari haqidagi bayonoti noo‘rin

AQSh prezidenti Trampning ta’kidlashicha, Vladimir Putin Ukrainadagi urushni tugatish choralarini ko‘rishi kerak, raketa sinovlari bilan shug‘ullanmasligi lozim. U shunday dedi: rossiyalik hamkasbining yadroviy qurilmaga ega “cheksiz masofali” “Burevestnik” qanotli raketasini sinash haqidagi bayonoti - “noo‘rin”.

Foto: Vincent Thian/REUTERS

Donald Tramp dushanbaga o‘tar kechasi, 27 oktyabr kuni Air Force One bortida jurnalistlarga: “U urushni tugatishi kerak”, — deb bayonot berdi.

“Bir haftada tugashi kerak bo‘lgan urush to‘rtinchi yildan beri davom etyapti. Hozir aynan shu bilan shug‘ullanishi lozim, raketalarni sinash bilan emas”, — deya qo‘shimcha qildi Tramp.

U, shuningdek, Rossiya tahdidlariga javoban AQSh yadroviy suvosti kemalarining harakatlanishi haqida eslatdi: “Ular biladi: dunyodagi eng yaxshi yadroviy suvosti kemasi ularning qirg‘oqlari yonida. Demak, raketa 8 000 milya parvoz qilishi shart emas. Ular biz bilan o‘yin o‘ynamayapti, biz ham ular bilan. Biz doim raketalar sinovini o‘tkazamiz, lekin aytganimdek, bizda yadroviy submarina bor — bunday uzoq masofaga otish shart emas”, — dedi AQSh prezidenti.

Shu orada RF TIV rahbari Sergey Lavrov Vladimir Putinning Ukraina bo‘yicha AQSh konsepsiyasini qabul qilishga va “taklif etilgan asosda amaliy jihatdan olg‘a siljishga” tayyor ekanini bayonot qildi. Uning qo‘shimcha qilishicha, Moskva va Vashington takliflarni o‘ylab ko‘rish uchun tanaffus olishga kelishib olgan.

Avvalroq Kreml saytida Putinning strategik hujumkor kuchlar mashg‘uloti haqidagi bayonoti e’lon qilindi. Unga ko‘ra, “strategik yadroviy kuchlarning uch tarkibiy qismi bo‘yicha o‘quv-jangovar parvozlar” bajarilgan hamda “istiqbolli qurol-aslaha namunalari” — yadroviy qurilmali, cheksiz masofali “Burevestnik” qanotli raketa — sinovdan o‘tkazilgan. Putin “Burevestnik”ni noyob ishlanma deb atadi va uni qo‘llashning “ehtimoliy usullarini aniqlash” rejalarini aytdi.

O‘z navbatida RF Bosh shtab boshlig‘i Valeriy Gerasimov “Burevestnik” sinovi 21 oktyabr kuni o‘tganini, raketa 14 000 km masofani bosib o‘tganini va taxminan 15 soat havoda bo‘lganini ma’lum qildi. Uning so‘zlaricha, raketa “istalgan masofada yuqori darajada himoyalangan obektlarga kafolatli aniqlik bilan zarba berish” imkoniga ega. “Burevestnik” bo‘yicha mustaqil tasdiq yoki G‘arb harbiylaridan izohlar yo‘q.

NATOda Skyfall deb ataladigan “Burevestnik” o‘n yildan ortiq vaqtdirki ishlab chiqilmoqda. RF harbiylari u dvigatelga o‘rnatilgan kichik yadroviy reaktordan quvvat olishini, nazariy jihatdan bir necha kun havoda qolishi mumkinligini aytadi. Yadroviy tahdid bo‘yicha Vashington tashabbusi — Nuclear Threat Initiative (NTI)ning 2019 yilgi hisobotiga ko‘ra, Skyfall “yadroviy boshqaruv qismi tashiydi, Yer sharini past balandlikda aylanib uchadi, HHM tizimlarini aylanib o‘tadi va rel’yefdan yashirinib, so‘ng belgilanishi qiyin bo‘lgan nuqtaga zarba beradi”, deb baholangan.

Mavzuga oid