Jahon | 23:16 / 28.10.2025
28627
4 daqiqa o‘qiladi

OAV: AQSh Venesuela prezidentini o‘g‘rilash uchun uning uchuvchisini yollashga urindi

U samolyotni olib qochib, Nikolas Maduroni Qo‘shma Shtatlarga yetkazishi kerak edi, ammo reja barbod bo‘lgan, deya xabar tarqatdi AP.

Nikolas Maduro va bosh uchuvchi general Bitner Vilegas Foto: AP

AQSh Ichki xavfsizlik vazirligi xodimi Venesuela prezidenti Nikolas Maduroning asosiy uchuvchisini yollashga urindi. U mamlakat rahbarini Qo‘shma Shtatlar hibsga olishi mumkin bo‘lgan joyga yetkazishi kerak edi. Bu haqda Associated Press agentligiga amaldagi va sobiq amaldorlar, shuningdek, Venesuela muxolifati vakillaridan biri ma’lum qildi.

Venesuela prezidenti uchuvchisini yollash rejasi 2024 yil aprel oyida ishlab chiqilgan. Shu paytda AQSh ichki xavfsizlik vazirligining 50 yoshli agenti Edvin Lopes Dominikana Respublikasidagi AQSh elchixonasida attashe bo‘lib ishlagan.

Axborotchi unga Maduro bilan bog‘liq ikkita qimmatbaho Dassault Falcon 2000EX va Dassault Falcon 900YeX samolyotlari poytaxt Santo-Domingodagi aeroportlardan birida ta’mirlanayotganini aytdi. Laynerlarga besh nafar uchuvchi, jumladan, bosh uchuvchi general Bitner Vilegas hamrohlik qilgan.

AQSh agentlari uchuvchilarni so‘roq qilgan, ammo ularning Maduro va Venesuelaning boshqa yuqori martabali amaldorlari bilan aloqalarini bilmaslikka olgan. Ular oxirgi bo‘lib Vilegas bilan gaplashgan. Suhbat oxirida Lopes uchuvchiga katta mukofot evaziga Maduroni qo‘lga olish mumkin bo‘lgan joyga yetkazishni taklif qilgan. Uchuvchiga bunday joyni tanlash taklif qilingan – Dominikana, Puerto-Riko yoki Guantanamo ko‘rfazidagi AQSh harbiy bazasi.

Venesuelalik uchuvchi aniq javob bermagan, biroq Lopesga mobil telefon raqamini qoldirgan. Agentlar buni yaxshilik alomati deb bilgan. Uchuvchilarga Venesuelaga qaytishga ruxsat berilgan, ammo samolyotlar mamlakatga qarshi sanksiyalar rejimi doirasida musodara qilingan.

Lopes 16 oy davomida Vilegas bilan xat yozishib, uni Maduroni o‘g‘rilashga ko‘ndirmoqchi bo‘ldi. U 2025 yil iyul oyida nafaqaga chiqqanidan keyin ham uchuvchi bilan muloqot qilishda davom etgan va avgust oyida AQSh Venesuela prezidentini qo‘lga olishda yordam berganlik uchun mukofotni 50 million dollarga oshirganidan keyin uchuvchiga bu haqda ma’lumot yuborgan. Ammo oxir-oqibat uchuvchi Lopesning xabarlariga javob berishni to‘xtatgan.

Agentlik manbalariga ko‘ra, reja barbod bo‘lgach, agent va Maduroga qarshi harakatning boshqa ishtirokchilari Venesuela rahbarini g‘azablantirishga qaror qilgan. 19 sentabr kuni Donald Tramp birinchi ma’muriyatining sobiq amaldori, Venesuela muxolifatiga yaqin bo‘lgan Marshall Billingsli ijtimoiy tarmoqlarda Vilegasni tug‘ilgan kuni bilan tabriklagan. Shuningdek, u generalning Dominikanada Lopes bilan suhbati chog‘idagi suratni e’lon qilgan.

Associated Press nashriga ko‘ra, post Maduroning samolyoti Karakasdan uchib ketishidan bir daqiqa oldin e’lon qilingan. 20 daqiqadan so‘ng samolyot kutilmaganda aeroportga qaytgan.

Billingslining posti Venesuela ijtimoiy tarmoqlarida shov-shuv keltirib chiqardi. Maduroning raqiblari uchuvchiga so‘roqlash uchun ortga qaytish buyurilganini taxmin qildi. Boshqalar uni qamab qo‘yishlari mumkinligidan xavotirda edi.

Bir necha kun Vilegasdan darak bo‘lmadi. 24 sentabr kuni u venesuelalik uchuvchilarning sadoqati va xiyonat qilmasligi haqida hikoya qiluvchi targ‘ibot teleko‘rsatuvida paydo bo‘ldi.

Associated Press o‘z maqolasida uchuvchini yollashga urinishni josuslik trilleriga qiyoslaydi. «Kengroq ma’noda, bu sxema AQSh yillar davomida Maduroni ag‘darishga qanchalik qattiq va ko‘pincha beparvolik bilan harakat qilganini ko‘rsatadi», deyiladi maqolada.

Mavzuga oid