Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
BMT komissiyasi: RF armiyasi Ukrainada tinch aholini ataylab nishonga olmoqda
Rossiya harbiylarining harakatlari insoniyatga qarshi jinoyatlar, fuqarolarni qiynashga teng, deyiladi BMT komissiyasi hisobotida. Mualliflar Rossiya zarbalari ukrainlarni uylaridan qochirishga qaratilganini qayd etadi.
Rossiya harbiylari boshqaradigan dronlar bir necha bor Ukraina tinch aholisiga hujum qilgan, bu esa halokatlar, yaralanishlar va katta ko‘lamli vayronagarchilikka olib kelgan. Bu haqda Huquqlar bo‘yicha BMT kengashi tomonidan 2022 yil mart oyida tuzilgan Ukraina bo‘yicha holatlarni tergov qiluvchi mustaqil xalqaro komissiya dushanba, 27 oktabr kuni e’lon qilgan hisobotida aytiladi.
Komissiya ta’kidlashicha, Rossiya harbiylarining harakatlari insoniyatga qarshi ikki toifadagi jinoyatlarga teng: birinchisi — «qotilliklar va aholini majburan ko‘chirish», ikkinchisi — «deportatsiyalar» hamda Rossiya qo‘shinlari tomonidan okkupatsiya qilingan hududlardan fuqarolarni ko‘chirish. Ayrimlari qiynoqlarga duchor bo‘lgan.
Hisobot mualliflariga ko‘ra, dronlar bilan qasddan berilgan zarbalar Dnipro daryosining o‘ng qirg‘og‘i bo‘ylab 300 kilometrdan ortiq hududda — Dnipropetrovsk, Xerson va Mikolayiv viloyatlarida — tinch maqsadli obektlarga yo‘naltirilgan. BMT komissiyasi bu harakatlarni ukrainlarni uylaridan siqib chiqarishga qaratilgan, tizimli va muvofiqlashtirilgan amaliyotlar deb baholaydi va buni aholini majburan ko‘chirish — insoniyatga qarshi jinoyat sifatida qayd etadi.
Hujum maqsadlari qatorida turar joylar, tibbiyot muassasalari va boshqa fuqarolik infratuzilmalari, shuningdek, xalqaro gumanitar huquqqa ko‘ra alohida himoyaga ega bo‘lgan tezkor xizmatlar — tez yordam mashinalari va yong‘in bo‘linmalari ham borligi ko‘rsatilgan.
Hujjatda okkupatsiya qilingan hududlardan odamlar guruhlarini deportatsiya qilish yoki ko‘chirish ishlarini Rossiya hokimiyatlari muvofiqlashtirgani qayd etilgan. Ayrim tinch aholi Ukraina hukumati nazoratidagi hududlarga, boshqalar esa qo‘shni Gurjistonga ko‘chirilgan.
Hisobotda, shuningdek, qo‘lga olish, qiynoqqa solish, hujjatlar va shaxsiy buyumlarni musodara qilish holatlari bayon etilgan — bular «juda kuchli ruhiy azob va dard keltirgan, g‘ayriinsoniy muomala bo‘lib, harbiy jinoyat va inson huquqlarini buzish» sifatida baholanadi.
BMT saytida qayd etilishicha, hisobot xulosalari ochiq manbalardagi 500 ta videoni tahlil qilishga tayangan, shularning 247 tasida suratga olish joyi texnik tekshirilgan. Shuningdek, hujjatga Ukraina fuqarolari bilan o‘tkazilgan 226 ta intervyu natijalari kiritilgan. O‘q ostida qolgan mahalliy aholi o‘z turmush sharoitlarini toqat qilib bo‘lmas darajada deb tasvirlagan.
Komissiya Ukraina Qurolli kuchlari dronlar bilan Rossiya okkupatsiyasidagi hududlarda fuqarolik obektlariga zarba bergani haqidagi Rossiya tomoni bayonotlarini ham ko‘rib chiqqan. Ammo komissiya «hududga kira olmagani, guvohlar xavfsizligi yuzasidan xavotirlar va Rossiya hokimiyatlaridan javoblar bo‘lmagani» tufayli xulosa chiqara olmaganini bildirdi.
Reuters agentligi eslatishicha, deyarli to‘rt yillik urush davomida Ukraina ham Rossiyaning fuqarolik infratuzilmasiga va Rossiya nazoratidagi ukrain hududlariga hujumlar uyushtirgan, ammo bu hujumlar ko‘lami jihatdan kichikroq bo‘lgan.
Mavzuga oid
10:25 / 09.06.2026
Kiyev va Vashington Ukrainadagi urushni tugatish masalasini muhokama qildi
08:45 / 09.06.2026
Ukraina Rossiyani BMTdan chiqish haqida o‘ylab ko‘rishga chaqirdi
22:09 / 08.06.2026
«Gazprom» O‘zbekistonga eksportni 15 foizga oshirganini ma’lum qildi
20:34 / 08.06.2026