Jahon | 11:41 / 28.10.2025
2647
5 daqiqa o‘qiladi

“G‘azo matbuotda ko‘rsatilayotganidek emas, bombalash davom etyapti” – Falastin parlamenti vitse-spikeri

Jyenevada parlamentlararo ittifoqning 151- assambleyasida qatnashib, so‘zga chiqqan Falastin parlamenti vitse-spikerining Kun.uzʼga aytishicha, Sharm ash-Shayxda imzolangan “asr kelishuvi”ga qaramay, G‘azoni bombalash davom etmoqda. Vaziyat mediada yoritilayotgandek emas, lekin hujjatning qabul qilinishi o‘t ochishni to‘xtatish tomon katta qadam, deydi Musa Hadid.

Kun.uz muxbiri o‘tgan hafta Shveytsariyaning Jyeneva shahrida o‘tgan parlamentlararo ittifoqning 151-assambleyasi qatnashuvchilari, spikerlari bilan muloqotda bo‘ldi. Xususan, Falastin parlamentining vitse-spikeriga ko‘ra, uning mamlakatini davlat sifatida ertami-kech hamma baribir tan oladi.

Undan yaqinda Misrning Sharm ash-shayx shahrida AQSh prezidenti Donald Tramp ishtirokida imzolangan kelishuv haqida so‘ralganda – siyosatchi G‘azoda hali urush davom etayotganini aytdi. Hujjatni imzolash emas, uning bandlariga amal qilish muhimroq, deydi Falastindagi Milliy kengash raisi o‘rinbosari Musa Hadid.

— Biz bilamizki, sizning mamlakatingiz, Falastin, uzoq vaqtdan beri aziyat chekmoqda. Biz u yerdagi vaziyatdan, bo‘layotgan voqealardan xabardormiz. Prezident Tramp Misrda ushbu urushga chek qo‘yuvchi hujjatga imzo chekdi, u yerda qatnashganlar buni “asr kelishuvi” deb atashmoqda. Albatta, urush to‘xtatilishi kerak. Sizning fikringizcha, shu bilan urush to‘xtaydimi?

“Ishonamizki, bu biz erishmoqchi bo‘lgan o‘t ochishni to‘xtatish uchun oldinga qo‘yilgan qadamdir. Shunday bo‘lsa-da, taraflardan biri tinchlik kelishuvi uchun murosaga kelishi kerak. Va biz Isroil kelishuvni qay darajada bajarishini ko‘ramiz, buni vaqt ko‘rsatadi. Afsuski, hozir G‘azoda bo‘layotgan ishlar siz mediada o‘qiyotganingizdek emas, chunki ular hamon G‘azoni bombardimon qilmoqda, u yerdagi odamlarni o‘ldirmoqda, gumanitar yordamning G‘azoga kirishiga to‘siqlar qo‘ymoqda. G‘azoda odamlar hamon ocharchilikdan qiynalyapti. Shu sababli, Sharm ash-shayxdagi ushbu kelishuvning imzolanishidan ko‘ra 100 foiz bajarilishi muhim. Biz bu kelishuvning nafaqat xavfsizlik va garovga olinganlarni ozod qilish, balki barcha yo‘nalishlarda ishlashini istaymiz. G‘azoda qariyb ikki million kishi yashaydi. Ular aziyat chekmoqda”.

— Nega prezidentlar Sharm ash-shayxda ikki davlat tamoyilidan kelib chiqib, mustaqil Falastin davlatini tuzish haqida lom-lim demadi?

“Bilasizmi, bizningcha, Sharm al-shayxdagi sammit o‘t ochishni to‘xtatish va G‘azoda aziyat chekayotgan Falastin xalqiga gumanitar yordam ko‘rsatish masalalarini muhokama qilish uchun edi. Ammo afsuski, biz Nyu Yorkda nima bo‘lganini gapirishimiz kerak.

Chunki u yerda, BMTda biz o‘z pozitsiyamizni ayta olmadik, ular bizga viza berishdan bosh tortishdi. Shunga qaramay, barcha davlatlar, 100 dan ortiq mamlakatlar Nyu Yorkda biz tomon bo‘ldi. Bu “ikki davlat” yechimini amalga oshirish uchun “yo‘l xaritasi” bo‘lib, Falastinni hali tan olmagan davlatlarni buni imkon qadar tezroq amalga oshirishga undaydi, deb bilaman”.

Jyenevada nutq so‘zlagan vitse-spiker uning hukumati ertami-kech Falastinning dunyo tomonidan tan olinishiga ishonishini aytadi. Gap Falastinning tarixiy huquqlari haqida ketmoqda, 78 yil o‘tib, haliyam davlat sifatida tan olinmadik, deydi Musa Hadid.

“Darvoqe, Isroil BMT rezolyutsiyasi bilan tashkil etilgan, ammo ushbu rezolyutsiyada ikki davlat – Isroil va Falastin bo‘lishi kerakligi aniq ko‘rsatilgan edi. Shunday qilib, dunyo 1948 yilda Isroilning tashkil etilganini tan oldi, biroq Falastinning tashkil etilganini hali tan olgani yo‘q. Hozir biz ana shu jarayondamiz. Ishonamanki, yaqin kelajakda aksariyat mamlakatlar uni tan oladi. Biz ularning barchasini bu qadamni imkon qadar tezroq tashlashga undaymiz. Va bu falastinliklar uchun emas, balki xalqaro huquqqa, ko‘p yillar avval qabul qilingan xalqaro rezolyutsiyalarga rioya qilish uchun kerak”, deya qo‘shimcha qiladi u.

Mavzuga oid