Jahon | 14:06 / 29.10.2025
2177
2 daqiqa o‘qiladi

NATO Ukrainaga qurol uchun yana 15 mlrd dollar ajratishi mumkin

NATO yangi PURL dasturi doirasida Ukrainaga 15 mlrd dollarlik amerikalik qurol-yarog‘ni yo‘naltirishi mumkin, dedi NATOdagi AQSh doimiy vakili Mettyu Uitaker. Bu yetkazib berishlarni Vashingtonning alyans bo‘yicha ittifoqchilari moliyalashtiradi.

Foto: nato.int

NATO mamlakatlari PURL dasturi bo‘yicha Ukraina uchun qurol xaridiga joriy yilda taxminan 2 mlrd dollar va 2026 yilda 12–15 mlrd dollar ajratishi mumkin. Bu haqda NATOdagi AQSh doimiy vakili Mettyu Uitaker 28 oktyabr kuni Bloomberg Television telekanaliga bergan intervyusida ma’lum qildi.

«Bizda yaqin oylarda ajratiladigan taxminan 2 mlrd dollar yoki undan ko‘proq mablag‘ bor. Ular juda tez taqdim etilishiga umid qilamiz», — dedi Uitaker PURL dasturi haqida.

«Shundan so‘ng, 2026 yilga kirishimiz bilan, asosiysi barqarorlik bo‘ladi: Ukraina mudofaasi uchun hal qiluvchi ahamiyatga ega qurollarni xarid qilishga kerak bo‘ladigan 12–15 mlrd dollar bo‘lishi zarur», — deya qo‘shimcha qildi NATOdagi AQSh doimiy vakili.

Ukrainaning ustuvor ehtiyojlari ro‘yxati (Prioritised Ukraine Requiremens List, PURL) 2025 yil iyulidan amal qiladi — bu NATO va prezident Donald Tramp o‘rtasidagi kelishuvga muvofiq. Dastur doirasida alyans a’zolari va uning hamkorlari Kiyev tomonidan tuzilgan ro‘yxatga tayangan holda AQShdan Ukraina uchun qurol sotib oladi va to‘lov qiladi.

17 sentabr kuni Volodimir Zelenskiyning aytishicha, PURL dasturi doirasida Ukraina allaqachon 2 mlrd dollardan ortiq mablag‘ olgan, yil yakunida esa 3–3,5 mlrd dollarga umid qilyapti. Ushbu mablag‘larga, jumladan, Patriot havo mudofaa tizimlari va HIMARS yalpi o‘t ochish reaktiv tizimlari uchun raketalar xarid qilingan.

Mavzuga oid