O‘zbekiston | 20:13 / 29.10.2025
3153
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistondagi eng yirik quyosh va energiyani saqlash loyihasiga 1,45 mlrd dollar investitsiya kiritiladi

Loyiha Samarqand va Buxoro viloyatlarida amalga oshiriladi. Quyosh elektr stansiyalarining umumiy quvvati – 1000 MVt·soat, energiya saqlash tizimlarining hajmi esa 1336 MVt·soat bo‘lishi ko‘zda tutilgan. Loyihaning birinchi bosqichi 2027 yilda, ikkinchi bosqichi esa 2028 yilda foydalanishga topshirilishi rejalashtirilyapti.

Foto: Kun.uz

Yaponiyaning Sumitomokorporatsiyasi va Yaponiya xalqaro hamkorlik banki (JBIC) va boshqa bir qator tashkilotlar O‘zbekistonda elektr stansiyalari va energiya saqlash tizimlarini qurish uchun 1,45 milliard dollar pul ajratadi. Bu haqda Nikkei nashri xabar berdi.

Qayd etilishicha, JBIC 635 mln dollar miqdorida kredit beradi. Summaning qolgan qismi Sumitomo Mitsui Banking Corporation va Norinchukin Bank tomonidan moliyalashtiriladi. Shuningdek, Osiyo taraqqiyot banki ham 140 mln dollarlik moliyalashtirish paketini taqdim etadi.

Loyiha O‘zbekistonning Samarqand va Buxoro viloyatlarida umumiy quvvati 1000 MVt·soat bo‘lgan quyosh elektr stansiyalarini (taxminan 600 ming xonadonning yillik elektr energiyasi iste’moliga teng) hamda umumiy quvvati 1336 MVt·soat bo‘lgan energiya saqlash tizimlarini qurish, egalik qilish va ekspluatatsiyalashni o‘z ichiga oladi.

Birinchi loyihaning ishga tushirilishi 2027 yilga, ikkinchisiniki esa 2028 yilga mo‘ljallangan. Stansiyalarda ishlab chiqarilgan elektr energiyasi 25 yillik elektr energiyasi oldi-sotdi shartnomasi doirasida «O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari»ga sotiladi.

Loyihada xorijiy investorlarning ulushi quyidagicha bo‘ladi:

  • ACWA Power – 51 foiz;
  • Sumitomo — 20,2 foiz;
  • Yonden – 14,4 foiz;
  • Chubu — 14,4 foiz.

 

Достон Аҳроров
Tayyorlagan Достон Аҳроров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid