Jahon | 22:02 / 29.10.2025
6635
4 daqiqa o‘qiladi

“Prezidentlarning Markaziy Osiyoga umuman kelmagani – Amerika diplomatiyasining nuqsoni” – siyosatshunos 

6 noyabr kuni Vashingtonda Markaziy Osiyo–AQSh sammiti o‘tkaziladi. Aslida bu yilgi muloqot mintaqaning biror davlatida AQSh prezidenti ishtirokida o‘tkazilishi kutilgandi, biroq bunday bo‘lmadi. Siyosatshunos Kamoliddin Rabbimov fikricha, haligacha biror AQSh prezidentining Markaziy Osiyoga tashrif buyurmagani – Amerika diplomatiyasi nuqsoni hisoblanadi.

Video thumbnail
{Yii::t(}
O'tkazib yuborish 6s

Kun.uz bu gal Vashingtonda o‘tuvchi S5+1 mintaqaviy muloqot yuzasidan jonli efirda muhokama o‘tkazar ekan, unda qatnashgan siyosatshunoslar – Oybek Sirojov va Kamoliddin Rabbimov fikricha, ushbu diplomatik platforma region uchun juda muhim. 

Avvalo, AQSh Markaziy Osiyo bilan hamkorlikda bu davlatlarning mustaqilligi, suvereniteti va hududiy yaxlitligini saqlash tamoyillariga sodiqligiga urg‘u beradi. Bu esa keskinlashgan geosiyosiy maydonda mintaqa manfaatlari uchun ijobiy impuls yaratadi. Bundan tashqari, Vashington uchun Markaziy Osiyoning shimoldan va sharqdan qo‘shnilari – Rossiya hamda Xitoyni tiyib turish – strategik vazifa. Shunday vaziyatda ushbu mintaqa bilan muloqot maromida davom etishi kerak. 

Lekin Rossiya–Ukraina urushi fonida Rossiyaning raqobatchi yoki dushmanlik “statusi” borgan sari so‘nib bormoqda. AQSh uchun bu davlat “so‘nayotgan imperiya”ni anglatsa, Xitoy yaqin va uzoq kelajakda asosiy raqobatchi yoki dushman. 

“Bir kamar – bir yo‘l” formati orqali tarixiy Buyuk ipak yo‘lini tiklash tashabbusiga jiddiy investitsiya qilgan Xitoyning regiondagi bugungi roli esa Vashingtonni tashvishga soladi. AQSh kelajakdagi Xitoy bilan tirashuvga tayyorgarlik ko‘rarkan, Markaziy Osiyoning unday vaziyatdagi so‘zi beqiyos ahamiyat kasb etadi. Shuning uchun Vashington hozirdanoq bu elementlarni hisobga olishni boshlagan. 

Ayniqsa, Markaziy Osiyo–AQSh muloqot formatining so‘nggi yillarda prezidentlar darajasiga chiqqani buni isbotlaydi. Dastavval faqat davlat kotiblari va besh davlat tashqi ishlar vazirlari darajasida tuzilgan bu format 2023 yilda yetakchilar darajasiga chiqdi. Tarixda ilk bor AQSh prezidenti Jo Bayden Markaziy Osiyo liderlarini Nyu Yorkda qabul qilib, sammit o‘tkazdi. 

Format 2015 yilda tuzilib, oradagi yillarda ketma-ket davlat kotibisiz o‘tgan sammitlardan keyin bu katta yutuq edi. Lekin 2025 yilgi sammit mintaqaning biror davlatida AQSh prezidentining ishtirokida o‘tishiga harakat va ishonch bor edi. Biroq Tramp bu yili mintaqa prezidentlarini Oq uyda qabul qiladi. 

Siyosatshunos Kamoliddin Rabbimov fikricha, bu davlatlar mustaqil bo‘lganiga 34 yil bo‘lganiga qaramay biror AQSh prezidentining Markaziy Osiyoga kelmagani – Amerika diplomatiyasining nuqsoni. 

Xitoy rahbarlari hammasi kelyapti, hattoki ikki martadan. Biz AQSh uchun shunday «unikal» mintaqamizki, bittayam prezident kelmadi. Kelish kerak, aslida bu Amerika diplomatiyasining nuqsoni. Xitoy raislarining kelishi esa – Xitoy diplomatiyasining yutug‘i”, - deydi siyosatshunos. 

Oybek Sirojov fikricha, mintaqaning qaysi davlatiga kelsa ham bu mintaqaviy tashrif hisoblanadi. 

O‘zbekistonning bu boradagi imkoniyatlari katta. Lekin qaysi davlatga kelishi muhokamasi ularning qulog‘iga ham yetib boradi. Integratsiya haqida gapirilayotgan bir onda bu yaxshi emas, qaysi davlatga kelsa ham bu mintaqaviy safar hisoblanadi”, deya qo‘shimcha qiladi siyosatshunos.

Mavzuga oid