Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
AQSh poytaxtida o‘zbek tadbirkorlari uchun maxsus dastur ishga tushirildi
Vashington shahrida o‘zbekistonlik yosh tadbirkorlar uchun mo‘ljallangan “Uzbekistan Business Leaders” (UBL) dasturining navbatdagi bosqichi rasman boshlandi. Dastur ishtirokchilarga AQShning ilg‘or biznes tajribasini o‘rganish, xalqaro aloqalarni kengaytirish va yangi loyihalarni rivojlantirish imkonini beradi.
Dasturning ochilish marosimi hamda tanishtiruv seminari “American Councils for International Education” tashkiloti qarorgohida bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda O‘zbekiston elchixonasi vakillari, AQSh Davlat departamenti Markaziy Osiyo ishlari bo‘yicha idorasi direktori o‘rinbosari Alisa Bibb, “American Councils” prezidenti Liza Chout, tashkilot direktorlar kengashi raisi va AQShning Qozog‘iston hamda Armanistondagi sobiq elchisi Jon Ordvey, shuningdek, qator amerikalik mutaxassislar va o‘zbekistonlik yosh tadbirkorlar ishtirok etdi.
Tadbirda so‘zga chiqqan Alisa Bibb keyingi yillarda O‘zbekiston va AQSh o‘rtasidagi munosabatlar yangi bosqichga chiqqanini ta’kidladi. Uning qayd etishicha, ikki mamlakat o‘rtasida savdo, investitsiyalar, texnologiyalar va axborot texnologiyalari sohalaridagi hamkorlik izchil kengayib bormoqda.
“American Councils” prezidenti Liza Chout esa tashkilotning O‘zbekiston bilan ta’lim va kasbiy almashinuv sohasida ko‘p yillik hamkorlik tajribasiga ega ekanini bildirib, UBL dasturi ikki mamlakat ishbilarmon doiralari o‘rtasidagi aloqalarni mustahkamlashga xizmat qilishini ta’kidladi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, mazkur dastur nafaqat bilim va tajriba almashish maydoni, balki yosh tadbirkorlar uchun yangi hamkorlik aloqalarini o‘rnatish imkonini beruvchi samarali platforma ham hisoblanadi.
Tadbirda ishtirok etgan Jon Ordvey yosh tadbirkorlarni dastur boshlangani bilan tabriklab, AQShning ilg‘or biznes amaliyoti va boshqaruv tajribasidan samarali foydalanishga chaqirdi.
Shuningdek, O‘zbekiston diplomatlari mamlakatda amalga oshirilayotgan iqtisodiy islohotlar, investitsiya muhiti hamda O‘zbekiston–AQSh o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy hamkorlikni kengaytirish istiqbollari haqida ma’lumot berdilar.
Interfaol muloqotlar davomida dastur ishtirokchilari yangi biznes modellarini joriy etish, eksportbop mahsulotlar ishlab chiqarish va innovatsion loyihalarni rivojlantirish bo‘yicha o‘z rejalari bilan o‘rtoqlashdilar.
Ta’kidlanishicha, “Uzbekistan Business Leaders” dasturi o‘zbekistonlik yosh tadbirkorlarning xalqaro tajribasini boyitish, ularning boshqaruv ko‘nikmalarini rivojlantirish va global biznes muhiti bilan yaqindan tanishishiga xizmat qiladi.