Jahon | 10:48 / 29.10.2025
3935
2 daqiqa o‘qiladi

RF hujumi Ukrainaning oylik dori-darmon zaxirasi 20 foizini yo‘q qildi

«Ekonomicheskaya pravda» yozishicha, 25 oktyabr kuni Kiyevga berilgan Rossiya zarbasining nishonlaridan biri «Optima-Farm» farmkompaniyasi markaziy ombori bo‘lgan. Zarar 100 mln dollarga baholanmoqda.

Foto: Valentyn Ogirenko/REUTERS

25 oktyabr tongida Kiyevga qilingan Rossiyaning ommaviy hujumi chog‘ida Ukrainadagi ikkinchi yirik farmadistribyutor «Optima-Farm» kompaniyasining ombori va ofisi vayron qilindi, deb xabar berdi nashr 28 oktyabr, seshanba kuni. Nashrning farmbozordagi manbasi ma’lum qilishicha, mamlakatning markaziy mintaqalariga xizmat ko‘rsatgan ombor «butunlay vayron qilingan». Zarba, xususan, mahsulot, uskunalar va ma’lumotlar bazalariga ham yetgan.

Kompaniya ma’lumotlariga ko‘ra, omborda yo‘q qilingan mahsulot hajmi mamlakatning oylik dori-darmon zaxirasi taxminan 20 foizini tashkil etadi. Iqtisodiy zarar 100 million dollar deb baholangan. Shu bilan birga, nashr suhbatdoshlari ta’kidlashicha, eng katta nomoddiy zarar — ma’lumotlar bazalarining yo‘qolishi. Ular «Optima-Farm» hamkorlik qiladigan dorixona tarmoqlarining ta’minot ma’lumotlari, logistik yo‘nalishlar va ehtiyojlari haqidagi ma’lumotlarni o‘z ichiga olgan.

Yo‘q qilingan ombor Kiyev va Kiyev viloyati uchun dori yetkazib bergan. 27 oktyabr kuni tovar yuborish vaqtincha to‘xtatildi. «Ekonomicheskaya pravda» manbalariga ko‘ra, Kiyevdagi omborning yo‘q qilinishi qisqa muddatli dori tanqisligiga olib kelishi mumkin. «Optima-Farm» bosh direktori Igor Gutsal kompaniya shu haftada dori tashishni qayta tiklashni rejalashtirayotganini bildirdi.

«Optima-Farm» bozor ulushi jihatidan «BaDM»dan keyin ikkinchi o‘rinda turadi. Ikkalasi birgalikda Ukraina dori-darmon bozorining 85 foizini nazorat qiladi. 28 avgust tongida rossiyalik harbiylar Kiyevdagi «Optima-Farm» omborini o‘qqa tutgan edi. O‘shanda dori-darmonlar va ombor binosi yo‘q qilingan.

Mavzuga oid