O‘zbekiston | 21:08 / 31.10.2025
3439
2 daqiqa o‘qiladi

Samarqandda YuNeSKO 80 yilligiga bag‘ishlab 80 ming daraxt va buta ekiladi

«Boqiy shahar» majmuasi hududida 1,2 gektar maydonda bog‘ barpo etilmoqda.

Foto: Ekologiya vazirligi

Samarqand viloyatidagi 5 gektarlik hududda YuNeSKO 80 yilligiga bag‘ishlab bog‘ barpo etiladi. Loyiha «Merosga tayanib, kelajak sari» shiori ostida amalga oshirilmoqda, deb xabar berdi Ekologiya vazirligi.

31 oktabr kuni Samarqanddagi «Boqiy shahar» majmuasi hududida 1,2 gektar maydonda 564 tup daraxt va buta ekildi. Tadbirda Buyuk Britaniyaning YuNeSKO elchisi va doimiy vakili Anna Nsubuga, Burkina-Fasoning YuNeSKO doimiy vakili Flaviyen Neziyen, O‘zbekiston sport vaziri Adham Ikromov, Ekologiya vaziri birinchi o‘rinbosari Obidjon Qudratov, Samarqand viloyati hokimi Adiz Boboyev, O‘rmon agenligi direktori Erkin Muhitdinov, «Yashil loyiha» loyihalash instituti direktori Olim Hakimov, xalqaro delegatsiya vakillari ishtirok etdi.

Bog‘da qayrag‘och, katalpa, yapon saforasi, eman, sharqiy chinor, ot kashtani, lola daraxti, forzitsiya, lavanda, shuningdek akatsiya, tol, xurmo va olma daraxtlari o‘tqazildi.

Qayd qilinishicha, bog‘ ekologik innovatsiyalar markaziga aylanadi. Bu yerda suv sarfini kamaytiruvchi tomchilatib sug‘orish tizimlari, energiya tejovchi quyosh panellari va nasoslar, yomg‘ir suvini yig‘ib, qayta foydalanish tizimlari, chiqindilarni kompost qilish va tuproqni boyitish joylari, mahalliy tabiiy materiallardan yasalgan yo‘laklar va o‘rindiqlar qo‘yiladi.

Rejaga ko‘ra, bog‘ YuNeSKO 80 yilligiga bag‘ishlangani uchun ramziy ma’noda 80 mingta daraxt va buta ekiladi.

Сардор Юсупов
Tayyorlagan Сардор Юсупов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid