Jahon | 19:53 / 31.10.2025
4315
3 daqiqa o‘qiladi

Tramp Rossiyaning qat’iy talablari tufayli Putin bilan sammitni bekor qildi – OAV

Financial Times ma’lumotlariga ko‘ra, Oq uy AQSh va Rossiya prezidentlarining Budapeshtda Tramp tomonidan e’lon qilingan uchrashuvini bekor qildi, chunki Moskva qat’iy talablar bilan memorandum yuborgan va uni Rubio bilan Lavrov muhokama qilgan.

Foto: Getty images

Financial Times (FT) ma’lumotlariga ko‘ra, Qo‘shma Shtatlar Donald Tramp va Vladimir Putinning Budapeshtda bo‘lib o‘tishi rejalashtirilgan uchrashuvini Moskvaning Ukrainaga nisbatan qat’iy talablari tufayli bekor qilgan. Qaror AQSh davlat kotibi Marko Rubio va Rossiya tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov o‘rtasidagi «tarang telefon suhbatidan» so‘ng qabul qilindi, deb yozdi nashr 31 oktabr kuni vaziyatdan xabardor manbalarga tayanib.

Suhbat Rossiya Oq uyga Ukraina bo‘yicha o‘z pozitsiyasini bildiruvchi memorandum yuborganidan keyin bo‘lib o‘tdi. Ta’kidlanishicha, Rubio hujjatni Lavrov bilan muhokama qildi va maslahatlashuvlar yakunida Trampga Moskva muzokaralarga va Putin bilan uchrashuvni Budapeshtda o‘tkazishga tayyor emasligini bildirdi.

Gazeta manbalariga ko‘ra, Moskvaning maksimalistik talablari zarracha o‘zgarmagan - Kreml Donbassni jangsiz topshirishdan tashqari, Putin Rossiyaning Ukrainaga keng ko‘lamli bostirib kirishining «asosiy sabablari» deb atagan narsani bartaraf etishni talab qilmoqda. Bunday talablar orasida Ukraina Qurolli kuchlari sonini cheklash va Ukrainaning NATOga qo‘shilmasligini kafolatlash bor.

Amerika rasmiylari orasidagi manbalar, shunga qaramay, Tramp agar bu qandaydir taraqqiyotga olib kelsa, Ukrainadagi harbiy harakatlarni to‘xtatish bo‘yicha Rossiya bilan bo‘lajak muzokaralar uchun ochiq qolishini ta’kidladi.

Donald Tramp 22 oktabr kuni Putin bilan uchrashuvni bekor qilganini ma’lum qildi. «Menga bu shunchaki noto‘g‘ri tuyuldi. Nazarimda, biz yetib borishimiz kerak bo‘lgan joyga yetib borolmaydigandek edik. Shuning uchun uchrashuvni bekor qildim. Ammo biz buni kelajakda amalga oshiramiz», dedi AQSh prezidenti. Ushbu bayonotdan bir kun oldin u Rossiya prezidenti bilan «behuda uchrashuv o‘tkazishni» istamasligini ta’kidlagan edi.

Vladimir Putinning aytishicha, Tramp uchrashuvni bekor qilishdan ko‘ra, uni «kechiktirish haqida gapirgan». Uning ta’kidlashicha, uchrashuv va uni o‘tkazish joyi Amerika tomoni tomonidan taklif qilingan.

Mavzuga oid