O‘zbekiston | 11:11 / 03.11.2025
1536
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekiston–Turkiya ijtimoiy himoya bo‘yicha hukumatlararo bitim tayyorlamoqda

Anqaraga xizmat safari doirasida 2025 yil 27 oktyabr kuni O‘zbekiston delegatsiyasi Turkiya Mehnat va ijtimoiy ta’minot vazirligida uchrashuv o‘tkazdi. Tomonlar migratsiya sohasida doimiy muloqot va tashkiliy mexanizmlarni yo‘lga qo‘yish, shuningdek fuqarolar maqomini legallashtirish masalalari bo‘yicha kelishuvlarga yaqinlashdi. Suhbat natijasida ijtimoiy himoya sohasida hukumatlararo bitim tayyorlash bo‘yicha ishchi jarayon boshlandi.

Foto: "Dunyo" AA

“Dunyo” AA ma’lumotiga ko‘ra, uchrashuv Turkiya Mehnat va ijtimoiy ta’minot vazirligida o‘tdi. Turk tomonidan vazir o‘rinbosari Faruk O‘zchilik ishtirok etib, migratsiya masalalari bo‘yicha uzluksiz va institutsional muloqotni yo‘lga qo‘yishga tayyorligini ma’lum qildi.

Muzokaralarda Turkiyada uy xizmatchilari sifatida faoliyat yuritayotgan, biroq noqonuniy holatda bo‘lgan o‘zbek fuqarolarining huquqiy maqomini legallashtirish, hujjatlashtirish jarayonlarini soddalashtirish va maslahat-axborot yordamini kuchaytirishga alohida e’tibor qaratildi. Shuningdek, qurilish, umumiy ovqatlanish va xizmat ko‘rsatish kabi sohalarda vaqtinchalik mehnat faoliyati bilan shug‘ullanayotgan hamyurtlarning bandligini qonuniy asosda rasmiylashtirish imkoniyatlari muhokama qilindi.

Tomonlar O‘zbekiston va Turkiya o‘rtasida ijtimoiy himoya sohasida hukumatlararo bitim tuzish imkoniyatini atroflicha ko‘rib chiqdi. Turkiya tomoni mazkur jarayonning ijobiy yakun topishiga ishonch bildirdi va tegishli idoralar o‘rtasida ishchi guruhlar shakllantirish, muhokama matnlari ustida muvofiqlashtirilgan tartibda ish olib borishni taklif etdi.

Uchrashuv yakunida migratsiyani tartibga solish, mehnat huquqlarini himoya qilish va xavfsiz, tartibli mehnat muhitini ta’minlashga qaratilgan amaliy hamkorlikni davom ettirish bo‘yicha kelishuvga erishildi. Tomonlar yaqin vaqt ichida navbatdagi texnik muloqotlarni o‘tkazishga kelishib oldi.

Mavzuga oid