Jahon | 17:49 / 04.11.2025
6601
6 daqiqa o‘qiladi

AQSh sobiq vitse-prezidenti Dik Cheyni vafot etdi

Cheyni AQShning to‘rt nafar prezidenti ma’muriyatida ishlagan. Katta Bush davrida AQSh mudofaa vaziri bo‘lgan, kichik Bush davrida esa vitse-prezident lavozimida ishlagan. OAV uni Qo‘shma Shtatlarning Iroqqa bostirib kirishida muhim rol o‘ynagan va «terrorga qarshi urushning bosh me’mori» deb ta’riflaydi.

Foto: Win McNamee / Getty Images

 

AQSh vitse-prezidenti Dik Cheyni 84 yoshda vafot etdi.

2001 yildan 2009 yilgacha Dik (Richard) Cheyni kichik Jorj Bush prezidentligi davrida vitse-prezident bo‘lib ishlagan. 1980-yillar oxirida Katta Bush ma’muriyatida u mudofaa vazirligini boshqargan.

Cheynini AQSh Respublikachilar partiyasining eng nufuzli siyosatchilaridan biri va nolinchi yillarda Amerika prezidentlik ma’muriyatining eng qudratli a’zolaridan biri deb hisoblashgan.

Cheyni va Bush 2000 yilgi saylovoldi kampaniyasida

O‘tmishda u biznes bilan ham shug‘ullangan va Amerikaning Halliburton mudofaa kompaniyasi direktorlar kengashiga rahbarlik qilgan.

Vitse-prezident lavozimida Cheyni bu lavozimda ishlagan boshqa siyosatchilarga qaraganda ancha katta ta’sirga ega edi.

«Men – burchakda o‘tirgan yovuz dahoman va hech kim mening inimdan chiqqanimni ko‘rmayaptimi? – deb hazillashgandi u o‘zining maxfiy manipulyatorlik obro‘si haqida. – Aslida, bu yaxshi variant, shunday ishlash kerak».

2024 yilgi prezidentlik kampaniyasi paytida u Demokratik partiyadan nomzod bo‘lgan Kamala Harrisni qo‘llab-quvvatladi, uning qizi Liz Cheyni esa hozirgi prezident Donald Trampning Respublikachilar partiyasidagi eng kuchli raqiblaridan biri hisoblanadi.

Cheyni 2001 yil 11 sentabr voqealaridan keyin kichik Jorj Bush tomonidan boshlangan «terrorga qarshi urush»ning me’mori hisoblangan.

Shuningdek, u 2003 yilda G‘arb qo‘shinlarining Iroqqa bostirib kirishini faol qo‘llab-quvvatlagan.

So‘nggi yillarda Cheyni Donald Tramp siyosatini keskin tanqid qilib kelardi
Foto: NBCUniversal via Getty Images

Konservativ siyosatchi

Hayotining so‘nggi yillarida Cheyni konservatorligicha qolgani qolgani holda, Donald Trampni «qo‘rqoq» va «respublikachilar tarixidagi eng katta tahdid» degan so‘zlar bilan tanqid qilgandi. Shundan so‘ng «sazoyi qilinib» Respublikachilar partiyasidan chetlatildi, deb yozdi CNN.

O‘nlab yillar davomida Cheyni muntazam ravishda yurak-qon tomir kasalliklariga chalingan va bir nechta yurak xurujlarini boshdan kechirgan. 2012 yilda Cheyni yurak transplantatsiyasi operatsiyasini o‘tkazdi.

Cheyni besh marta infarktni boshdan kechirgan va «qarzga» yashayotganini aytgandi. 2012 yilda unga yurak ko‘chirib o‘tkazish operatsiyasi o‘tkazilgan.

U o‘z defibrillyatoridagi simsiz funksiyalarni o‘chirib qo‘ygani, chunki «terrorchilar bu qurilmani buzib kirishi mumkinligidan xavotirlangani» haqida aytib bergandi.

Dik Cheyni 1941 yilda Nebraskada tug‘ilgan. U Yyel universitetida o‘qigan, lekin uni tamomlamagan. 1959 yilda, harbiy xizmatga chaqiruv yoshidaligida (Vetnamdagi urush avjiga chiqqan mahalda) u armiyaga bormaslik uchun barcha huquqiy bo‘shliqlardan foydalangan va armiyaga bormaslikning uddasidan chiqqan.

1968 yilda u Vashingtonda ishlay boshlaydi va 1975 yilda prezident Jyerald Ford ma’muriyatiga rahbar bo‘ladi. Ford 1976 yilgi saylovda mag‘lub bo‘lganidan so‘ng, Cheyni Vayoming shtatidan Vakillar palatasiga nomzodini qo‘yadi.

Saylovoldi kampaniyasi vaqtida yurak xurujini boshdan kechirganiga qaramay, siyosatchi 59 foiz ovoz bilan g‘alaba qozonadi (uning nomzodini targ‘ib qilishda rafiqasi Linn yordam bergandi).

Kongressda Cheyni mudofaa xarajatlarini oshirishni qo‘llab-quvvatladi va Nelson Mandelaning qamoqdan ozod qilinishiga qarshi chiqdi. U zirhli nimchalar va avtomobillar korpusini teshib o‘tuvchi o‘qlarni taqiqlashga qarshi ovoz bergan 21 kongressmendan biri bo‘lgandi.

Dik Cheyni rafiqasi Linn va kichik qizi Meri bilan

Katta Jorj Bush ma’muriyatida Cheyni 1989 yildan boshlab mudofaa vaziri lavozimida ishlagan.

1991 yilda Fors ko‘rfazi urushi paytida Cheyni Saudiya Arabistoni qirolini «Sahrodagi bo‘ron» operatsiyasi doirasida Iroq tomonidan bosib olingan Kuvaytg hududiga 400 mingdan ortiq amerikalik desatnchini tushirishga ruxsat berishga ko‘ndiradi.

1993 yilda demokrat Bill Klinton AQSh prezidenti bo‘lgach, Cheyni vaqtincha siyosatni tark etadi va Halliburton mudofaa kompaniyasining ijrochi direktori bo‘lib ishlaydi. U kichik Bush davrida Vashingtonga vitse-prezident sifatida qaytadi.

2001 yil 11 sentabr kuni amalga oshirilgan hujumdan so‘ng, Cheyni ko‘pincha maxfiy joylardan turib ishlaydi, chunki yangi zarbalar berilgan taqdirda AQSh bir vaqtning o‘zida ham prezident, ham vitse-prezidentni yo‘qotmasligi kerak edi.

U Iroqqa AQSh qo‘shinlarini kiritish tarafdori bo‘lib, Bag‘dodda ommaviy qirg‘in qurollari borligini ta’kidlagandi (keyinchalik Cheyni va boshqa amaldorlar tahdid ko‘lamini bo‘rttirib ko‘rsatgani ma’lum bo‘ldi).

Cheyni terrorizmda gumon qilinganlarni himoya qilish va Guantanamoda saqlash huquqidan mahrum qilishni qo‘llab-quvvatlaydi.

Cheyni hech narsadan afsuslanmasligini va imkoniyat berilsa, faoliyati davomida qabul qilgan qarorlarini yana takrorlashini aytgan.

2018 yilda «Hokimiyat» bayopik-tragikomediyasida Dik Cheyni rolini Kristian Beyl ijro etgan.

Mavzuga oid