Lyugol nima va qanday ishlaydi?

Lyugol – tarkibida yod bo‘lgan antiseptik eritma. U bakteriyalar va ayrim viruslarga qarshi faol ishlaydi, shilliq qavatdagi yallig‘lanishni kamaytiradi. Shu vaqtgacha mazkur eritma asosan bo‘g‘izdagi mikroblarni yo‘qotish, yallig‘lanishni kamaytirish va tomoqni “dezinfeksiya” qilish uchun ishlatilgan. Ilgari u poliklinikalarda juda ko‘p qo‘llangan, shuning uchun aksar odamlar mazkur eritmani eng ishonchli vosita deb biladi.

Lyugol tarkibida yod va kaliy yodid bo‘ladi, mazkur moddalarning birikmasi mikroblarni yo‘q qiladi. Yod mikroblar bilan bevosita reaksiyaga kirishganda, ularning hujayra devorini yemirib, “kuydirib” yuboradi. Shu bois lyugol bakteriyalar va ayrim viruslarga qarshi yaxshi ishlaydi. Umumiy tasniflab aytganda, lyugol shilliq qavatga surtilganda yoki purkalganda mikroblarni yo‘q qiladi, yallig‘lanishni kamaytiradi va og‘riqni biroz yengillashtiradi. Shu sababli avvallari tomoq og‘riganda shifokorlar bolalarning tomog‘ini ushbu vosita bilan artishardi”, – deydi pediatr, neonatolog Komila Mutalova.

Bolalarga nega tavsiya etilmaydi?

Hozirgi tibbiyotda kasalliklarni davolash uchun tanlov juda katta: turli antiseptik, sprey, tabletka va tabiiy vositalar bor. Shifokorning ta’kidlashicha, lyugol kuchli yodli antiseptik bo‘lib, hamma bolaga birdek mos kelmaydi.

Birinchidan, yod organizmda tez so‘riladi: lyugol tomoqdagi shilliq qatlamga surtilganda yoki purkalganda, undagi yodning bir qismi teri va shilliq qatlam orqali tana ichiga o‘tib ketishi mumkin. Organizmga kirgan yod qon orqali tarqalib, eng avvalo, qalqonsimon bez (tiroid) faoliyatiga ta’sir qiladi. Qalqonsimon bez esa organizmning asosiy “metabolizm boshqaruvchisi” bo‘lib, uning gormonlari butun tana ishlashini nazorat qiladi. Yodning ko‘p miqdorda organizmga kirishi natijasida gormonlar balansi buzilishi, ya’ni bez ortiqcha ishlashi yoki aksincha susayib qolishi mumkin. Bolalarda bu holat o‘sish, vazn, quvvat va ruhiyatga ta’sir qilishi ehtimoli bor.

Ikkinchidan, bolada yodga allergiya bo‘lishi mumkin. Bolaning tanasi yodga sezgir bo‘lsa, quyidagi belgilar paydo bo‘ladi: terida qizarish yoki toshma, qichishish, yuz yoki tomoq shishishi, nafas olish qiyinlashishi, ba’zan ko‘z, lablarning shishishi. Bunday belgilardan biri paydo bo‘lsa, lyugol ishlatishni to‘xtatib, shifokorga murojaat qilish zarur.

Uchinchidan, lyugol kuchli eritma bo‘lgani uchun shilliq qavatni tirnashi yoki “kuydirib” yuborishi ehtimoli mavjud. Tomoq juda nozik, reflekslari kuchli bo‘lgan, ya’ni organizmi tashqi ta’sirga tez javob beradigan bolalarda (masalan, kichik yoshdagi chaqaloqlarda) bu qusish, balg‘am ko‘payishi yoki og‘riqni kuchaytirishi mumkin.