Jahon | 21:08 / 04.11.2025
6154
2 daqiqa o‘qiladi

KXDR sobiq rasmiy rahbari Kim Yon Nam 97 yoshida vafot etdi

Kim Yon Nam 1998-2019 yillarda Oliy xalq majlisi prezidiumi raisi bo‘ldi - KXDR konstitutsiyasiga ko‘ra, bu davlatdagi eng yuqori lavozim.

Foto: Yonhap

KXDR Oliy xalq majlisi prezidiumining sobiq raisi Kim Yon Nam 3 noyabr kuni 97 yoshida vafot etdi. Bu haqda Koreya markaziy telegraf agentligiga tayanib Reuters xabar berdi.

O‘limga onkologik kasallik sabab bo‘lgan. Dafn marosimi davlat sharafi bilan o‘tkaziladi, marosimni tashkil etish bo‘yicha komissiya tarkibiga KXDR yetakchisi Kim Chen In ham kirdi, u motam marosimiga shaxsan o‘zi kelib, gulchambar qo‘yadi.

Kim Yon Nam 1928 yilda Pxenyanda tug‘ilgan. 1946-1959 yillarda Sovet Ittifoqida, Tomsk va Rostov davlat universitetlarida tarix fakultetida ta’lim olgan. 1963-1967 yillarda Kim Shimoliy Koreya tashqi ishlar vazirining birinchi o‘rinbosari bo‘lgan. 1970 yilda u Koreya Mehnat partiyasi (KMP) Markaziy qo‘mitasi a’zosi etib saylandi va 1978 yildan partiya Siyosiy byurosi tarkibiga kirdi.

1983 yil dekabridan 1998 yil sentabrigacha Kim Yon Nam KXDR Ma’muriy kengashi bosh vaziri lavozimida ishlagan va bir vaqtning o‘zida mamlakat Tashqi ishlar vazirligini boshqargan. 1998 yilda u Oliy xalq majlisi prezidiumi raisi bo‘ldi - KXDR konstitutsiyasiga ko‘ra, bu davlatdagi eng yuqori lavozim. Kim bu lavozimda 2019 yilgacha qoldi.

Kim Yon Nam siyosiy faoliyati davomida bir necha bor xalqaro tadbirlarda Shimoliy Koreya vakili bo‘lgan.

Mavzuga oid