O‘zbekiston | 09:19 / 05.11.2025
2218
2 daqiqa o‘qiladi

Farg‘onada chiqindidan elektr energiyasi ishlab chiqaruvchi korxona qurilishiga start berildi

2 noyabr kuni Farg‘ona tumanining Oqbilol qishlog‘ida qattiq maishiy chiqindilarni yoqish orqali elektr energiyasi ishlab chiqarish loyihasi doirasida korxona qurilishi boshlandi. Qiymati taxminan 150 mln dollar bo‘lgan loyiha Xitoyning China Everbright International Ltd. kompaniyasi ishtirokida amalga oshirilmoqda.

Foto: Farg‘ona viloyati hokimligi

Tantanali marosimda viloyat hokimining o‘rinbosarlari Nuriddin Mamajonov, Hakimjon Dolimov, xitoylik investorlar va mutasaddi idoralar vakillari ishtirok etdi. Prezidentning 2025 yil 24 martdagi “Namangan va Farg‘ona viloyatlarida qattiq maishiy chiqindilarni yoqish orqali elektr energiyasi ishlab chiqarish” loyihasini amalga oshirish to‘g‘risidagi qaroriga muvofiq, Farg‘ona viloyatida to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiyalar jalb etilgan holda quvvatlar barpo etilmoqda.

Loyihaning texnik ko‘rsatkichlari:

  • yiliga 547 ming tonna (kunga 1,5 ming tonna) maishiy chiqindilarni ekologik jihatdan xavfsiz termik usulda qayta ishlash;
  • yiliga 227,5 mln kVt·soat elektr energiyasi ishlab chiqarish quvvati;
  • qariyb 150 mln dollar investitsiya hajmi;
  • 400 nafarga yaqin yangi ish o‘rinlari yaratilishi.

Viloyat hokimligi vakillarining ta’kidlashicha, loyiha ekologik barqarorlikni ta’minlash, chiqindilarning poligonlarda yig‘ilib qolishini keskin kamaytirish, shuningdek, mintaqaning energota’minoti barqarorligini oshirishga xizmat qiladi. China Everbright International Ltd. direktori Vey Jun Bo hamkorlik loyihasi orqali atrof-muhitni yaxshilash va ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishga hissa qo‘shish niyatini bildirdi.

Marosimda nuroniylar ishtirokida duo qilindi va korxonaga tamal toshi qo‘yildi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid