Jahon | 21:39 / 05.11.2025
2863
3 daqiqa o‘qiladi

Putin yadroviy sinovlarga tayyorgarlikning maqsadga muvofiqligini o‘rganishni buyurdi

Rossiya Mudofaa vaziri Andrey Belousovning yadro sinovlariga tayyorgarlik ko‘rishni boshlash haqidagi taklifiga Vladimir Putin shunday javob qaytardi.

Foto: kremlin.ru

Rossiya Mudofaa vaziri Andrey Belousov Xavfsizlik Kengashi yig‘ilishida prezident Vladimir Putinga Novaya Zemlya arxipelagida yadroviy qurolni keng ko‘lamli sinovdan o‘tkazishga zudlik bilan tayyorgarlik ko‘rishni boshlashni taklif qildi, deb xabar berdi Kreml matbuot xizmati.

Belousov so‘zlariga ko‘ra, AQSh rasmiylari qurollarni qisqartirish va cheklash sohasidagi shartnomalardan izchil ravishda chiqib ketmoqda, shuningdek, strategik hujum qurollarini «jadal modernizatsiya qilmoqda». Yadro sinovlarini o‘tkazishni o‘z ichiga olgan bu rejalar «Rossiya uchun harbiy xavf darajasini sezilarli darajada oshiradi», dedi Rossiya Mudofaa vazirligi rahbari.

«Bundan kelib chiqadiki, biz yadroviy salohiyatimizni har qanday sharoit va vaziyatda tayyor holda saqlab qolishimiz va Vashingtonning mamlakatimiz xavfsizligini kafolatli ta’minlash manfaatlari yo‘lidagi qadamlariga munosib javob berishimiz kerak. Yuqoridagilarni inobatga olib, keng ko‘lamli yadroviy sinovlarga tayyorgarlikni hozirdan boshlash maqsadga muvofiq, deb hisoblayman», dedi Belousov.

Vladimir Putin bunga rozilik bilan javob bermadi, balki TIV, Mudofaa vazirligi va maxsus xizmatlar rahbarlariga AQSh yadroviy sinovlar bo‘yicha rejalari haqida «qo‘shimcha ma’lumot to‘plash» va «yadro quroli sinovlarini tayyorlash bo‘yicha ehtimoliy ishlarni boshlash bo‘yicha kelishilgan takliflar kiritishni» buyurdi.

Novaya Zemlya poligonidagi so‘nggi yadroviy sinov 1990 yil 24 oktyabrda bo‘lib o‘tgan - shundan so‘ng hukumat ularga moratoriy e’lon qilgan. 1996 yilda AQSh va Rossiya dunyoning boshqa davlatlari qatorida Yadro sinovlarini yalpi taqiqlash to‘g‘risidagi shartnomani imzoladi, ammo uni ratifikatsiya qilmadi.

2025 yil 26 oktyabrda Vladimir Putin Rossiya «Burevestnik» qanotli raketasini sinovdan o‘tkazganini e’lon qildi. Uch kundan keyin Putin Rossiya «Poseydon» uchuvchisiz suvosti apparatini ham sinovdan o‘tkazganini ma’lum qildi. Ular yadroviy energiya qurilmasiga ega ekani aytildi.

Shundan so‘ng, Donald Tramp AQSh boshqa davlatlar bilan «tengma-teng» ravishda «zudlik bilan» yadro quroli sinovlarini boshlashini ma’lum qildi.

Сардор Юсупов
Tayyorlagan Сардор Юсупов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid