Jahon | 14:30 / 06.11.2025
1831
3 daqiqa o‘qiladi

AQSh BMTda Suriya prezidentidan sanksiyalarni olib tashlashni rejalashtirmoqda

Vashington BMT Xavfsizlik kengashining Suriya prezidenti Ahmad ash-Shar’adan va mamlakat TIV rahbari Anas Hasan Xattabdan sanksiyalarni olib tashlashni nazarda tutadigan rezolyutsiya loyihasini tayyorladi. Ash-Shar’a 10 noyabr kuni Donald Tramp bilan uchrashuv o‘tkazishni rejalashtirgan.

Foto: Bashir Daher/IMAGO

Qo‘shma Shtatlar BMT Xavfsizlik kengashiga Suriya prezidenti Ahmad ash-Shar’adan sanksiyalarni bekor qilishni nazarda tutuvchi rezolyutsiya loyihasini taklif etdi, deb xabar berdi 5 noyabr kuni Reuters agentligi hujjatga tayanib. Rezolyutsiya loyihasida, shuningdek, Suriyaning amaldagi ichki ishlar vaziri Anas Hasan Xattabga nisbatan ham sanksiyalarni olib tashlash ko‘zda tutilgan.

Oq uy matbuot kotibi Kerolayn Levittning tasdiqlashicha, 10 noyabr kuni ash-Shar’a Vashingtonga tashrif buyurib, AQSh prezidenti Donald Tramp bilan uchrashadi. Axios nashri AQShning Suriya bo‘yicha maxsus vakili Tom Barakka tayanib, ushbu uchrashuvda Suriyaning vaqtinchalik prezidenti AQSh boshchiligidagi IShIDga qarshi koalitsiyaga qo‘shilish to‘g‘risidagi kelishuvni imzolashi kutilayotganini yozgan.

Reuters ta’kidlashicha, agar BMT Xavfsizlik kengashi Tramp bilan rejalashtirilgan uchrashuvdan oldin ash-Shar’adan sanksiyalarni olib tashlash uchun ovoz bermasa ham, uning Vashingtonga kelishiga to‘siq bo‘lmaydi. Chunki BMT XKning sanksiyalar qo‘mitasi ilgari Suriyaning vaqtinchalik hukumati rahbariga sayohat ruxsatnomalari bergan. Bundan tashqari, joriy yil sentabr oyida so‘nggi 25 yilda birinchi marta Suriya TIV rahbari Hasan ash-Shibaniy AQShga tashrif buyurgan.

Qo‘shma Shtatlar so‘nggi bir necha oy davomida BMT Xavfsizlik kengashi a’zolarini Suriyaga nisbatan sanksiyalarni yumshatishga chaqirib kelmoqda. Hozircha AQShning yangi rezolyutsiyasi qachon umumiy ovoz berishga qo‘yilishi noaniq. U qabul qilinishi uchun kamida to‘qqizta qo‘llab-quvvatlovchi ovoz va Rossiya, Xitoy, AQSh, Fransiya yoki Buyuk Britaniya tarafidan vetoning yo‘qligi talab etiladi. Tramp esa may oyida Vashingtonning Suriyaga nisbatan siyosatini sezilarli o‘zgartirib, mamlakatdan AQSh sanksiyalarini olib tashlashini e’lon qilgan edi.

15 oktyabr kuni Ahmad ash-Shar’a Moskvaga tashrifi doirasida RF prezidenti Vladimir Putinga Damashqdagi yangi hokimiyat Rossiya va Suriya o‘rtasida ilgari tuzilgan barcha kelishuvlarga amal qilishini ma’lum qildi. Putin o‘z navbatida Moskva Damashq bilan munosabatlarni qayta tiklashga tayyor ekanini ta’kidladi.

Ash-Shar’a 2024 yil oxirida Moskvaning ko‘p yillik ittifoqdoshi Bashar Asadni ag‘dargani bilan tanilgan. Uning jangovar nomi - Abu Muhammad al-Jo‘laniy.

Rossiya ko‘p yillar davomida Asadni Suriyadagi isyonchilarga qarshi harbiy yo‘l bilan qo‘llab-quvvatlab kelgan edi, ammo ash-Shar’a rahbarligidagi kuchlar 2024 yil dekabrida hokimiyatga keldi. Asad ag‘darilgandan keyin RF unga va oilasiga siyosiy boshpana berdi. Rossiya OAV xabar qilishicha, Asadlar oilasi hozir Moskvada yashamoqda.

Mavzuga oid