Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
AQSh senatori Markaziy Osiyo uchun Jyekson-Venik qonunini bekor qilishni taklif etdi
Senator Jyeyms Rish C5+1 formatidagi davlatlar bilan iqtisodiy hamkorlikdagi to‘siqlarni bartaraf etishga qaratilgan qonun loyihasi Kongressga kiritilganini ma’lum qildi.
Foto: U.S. Department of State
AQSh Markaziy Osiyo davlatlariga mustaqillik va o‘z kelajagini belgilash imkoniyatini saqlab qolishda yordam berishga intiladi. Bu haqda 5 noyabr kuni C5+1 (Markaziy Osiyo + AQSh) diplomatik platformasining o‘n yilligiga bag‘ishlangan tadbirda respublikachi senator, AQSh Senatining Xalqaro ishlar bo‘yicha qo‘mitasi raisi Jyeyms Rish ma’lum qildi.
«Bugun bu yerga yig‘ilgan yetakchilar murakkab geosiyosiy muhitda joylashgan davlatlar vakillaridir. Biz buni tushunamiz. Sizlar qudratli mamlakatlar o‘rtasida qolgan buyuk millatlarsiz. Bugungi uchrashuv hamkorligimizni mustahkamlash va mamlakatlaringiz taqdirini belgilashingizni ta’minlash uchun imkoniyatdir», dedi senator.
Rish so‘zlariga ko‘ra, AQSh Rossiya va Xitoy ta’siriga muqobil variantni taklif qilishga tayyor:
«Beqaror Rossiya va tobora tajovuzkor bo‘lib borayotgan Xitoy o‘z milliy manfaatlarini butun dunyo bo‘ylab, ko‘pincha qo‘shnilari hisobidan ilgari surayotgan bir paytda, Qo‘shma Shtatlar Markaziy Osiyo mamlakatlariga ishonchli hamkorlik va o‘zaro iqtisodiy rivojlanish uchun haqiqiy imkoniyatni taklif qilmoqda».
Senator, shuningdek, Kongressga C5+1 formatidagi hamkorlar bilan iqtisodiy hamkorligidagi to‘siqlarni bartaraf etishga qaratilgan qonun loyihasi kiritilganini ma’lum qildi:
«Ushbu yo‘nalishni qo‘llab-quvvatlash maqsadida men, senator Stiv Deyns va hamkasblarim bilan birgalikda C5+1 formatidagi hamkorlarimiz bilan iqtisodiy hamkorlikni rivojlantirish yo‘lidagi eskirgan to‘siqlarni bartaraf etishga qaratilgan qonun loyihasini taqdim etdim. Gap Jyekson-Venik qonuni cheklovlarini bekor qilish haqida ketmoqda».
U tashabbus C5+1 platformasining o‘n yilligida taqdim etilgani va «mamlakatlarimiz o‘rtasidagi hamkorlikning yangi, jadal davrini» ochishga qaratilgani ramziy ma’noga ega ekanini ta’kidladi.
C5+1 platformasi AQSh va Markaziy Osiyoning beshta davlati — Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston, Turkmaniston va O‘zbekistonni birlashtiradi. U 2015 yilda siyosiy, iqtisodiy va mintaqaviy hamkorlik formati sifatida tashkil etilgan. Navbatdagi sammit 6 noyabr kuni Vashingtonda bo‘lib o‘tadi.
Jyekson-Venik qonuni (tuzatishi) — 1974 yilda AQSh Savdo to‘g‘risidagi qonuniga kiritilgan tuzatish bo‘lib, ular emigratsiyaga to‘siq qo‘yuvchi va boshqa inson huquqlarini buzuvchi davlatlar bilan savdoni cheklashni nazarda tutadi. Bunga, xususan, Qo‘shma Shtatlarga import qilinadigan tovarlarga boj va yig‘imlarning oshirilishi, shuningdek, davlat kreditlari va kredit kafolatlarini taqdim etishni taqiqlash kiradi.
SSSR parchalanganidan so‘ng, qonun avtomatik ravishda barcha MDH mamlakatlariga taalluqli bo‘ldi. Keyinchalik, AQSh ba’zi davlatlarni uning ta’siridan chiqardi: Rossiya, Ukraina, Qirg‘iziston, Armaniston, Gruziya, Latviya, Litva, Estoniya. Biroq, Markaziy Osiyoning aksariyat davlatlari - Qozog‘iston, Tojikiston, Turkmaniston va O‘zbekiston - cheklovlar ostida qolmoqda.
Mavzuga oid
09:24 / 08.12.2025
Kellog: Tinchlik kelishuvini imzolashga ikkita band to‘sqinlik qilmoqda
08:35 / 08.12.2025
MAGA ideologiyasi va YeI kelajagi: Berlin AQShning yangi strategiyasidan xavotirda
11:15 / 07.12.2025
AQSh Yevropadan yuz o‘giryaptimi? | “Geosiyosat”
01:22 / 07.12.2025