Jahon | 21:27 / 06.11.2025
5078
3 daqiqa o‘qiladi

JAR prezidenti Ukrainada jang qilayotgan janubiy afrikaliklar Donbassda tuzoqqa tushganini aytdi

Ularning barchasi 20 yoshdan 39 yoshgacha bo‘lgan erkaklar bo‘lib, hozirda Donbassda og‘ir sharoitda qolgan. Shu bilan birga, rasmiylar bayonotida janubiy afrikaliklar kim tomonida jang qilayotganiga aniqlik kiritilmagan.

Foto: Global Look Press

Janubiy Afrika hukumati Rossiyaning Ukraina bilan urushida ishtirok etayotgan yollanma askarlar tarkibida bo‘lgan 17 nafar fuqarosidan falokat signallarini olganini ma’lum qildi. Ularning barchasi 20 yoshdan 39 yoshgacha bo‘lgan erkaklar bo‘lib, hozirda Donbassda og‘ir sharoitda qolgan. Shu bilan birga, rasmiylar bayonotida janubiy afrikaliklar kim tomonida jang qilayotganiga aniqlik kiritilmagan.

JAR prezidenti Siril Ramafosa o‘z tuzilmalariga tergov o‘tkazish va bu yoshlar qanday sharoitda yollanganini aniqlashni topshirdi. Rasmiylarga ko‘ra, ularni yuqori maosh va’dalari bilan aldagan bo‘lishi mumkin.

Janubiy Afrika qonunchiligiga ko‘ra, agar hukumatning o‘zi tomonidan ruxsat berilmagan bo‘lsa, boshqa davlatlar tomonida jangovar harakatlarda ishtirok etish taqiqlanadi.

Ramafosa idorasi matbuot kotibi Vinsent Magvenyaning ma’lum qilishicha, rasmiylar JAR fuqarolarini uylariga qaytarish uchun diplomatik kanallardan foydalanmoqda. Ma’lum bo‘lishicha, 16 kishi Kvazulu-Natal provinsiyasidan, bir kishi Sharqiy Keypdan.

Avvalroq, avgust oyida JAR hukumati yosh ayollarni xorijda, ayniqsa Rossiyada ishlash takliflariga javob bermaslikka chaqirgan edi.

BBC surishtiruvi shuni ko‘rsatdiki, Afrika va Janubiy Osiyodan kelgan qizlar Tataristondagi «Alabuga» maxsus iqtisodiy zonasidagi mudofaa korxonalarida ishlash uchun yollangan. Hisob-kitoblarga ko‘ra, mingdan ortiq ayollar dron va qurol-yarog‘ ishlab chiqaruvchi korxonalarga ishga qabul qilingan.

Sentabr oyida Keniya politsiyasi odam savdosi tarmog‘idan 20 dan ortiq odamni qutqarganini ma’lum qildi, ular Rossiyada ishlashga chaqirilgan, aldangan, aslida esa Ukrainaga urushga jo‘natilmoqchi bo‘lgan.

Avvalroq Ukraina Rossiya tomonida jangovar harakatlarda qatnashgan Somali, Siyerra-Leone, Togo, Kuba va Shri-Lanka fuqarolarini lagerlarda asirlikda ushlab turganini ma’lum qilgandi.

Shuningdek, Ukraina ham avvalroq o‘z tomonida jangovar harakatlarda ishtirok etish uchun chet el fuqarolarini, shu jumladan afrikaliklarni yollashga urinayotgani uchun tanqid qilingan edi.

Сардор Юсупов
Tayyorlagan Сардор Юсупов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid