Jahon | 23:22 / 06.11.2025
5562
3 daqiqa o‘qiladi

Nensi Pelosi siyosatni tark etadi, Tramp buni Amerika uchun buyuk voqea deb atadi

85 yoshli Pelosi AQSh Kongressidagi qariyb 40 yillik faoliyatini yakunlashini e’lon qildi.

Foto: AP

AQSh Vakillar palatasining sobiq spikeri Nensi Pelosi 2026 yilda bo‘lib o‘tadigan navbatdagi saylovlarda ishtirok etmasligini va shu tariqa AQSh Kongressidagi qariyb 40 yillik faoliyatini yakunlashini e’lon qildi.

The Washington Post (WP) nashrining yozishicha, 85 yoshli Pelosi o‘z saylovchilariga yo‘llagan videomurojaatida, shuningdek, saylovgacha qolgan so‘nggi yilni San-Fransisko mintaqasi vakili sifatida «minnatdorlik bilan» o‘tkazishini aytgan.

Bu bayonot kutilmagan hol bo‘lmadi. Bunday qaror Pelosi tomonidan qabul qilinishi mumkinligi haqida AQSh ommaviy axborot vositalari allaqachon Kongress va Kaliforniyadagi manbalarga tayanib xabar bergan.

Shtat aholisi saylov okruglari chegaralarini qayta taqsimlash to‘g‘risidagi 50-taklifni qo‘llab-quvvatlaganidan keyin u siyosatdan ketishini e’lon qilishi kutilgan edi. Nensi Pelosi Demokratik partiyaga 2026 yilda Kongressga oraliq saylovlarda qo‘shimcha o‘rinlar olish imkonini beradigan ushbu qonun loyihasini faol qo‘llab-quvvatladi. Saylovchilar 4 noyabr kuni bo‘lib o‘tgan ovoz berish jarayonida qonun loyihasini qo‘llab-quvvatladilar va endi Pelosi xonim «katta g‘alaba fonida ketmoqda - bu uning yutuqlari gultoji bo‘ladi», deb NBC kaliforniyalik demokratlardan birining so‘zlarini keltirdi.

Nensi Pelosi Vakillar palatasining birinchi ayol spikeri bo‘ldi va bu lavozimni ikki marta egalladi: 2007-2011 yillarda va 2019-2023 yillarda. WP ta’kidlaganidek, Pelosi xonim Kapitoliy tepaligida o‘zidan oldingi va keyingi lavozimdagi har qanday erkakdan ko‘ra ko‘proq ta’sirga ega edi.

AQSh prezidenti Donald Tramp Vakillar palatasining sobiq spikeri Nensi Pelosining faoliyatini yakunlagani haqida fikr bildirdi va buni Qo‘shma Shtatlar uchun buyuk voqea deb atadi.

«U yovuz, korrupsiyaga botgan va mamlakatimiz uchun faqat yomon narsalarga e’tibor qaratgan edi... U menga ikki marta impichment e’lon qilishga muvaffaqiyatsiz urinib ko‘rganidan juda faxrlanaman», dedi Donald Tramp Fox News uchun bergan izohida.

Сардор Юсупов
Tayyorlagan Сардор Юсупов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid