Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Xitoyda davlat qurayotgan data-markazlarda xorijiy AI chiplardan foydalanish taqiqlandi
So‘nggi haftada Xitoy regulyatorlari 30 foizdan kam qurilgan data-markazlarga o‘rnatilgan barcha xorijiy AI chiplarni olib tashlashni buyurdi. Bu qadam – AQShning eksport cheklovlariga javob, shu bilan birga Pekin o‘ta muhim obektlarini «xorijiy texnologiyalardan tozalayotgani» nishonasidir.
Foto: Photoshot
Xitoy hukumati yangi yo‘riqnomani e’lon qildi: davlat mablag‘lari ajratilgan barcha yangi ma’lumot markazlari (data-center) loyihalari faqat mahalliy ishlab chiqarilgan sun’iy intellekt chiplaridan foydalanishi shart. Bu haqda masalaga yaqin ikki manba Reutersʼga ma’lum qilgan.
Xususan, so‘nggi haftada Xitoy regulyatorlari 30 foizdan kam qurilgan data-markazlarga o‘rnatilgan barcha xorijiy chiplarni olib tashlashni yoki ularni xarid qilish rejasini bekor qilishni buyurgan. Qurilishi yakunlanish arafasida bo‘lgan loyihalar esa alohida tartibda ko‘rib chiqiladi.
Nashrning yozishicha, bu qadam Pekinning o‘ta muhim infratuzilmalaridan xorijiy texnologiyalarni to‘liq chiqarib tashlash bo‘yicha eng qat’iy siyosati bo‘lishi mumkin. Ayni paytda Vashington bilan savdo tarangligi fonida Xitoyning AI chiplari bilan o‘z-o‘zini ta’minlash maqsadi kuchayib bormoqda.
Manbalarga ko‘ra, hozircha bu yo‘riqnoma butun mamlakat bo‘yicha amal qiladimi yoki ayrim provinsiyalar bilan cheklanganmi — noma’lum. Qaysi regulyator organlar uni chiqargani ham aniqlanmagan.
Reuters tahliliga ko‘ra, 2021 yildan beri Xitoydagi AI data-markaz loyihalariga 100 milliard dollardan ortiq davlat mablag‘i yo‘naltirilgan. Davlat tomonidan qisman moliyalashtirilgan ayrim loyihalar esa allaqachon to‘xtatib qo‘yilgan.
AQSh bilan raqobat fonida keskin qaror
AQSh va Xitoy o‘rtasida Nvidia kabi kompaniyalarning ilg‘or AI chiplariga kirish masalasi eng katta kelishmovchiliklardan biri bo‘lib qolmoqda. Bu chiplar sun’iy intellektni o‘qitish va yuqori hisoblash quvvatini yaratishda hal qiluvchi ahamiyatga ega.
AQSh prezidenti Donald Tramp o‘tgan hafta Xitoy rahbari Si Jinping bilan uchrashuvdan keyin «Biz ularni Nvidia bilan ishlashiga ruxsat beramiz, lekin eng ilg‘or chiplar darajasida emas», degandi.
Xitoyning yangi to‘sig‘i – Vashingtonning eksport cheklovlari va texnologik sanksiyalariga javob choralari sifatida qaralmoqda. AQSh bu cheklovlarni «Xitoy armiyasi yadro va AI salohiyatini kuchaytiradi» degan xavotir bilan asoslaydi.
Shu bilan birga, Pekinning yuqoridagi qarori Nvidia'ning Xitoy bozoridagi ulushini tiklash umidlarini so‘ndiradi. Ammo mahalliy kompaniyalarga yangi imkoniyatlar yaratadi.
Nvidia bosh direktori Jyensen Huang Tramp ma’muriyatiga ko‘p bora murojaat qilib, Xitoyga AI chiplari savdosini kengaytirishni so‘ragan. Chunki unga ko‘ra, «Xitoy AI sanoatini AQSh texnologiyalariga bog‘liq holda ushlab turish – Amerika manfaatiga xizmat qiladi».
Yo‘riqnoma AQSh tomonidan Xitoyga sotishga ruxsat berilgan eng ilg‘or model – Nvidia'ning H20 chiplarini qamrab oladi. Shuningdek, B200 va H200 kabi kuchliroq protsessorlarni ham. Garchi ularning eksporti taqiqlagan bo‘lsa-da, ular Xitoyda «kulrang bozor» orqali mavjud.
Davlat qatnashayotgan loyihalardan chiqib ketish, Nvidia kompaniyasining Xitoydagi daromadi katta qismining yo‘qotilishiga olib keladi. Hatto kelajakda ilg‘or chiplar savdosiga ruxsat berilsa ham.
Mahalliy kompaniyalar uchun imkoniyat va xavf
Yangi siyosat natijasida Xitoy hukumati mahalliy chip ishlab chiqaruvchilar uchun bozor ulushini yanada kengaytiradi. Mamlakatda Huawei Technologies, Cambricon, MetaX, Moore Threads va Enflame kabi kompaniyalar AI chip ishlab chiqarmoqda.
Ularning ayrim mahsulotlari Nvidiaʼning ayrim modellariga tenglashgan, biroq dasturiy ta’minot muhitidagi farq sababli ko‘plab ishlab chiquvchilar hali ham Nvidia tizimiga sodiq.
Bu qaror ichki chip ishlab chiqarishni kuchaytiradi, ammo AQSh bilan AI hisoblash quvvati bo‘yicha tafovutni yanada kengaytirish xavfini ham tug‘diradi.
Mavzuga oid
18:54 / 04.12.2025
Sirdaryo viloyatida Xitoy bilan hamkorlikda avtomobil ishlab chiqariladi
17:37 / 04.12.2025
Sirdaryodagi 9 ta tuman-shahar hokimlari Xitoyga yo‘l oladi
11:22 / 04.12.2025
Makron Pekinga keldi: Ukraina urushi va savdo mojarolari muhokama qilinadi
07:28 / 04.12.2025