Jahon | 22:03 / 07.11.2025
8492
9 daqiqa o‘qiladi

Birgina Mamdani emas: demokratlar yana qayerlarda g‘alaba qildi va bu nima uchun muhim?

Foto: Getty Images

5 noyabr kuni Nyu York merligi uchun saylovda Zohran Mamdani g‘alaba qozongani butun dunyo e’tiborini o‘ziga qaratdi. Musulmon, Falastin mustaqilligi tarafdori va demokrat-sotsialist bo‘lgan Mamdani AQSh saylovlaridagi eng yosh va eng ko‘p muhokamalar markazida turgan nomzod bo‘ldi. Ammo uning Tramp tomonidan qo‘llangan Endryu Kuomo ustidan qozongan g‘alabasi  demokratlarning bu saylovlardagi hayratomuz muvaffaqiyatining faqat bir qismi edi.

Payshanba kuniga kelib, demokratlar butun mamlakat bo‘ylab bir qator ishonchli g‘alabalarga erishgani ma’lum bo‘ldi – eng ko‘zga ko‘ringan saylov kampaniyalaridan tortib, unchalik mashhur bo‘lmagan mahalliy saylovlargacha. Bir yil oldin saylovchilar ovozi o‘ng qanotga siljigan okruglar bu yil yana yo‘nalishni o‘zgartirdi. Politico nashri ma’lumotlariga ko‘ra, ekzitpollar demokratlar oliy ma’lumotga ega bo‘lmagan saylovchilar orasida ham o‘z ko‘rsatkichlarini yaxshilashga muvaffaq bo‘lganini ko‘rsatgan.

Demokratik partiya nomzodlari Nyu Jyersi va Virjiniyadagi gubernatorlik saylovlarida katta farq bilan g‘alaba qozonib, Kamala Harrisning bir yil avval Tramp bilan to‘qnashuvdagi natijalarini sezilarli darajada ortda qoldirdi.

«Virjiniya aholisi va butun mamlakat bo‘ylab saylovchilar Tramp ma’muriyatiga nisbatan g‘azablarini baland ovozda va shubhasiz e’lon qilishdi. Demokratlarda davomat rekord darajada bo‘ldi va bu kelgusi yilda nimalarni kutishimiz kerakligini ko‘rsatadi», – dedi Demokratik partiyaning siyosiy strategi, Virjiniya vitse-gubernatori nomzodining saylovoldi kampaniyasi ustida ishlagan Kristina Froyndlix Politico nashriga.

Virjiniya

Virjiniya shtatida Demokratik partiyadan gubernatorlikka nomzod, Vakillar palatasining sobiq a’zosi Abigeyl Spanberger g‘alabani oilasi bilan nishonlamoqda. Richmond, 2025 yil 4 noyabr.

Hududiy saylov natijalari azaldan oraliq va prezidentlik saylovlari oldidan barometr hisoblanadigan Virjiniyada demokratlar Vakillar palatasidagi 13 ta o‘rinni respublikachilardan tortib olishdi, bu bilan so‘nggi 40 yil ichida eng katta farqni yuzaga keltirishdi.

«Virjiniyadagi bugungi saylovlar haqiqiy siyosiy zilzila bo‘ldi», – dedi Demokratik partiyaning qonunchilik kampaniyasini o‘tkazish qo‘mitasi prezidenti Hizer Uilyams Guardian nashriga.

Gubernatorlik saylovlarida demokrat, sobiq kongressmen va Markaziy razvedka boshqarmasining sobiq xodimi Abigeyl Spanberger g‘alaba qozondi. U bu shtatda ilk ayol gubernatorga aylandi.

Politico nashri yozishicha, Spemberger shaharlarning chekka hududlarida eng ko‘p ovozga ega bo‘lgan. Aynan shunday hududlar bir paytlar demokratlarning Donald Trampga qarshilik ko‘rsatish tayanchi bo‘lgan, biroq Jo Bayden davrida Respublikachilar partiyasi tomon siljiy boshlagandi.

Vitse-gubernatorlik lavozimini uning demokrat hamkasbi G‘azal Hashmi egalladi va u Amerika tarixida shtat darajasidagi saylovlarda g‘alaba qozongan birinchi musulmon bo‘ldi.

«Ushbu g‘alabaga ushbu mamlakat va bizning shtatimiz taqdim etayotgan imkoniyatlar ko‘lami tufayli erishdik», – dedi Hashmi o‘z nutqida.

Bosh prokurorlik poygasida esa demokrat Jyey Jons g‘olib chiqdi. Holbuki u saylovoldi kampaniyasining so‘nggi bosqichida OAVda siyosatchining tajovuzkor SMS xabarlari tarqalgach, mojaroga aralashib qolgandi. Ushbu yozishmalarda Jons agar Hitler, Pol Pot va o‘zining respublikachi raqibi Todd Gilbert o‘rtasida uchta o‘qni kimga sarflash bo‘yicha tanlov qilishga to‘g‘ri keladigan bo‘lsa, ulardan ikkitasini Gilbert olishi haqida hazil qilgandi.

Kaliforniya

Kaliforniya gubernatori Gevin Nyusom: «Biz Trampning telbaligi qarshisida chekinmadik»

Kaliforniyada saylovchilar shtat konstitutsiyasiga kiritilgan tuzatishni ma’qulladi, bu tuzatish okrug chegaralarini o‘zgartirishga imkon berib, 2026 yilgi saylovlarda demokratlarga AQSh Vakillar palatasida qo‘shimcha beshta o‘rin olishga yordam beradigan yangi xaritani joriy etadi.

Ushbu tuzatish uchun ovoz berish yozda Vashingtonda qo‘shimcha beshta o‘rin olish umidida o‘z okruglari chegaralarini o‘zgartirgan Texas shtatiga Kaliforniyaning javobi bo‘ldi.

Avvalroq Donald Tramp respublikachi shtatlar 2026 yilgi saylovlardan keyin partiya AQSh Kongressi Vakillar palatasi ustidan to‘liq nazoratni ta’minlashi uchun o‘z okruglari chegaralarini o‘zgartirishini talab qilgandi.

«Biz Trampning telbaligi qarshisida ortga chekinmadik va bugun, uyg‘onib, irillagan „ayiq“ kabi uyg‘onganimizdan so‘ng – navbatdan tashqari saylovlarda misli ko‘rilmagan faollik va tarixiy natijaga guvoh bo‘ldik», – dedi Kaliforniya gubernatori Gevin Nyusom demokratlarning Sakramentodagi shtab-kvartirasida so‘zlagan nutqida. Qabul qilingan tuzatishning asosiy tashabbuskori aynan u hisoblanadi.

AQSh Vakillar palatasi har ikki yilda bir marta saylanadigan 435 nafar qonun chiqaruvchidan iborat. Ularning har biri o‘z okrugi manfaatlarini ifodalaydi, okrug chegaralari esa shtatning o‘zida belgilanadi. Saylov okruglari chegaralarini aynan kim va qanday belgilashiga bu okrugda qaysi partiya – demokratlar yoki respublikachilar ustunlikka ega bo‘lishi ko‘p jihatdan bog‘liq.

Bu amaliyot (uning o‘ziga xos nomi bor – jyerrimendering) shunga olib keladiki, ko‘pchilik okruglarda ikki partiyadan birining imkoniyati mutlaq yuqori bo‘ladi; faqat okruglarning kichik qismida demokratlarda ham, respublikachilarda ham g‘alaba uchun teng imkoniyat saqlanib qoladi.

Shtatlar har 10 yilda bir marta AQSh aholini ro‘yxatga olish ma’lumotlari asosida okruglarni qayta taqsimlashi shart, oxirgisi 2020 yilda o‘tkazilgan. O‘n yilliklar o‘rtalarida okruglarni qayta taqsimlash odatiy hol emas va odatda partiya nazoratining o‘zgarishi bilan bog‘liq bo‘ladi.

Pensilvaniya

Pensilvaniyada saylovchilar shtat Oliy sudining Demokratik partiyadan saylangan uch nafar sudyasi vakolatlarini saqlab qolish uchun ovoz berishdi, konservator milliarder Jyeff Yass shtat sudidagi siyosiy muvozanatga ta’sir o‘tkazishga bo‘lgan urinishlari behuda ketdi. Bundan tashqari, apellyatsiya va ma’muriy sudlarga qo‘shimcha saylovlarda ham demokratlar g‘alaba qozongan.

Pensilvaniyaning Baks okrugida (bir yil oldin Tramp bu yerda minimal ustunlik bilan g‘alaba qozongandi) demokratlar barcha asosiy saylovlarda ustunlikka erishishdi, birinchi marta demokrat nomzodni okrug prokurori etib saylashdi va amaldagi respublikachi sherifni ishdan bo‘shatishdi.

Boshqa g‘alabalar

Demokratlar so‘nggi 50 yil ichida birinchi marta Nyu York shtatining Sirakuza shahrini o‘z ichiga olgan Onondaga okrugi qonun chiqaruvchi organi ustidan nazoratni qo‘lga kiritdi. Shimoliy Karolina shtatining Sharlotta shahrida esa 1999 yildan beri birinchi marta shahar kengashidagi o‘rinlardan biri respublikachilardan demokratlarga o‘tdi.

Deyarli yigirma yil ichida birinchi marta demokratlar Jorjiya shtatida g‘alaba qozonishdi: ularning ikki nomzodi Davlat xizmatlari komissiyasiga saylovda g‘alaba qozonib, respublikachilarning o‘rnini tortib olishdi.

NBC News’ning ekzitpollariga ko‘ra, demokratlar obro‘sini tiklash uchun kurashishda davom etmoqda: Virjiniya, Nyu Jyersi va Kaliforniyada saylovchilarning aksariyati Demokratik partiyaga salbiy munosabatda. Shunga qaramay, Politico ta’kidlaganidek, bu saylov natijalari partiyaga yil davomida yetishmagan yangi kuch va qat’iyatni ta’minlashi mumkin.

«Shuni yodda tutish kerakki, oraliq saylovlar – hokimiyatda bo‘lmagan partiya bo‘yicha referendum emas, – dedi Demokratik partiya milliy qo‘mitasi raisi Ken Martin NPR’ga bergan intervyusida. – Demak, bu yerda bizning ko‘rsatkichlarimiz aslida ahamiyatga ega emas. Donald Trampning mashhurlik va ma’qullash darajasi hozir rekord darajada past... Respublikachilar partiyasiniki ham».

Mavzuga oid