Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
BMT XK Suriya rahbariyatidan sanksiyalarni olib tashladi: ash-Shar’a 10 noyabr kuni Vashingtonga boradi
AQSh taklif etgan rezolyutsiyani 14 davlat qo‘llab-quvvatladi, Xitoy betaraf qoldi. Hujjat suverenitet va hududiy yaxlitlikka hurmatni ta’kidlaydi. Ash-Shar’a Tramp bilan uchrashuvda IShIDga qarshi koalitsiyaga qo‘shilish kelishuvini imzolashi mumkin.
BMT Xavfsizlik kengashi Suriyaning o‘tish davri prezidenti Ahmad ash-Shar’a va mamlakat ichki ishlar vaziri Anas Hattabni IShID va “Al-Qoida”ga oid xalqaro sanksiyalar ro‘yxatidan chiqardi. Mos bayonot 6 noyabr kuni BMT saytida e’lon qilindi.
AQSh taklif etgan rezolyutsiya uchun Xavfsizlik kengashi a’zolaridan 14 nafari (Rossiyani ham qo‘shgan holda) ovoz berdi, Xitoy betaraf qoldi. Hujjat matnida “Suriya Arab Respublikasining suvereniteti, mustaqilligi, hududiy yaxlitligi va milliy birligiga to‘la hurmat” ta’kidlangan.
Dpa agentligiga ko‘ra, Buyuk Britaniya, Rossiya, Fransiya va Pokiston vakillari bu qarorni Suriya iqtisodiy tiklanishi yo‘lida muhim qadam deb atadi. Suriya hokimiyati esa sanksiyalarning bekor qilinishini mamlakatning yangi rahbariyatiga nisbatan “ishonchning ortishi” va xalqaro hamjamiyatga qayta integratsiya imkoniyati sifatida baholadi.
10 noyabr kuni Suriya prezidenti Vashingtonga ilk tashrifini amalga oshirishni rejalashtirmoqda. AQSh prezidenti Donald Tramp bilan uchrashuvda u AQSh boshchiligidagi IShIDga qarshi koalitsiyaga qo‘shilish to‘g‘risidagi kelishuvni imzolashi kutilmoqda. Reuters qayd etganidek, XK sanksiyalarni bekor qilish bo‘yicha ovoz bermagan taqdirda ham bu tashrif amalga oshishi mumkin edi — chunki BMT XK sanksiyalar qo‘mitasi avvalroq Suriyaning vaqtinchalik hukumati rahbariga safar ruxsatnomalarini bergan.
Qo‘shma Shtatlar so‘nggi bir necha oy davomida XK a’zolarini Suriyaga nisbatan sanksiyalarni yumshatishga chaqirib keldi. May oyida Tramp Vashingtonning Suriyaga nisbatan siyosatini jiddiy o‘zgartirganini e’lon qilib, AQSh joriy etgan iqtisodiy cheklovlarni bekor qilishini aytgan edi.
Ash-Shar’a 2024 yil oxirida Bashar Asadni ag‘darishidan oldin Abu Muhammad al-Jo‘laniy nomi bilan tanilgan. U shu nomda 2003 yilda AQSh boshchiligidagi xalqaro koalitsiya kuchlariga qarshi kurashgan. 2006 yilda AQSh harbiylari tomonidan qo‘lga olingan va besh yilni Iroq turmalarida o‘tkazgan.