Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Tramp MO davlatlari yetakchilari bilan sammitni «ajoyib yangi munosabatlarning» boshlanishi deb atadi
Amerika yetakchisining so‘zlariga ko‘ra, C5+1 uchrashuvi chog‘ida AQSh mintaqa davlatlari bilan «ko‘p milliard dollarlik tijoriy kelishuvlar» tuzgan.
C5+1 sammiti «AQSh va Qozog‘iston, O‘zbekiston, Tojikiston, Qirg‘iziston va Turkmaniston o‘rtasidagi ajoyib yangi munosabatlarni» boshlab berdi. Bu haqda AQSh prezidenti Donald Tramp Truth Social ijtimoiy tarmog‘ida yozdi.
«Men Oq uyda beshta ajoyib davlat prezidentlari - Qosim-Jo‘mart To‘qayev (Qozog‘iston), Shavkat Mirziyoyev (O‘zbekiston), Emomali Rahmon (Tojikiston), Sadir Japarov (Qirg‘iziston) va Serdar Berdimuhamedov (Turkmaniston) bilan sammit o‘tkazish sharafiga muyassar bo‘ldim.
O‘ttiz yil davomida o‘tmishdoshlarim Markaziy Osiyoning bu mamlakatlariga yetarlicha e’tibor bermadi. Endi Yevropa, Osiyo va Yaqin Sharq chegarasida joylashgan va muhim minerallar, uglevodorodlar va insoniy iste’dodlarning katta zaxiralariga ega bo‘lgan ushbu strategik muhim mintaqa yetakchilari bu jarayonda to‘liq ishtirok etish niyatida bo‘lgan AQSh prezidentiga ega!», deb yozdi Tramp.
Uning ta’kidlashicha, C5+1 sammiti davomida AQSh mintaqa davlatlari bilan «aviatsiya, muhim minerallarni qazib olish, qishloq xo‘jaligi, temir yo‘llar, avtomobilsozlik va texnologiyalar kabi sohalarda AQShda o‘n minglab ish o‘rinlarini yaratishga imkon beradigan ko‘p milliard dollarlik tijorat kelishuvlari»ni imzolagan.