Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
«Urush tahdidi qarshisida» turgan Venesuela Rossiyadan samolyot va raketalar so‘radi
Amerika mediasi AQSh zarba yo‘llashga tayyorligi haqida yozgan.
Venesuela prezidenti Nikolas Maduro oktyabr oyida RF prezidenti Vladimir Putinga xat yozib, Venesuela havo hujumidan mudofaasini kuchaytirishni, jumladan, Rossiyaning Su-30 rusumli bir necha qiruvchi samolyotini tuzatib berishni so‘ragan. Bu haqda The Washington Post gazetasi Amerika hukumatining ichki hujjatlariga asoslangan holda xabar tarqatdi.
Mazkur hujjatlarga ko‘ra, Maduro o‘z maktubida Venesuela oldinroq Rossiyadan xarid qilgan Su-30 qiruvchi samolyotlari – «urush tahdidi qarshisida Venesuela milliy hukumati ega bo‘lgan eng muhim tiyib turish vositasi» ekanini qayd etgan.
Xuddi shu xatda Maduro Putindan Rossiya beshta radiolokatsiya stansiyasini to‘liq modernizatsiya qilishda yordam ko‘rsatishni, 14 ta raketa kompleksini sotishni hamda logistika bo‘yicha ko‘maklashishni so‘ragan. Bundan tashqari, Venesuela rahbari Moskvadan mudofaa sanoatiga mas’ul bo‘lgan «Rostex» davlat korporatsiyasi orqali uch yillik moliyalashtirish so‘ragan, hujjatda so‘ralgan mablag‘ miqdori ko‘rsatilmagan. Kremldagilar bu xat yuzasidan izoh berishdan bosh tortgan.
Venesuela oldingi prezident Ugo Chaves (1999-2013) davrida Rossiya qurollarini, jumladan, tanklar, Su-30 qiruvchilari hamda «yer-havo» sinfidagi raketalarni faol ravishda sotib olishga kirishgandi. Sotib olingan qurollarning katta qismi nosoz yoki eskirgan, deydi Venesuela qurolli kuchlari holatidan yaxshi xabardor bo‘lgan tahlilchilar va manbalar WP nashriga.
Venesuelalik sobiq harbiy mulozimlardan biri anonimlik sharti bilan aytishicha, 2018 yilga kelib Venesuelada jangovar shay holatdagi Su-30 qiruvchi samolyotlari soni beshta ham chiqmasdi (Chaves prezidentligi davrida Rossiyadan jami 21 ta Su-30 qiruvchisi yetkazib berilgan). Ushbu manba Chaves Rossiyadan vertolyotlar va raketalar ham sotib olgani, ammo ulardan ko‘pchiligi eskirgan va real xavf tug‘dira olmaydigan holatda bo‘lganini qo‘shimcha qilgan. «Shunchaki chiqindi», – deya qurollarning holatini tasvirlagan u.
Shu bilan birga, The Washington Post nashrining ta’kidlashicha, oktyabr oyida Maduro harbiylar Venesuela bo‘ylab Rossiyaning besh mingta «Igla-S» ko‘chma zenit-raketa tizimlarini joylashtirganini aytgan.
Aleksey Nikolskiy / RIA Novosti / Sputnik / Profimedia
AQSh hukumati hujjatlarida Nikolas Maduro Xitoy va Erondan ham harbiy yordam so‘ragani aytiladi. Xitoy rahbari Si Jinpingga yo‘llagan maktubida u «AQSh va Venesuela o‘rtasidagi mojaroning keskinlashuvi»ga qarshi turish uchun ikki davlatning «harbiy hamkorligini kengaytirish»ni so‘ragan. Xususan, Maduro Xitoy rasmiylaridan Xitoy kompaniyalari radiolokatsion aniqlash tizimlarini ishlab chiqarishni tezlashtirishini so‘raydi.
AQSh tomoni ma’lumotlariga ko‘ra, Venesuela transport vaziri Ramon Selestino Velaskes yaqinda Erondan harbiy texnika va dronlar yetkazib berish bo‘yicha ishlarni muvofiqlashtirmoqda, u yaqin vaqtlar ushbu mamlakatga tashrif buyurishni rejalashtirgan. Vazir Eron rasmiysiga Venesuelaga «passiv aniqlash uskunalari», «GPS tovush so‘ndirgichlari» va «deyarli 1000 kilometr masofaga uchadigan dronlar» kerakligini aytdi, deyiladi hujjatlarda.
Amerika nashrlari AQSh Venesuela bo‘ylab zarbalar berishga chog‘lanayotgani haqida yozgan. Vashington Karib dengizidagi harbiy kuchlarini ko‘paytirmoqda
Venesuela prezidentining ittifoqchilarga yordam so‘rab yuzlanishi AQSh tomonidan tahdid kuchayib borishi fonida ro‘y bermoqda. Amerikalik harbiylar sentabr oyidan beri Venesuela qirg‘oqlaridan yo‘lga chiqqan va giyohvand moddalar savdosi bilan shug‘ullanishi aytilgan kemalarga o‘ndan ortiq zarba berdi. Zarbalar oqibatida jami 61 kishi halok bo‘lgan. AQSh hukumati mazkur kemalar giyohvand moddalar savdosiga aloqadorligi bo‘yicha hech qanday dalil keltirmagan, Maduroning o‘zi esa bunday aloqani rad etgan.
Bu fonda AQSh Karib dengizida harbiy mavjudligini kuchaytirmoqda, masalan, hududga AQSh harbiy-dengiz kuchlarining 75 dan ortiq samolyotidan iborat aviatsiya guruhiga ega bo‘lgan eng yirik va zamonaviy Jerald R. Ford aviatashuvchisi yuborildi.
The Wall Street Journal gazetasi ma’lumotiga ko‘ra, prezident Donald Tramp ma’muriyati Venesuelada zarba berish uchun nishonlarni belgilab olgan. Ular orasida – harbiy obektlar, jumladan, harbiy portlar va uchish-qo‘nish yo‘laklari ham bor. The Miami Herald gazetasi yozishicha, bu obektlardan go‘yoki Cartel de los Soles narkokarteli giyohvand moddalar kontrabandasida foydalanadi, AQShdagilar fikricha, bu kartelga shaxsan Nikolas Maduro rahbarlik qiladi.
The Wall Street Journal 30 oktyabr kuni e’lon qilingan maqolasida yozishicha, Tramp hozircha zarba yo‘llash bo‘yicha yakuniy qarorga kelmagan. Ko‘p o‘tmay Donald Tramp Venesuela bo‘ylab zarba berish rejalashtirilmayotganini aytib chiqdi. «Yo‘q, bu to‘g‘ri emas», – dedi AQSh prezidenti jurnalistning Venesuela bo‘ylab zarba berish ehtimoli haqidagi savoliga javoban.
Rossiya – Maduroning asosiy umidi. Ammo Moskva endi Karakasni qo‘llashdan manfaatdor emas
The Washington Post nashri yozishicha, Rossiya «Maduroning asosiy tayanchi bo‘lib qolmoqda». Nashr ma’lumotlariga ko‘ra, 26 oktyabr kuni Il-76 rusumli harbiy-transport samolyoti Karakasga uchib kelgan, u 2023 yilda qurol savdosi va yollanma askarlarni tashishda ayblanib, AQSh sanksiyalariga uchragan. Samolyot Venesuela poytaxtiga g‘arbiy havo kengligini aylanib o‘tish uchun Afrika ustidan to‘g‘ridan to‘g‘ri yo‘nalish bo‘ylab uchib kelgan. Unda nima olib kelingani noma’lum.
Bir kun oldin Moskva Karakas bilan yangi strategik shartnomani ratifikatsiya qilgandi. Shu bilan birga, The Washington Post savollariga javob bergan ekspertlar fikricha, Rossiya AQSh bilan ehtimoliy mojaroda Maduroni qo‘llab-quvvatlashdan o‘tgan yillardagiga qaraganda kamroq manfaatdor. Ukrainadagi urush bilan band bo‘lgan va Lotin Amerikasining boshqa davlatlari bilan yaqinroq hamkorlik qilishga intilayotgan Moskva so‘nggi yillarda Venesuelaga bo‘lgan qiziqishini asta-sekin kamaytirdi va hozirgi inqiroz fonida hech narsa qo‘llab-quvvatlashni kuchaytirganidan dalolat bermayapti, deb yozadi gazeta.
Nashrning fikricha, Vashington va Karakas o‘rtasidagi qarama-qarshilik Rossiya uchun foydali bo‘lishi mumkin, chunki u AQShning e’tiborini Yevropadan chalg‘itadi. «Biz [AQSh] dengiz kuchlarining 10 foizdan ortig‘ini Karib dengiziga tashlaganimiz qaysidir ma’noda Putin uchun g‘alaba bo‘ldi», – deydi AQShning Venesueladagi sobiq elchisi va Global Frontier Advisors geosiyosiy konsalting kompaniyasi asoschilaridan biri Jyeyms Stori.
Andrea de Silva / Reuters / Scanpix / LETA
Shu bilan birga, Venesueladagi rejim o‘zgarishi Moskva uchun jiddiy zarba bo‘ladi, chunki u o‘zining asosiy ittifoqchilaridan birini yo‘qotadi, deb yozadi WP. Bundan tashqari, bu Rossiyaning uzoq yillik ittifoqchisi bo‘lgan Kubaning zaiflashishiga olib keladi, kuzatuvchilar fikricha, u Vashington ro‘yxatidagi keyingi davlatga aylanishi mumkin.
Ayrim ekspertlar Rossiya Maduroni qo‘llashiga shubha bilan qaramoqda. Hatto Rossiya va Venesuela o‘rtasidagi hamkorlik shartnomasida ham haqiqiy harbiy majburiyatlar yo‘q, faqat «mudofaa sohasidagi aloqalarni yaxshilash» taklifi bor, deydi tarix fanlari doktori, «Lotin Amerikasi» jurnali bosh muharriri Viktor Xeyfes. «Rossiya [AQSh operatsiya boshlagan holatda] biror narsa qiladimi? Menimcha, bu Rossiya rasmiylarining yaqin kelajakdagi rejalariga kirmaydi», – deb hisoblaydi u.
Mavzuga oid
22:26 / 07.06.2026
Boshlovchi bilan aytishib ketgan Tramp intervyuni to‘xtatdi
20:25 / 07.06.2026
Tramp Xominaiy bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri muzokaralarga tayyorligini bildirdi
14:20 / 06.06.2026
Tramp Netanyahudan nega norozi?
22:15 / 05.06.2026