Jahon | 21:01 / 11.11.2025
22922
2 daqiqa o‘qiladi

Turkiya harbiy samolyoti Ozarboyjondan qaytishda qulab tushdi

Uning bortida 20 nafar harbiy xizmatchi bo‘lgan.

Foto: Dominika Zarzycka/SOPA Images/LightRocket via Getty Images

Turkiyaning Ozarboyjondan qaytib kelayotgan C-130 harbiy-transport samolyoti Gurjiston hududida halokatga uchradi. Turkiya mudofaa vazirligi bu xabarni tasdiqlab, samolyot bortida 20 nafar turkiyalik harbiy xizmatchi, jumladan, ekipaj a’zolari bo‘lganini ma’lum qilgan.

Turkiya mudofaa vazirligiga ko‘ra, Gurjiston rasmiylari bilan hamkorlikda qidiruv-qutqaruv amaliyoti olib borilmoqda.

Gurjiston IIV ma’lumotiga ko‘ra, samolyot Ozarboyjon bilan chegaradan taxminan besh kilometr masofada, Signaxi munitsipaliteti hududida qulab tushgan.

Katta ehtimol bilan, hodisa oqibatida hech kim omon qolmagan.

Mamlakat ichki ishlar vazirligi bayonotida aytilishicha, samolyot halokat signallarini yubormagan va Gurjiston havo hududiga kirganidan bir necha daqiqa o‘tib radarlardan g‘oyib bo‘lgan.

Signaxi munitsipaliteti, Gurjiston. Halokat joyida tutun ko‘tarilgan

Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘an Anqaradagilar samolyot halokati haqidagi xabardan «chuqur qayg‘uda» ekanini aytdi.

Ozarboyjon prezidenti Ilhom Aliyev ham hamdardlik bildirib, samolyot Ozarboyjonning Ganja shahridan uchganini ma’lum qildi.

Turkiya ichki ishlar vaziri Ali Yerliqoya hodisa munosabati bilan hamdardlik bildirib, Turkiyaning NSosyal ijtimoiy tarmog‘ida halokatni gurjistonlik hamkasbi Gela Geladze bilan telefon orqali muhokama qilganini aytdi, uning so‘zlariga ko‘ra, u ham voqea joyiga yo‘l olgan.

Hodisa sabablari hozircha ma’lum emas.

Uch davlat rasmiylari birgalikda qidiruv-qutqaruv ishlarini olib bormoqda.

Lockheed C-130 Hercules – o‘rta va uzoq masofali harbiy transport samolyoti. U Amerikaning Lockheed Martin kompaniyasi tomonidan ishlab chiqarilgan.

Samolyot to‘rtta turbovintli dvigatelga ega bo‘lib, u harbiy yuklarni, shaxsiy tarkibni tashish, shuningdek, evakuatsiya qilish uchun mo‘ljallangan.

S-130 gruntli va yetarlicha qisqa uchish-qo‘nish yo‘laklaridan foydalanishi mumkin.

Mavzuga oid