Jahon | 21:13 / 12.11.2025
4874
3 daqiqa o‘qiladi

Dunyo okeanidagi tankerlarda milliard barrel neft to‘planib qoldi – OAV

Bu ko‘p jihatdan sanksiyalar ostidagi Rossiya, Venesuela va Erondan tashilgan neft hajmining o‘sishi hisobiga ekani ta’kidlanmoqda, ba’zi davlatlar neft ortilgan bunday tankerlarni qabul qilishdan bosh tortyapti.

Foto: Bloomberg

Dunyo okeanidagi tankerlarda taxminan milliard barrel neft to‘planib qoldi. Avgust oyi oxiridan buyon bu ko‘rsatkich o‘sdi - ko‘p jihatdan sanksiyalar ostidagi Rossiya, Venesuela va Erondan tashilgan neft hajmining o‘sishi hisobiga, deb yozdi Bloomberg agentligi kemalarni kuzatuvchi Vortexa, Kpler va OilX ma’lumotlariga tayanib.

Agentlik ma’lumotlariga ko‘ra, yoz oxiridan beri jahon okeanidagi tankerlardagi neft hajmi sezilarli darajada oshgan - o‘sishning 40 foizgacha qismini Rossiya, Venesuela va Eron nefti (yoki kelib chiqishi noaniq neft) ta’minlagan.

Agentlik tahlillariga ko‘ra, tankerlarda to‘plangan neftning asosiy qismi Rossiyadan. Uning dengiz yuklari so‘nggi haftalarda oshdi, chunki Rossiya, birinchidan, OPeK davlatlari bilan kelishuvga ko‘ra neft qazib olishni ko‘paytirmoqda, ikkinchidan, Ukrainaning neftni qayta ishlash zavodlariga hujumlaridan qo‘rqib, neftning bir qismini eksport terminallariga yo‘naltirgan bo‘lishi mumkin.

Shu bilan birga, sanksiyalar tufayli ba’zi davlatlar o‘z portlarida neft ortilgan tankerlarni qabul qilishdan bosh tortgani, Rossiya nefti ortilgan kemalar esa huquqiy noaniqliklar tufayli langar tashlashga majbur bo‘layotgani sababli neft dengizda tankerlarda qolib ketyapti.

Shunday qilib, avgust oyining oxiridan boshlab dunyoda tankerlardagi Rossiya nefti hajmi keskin oshdi. Oktyabr oyi oxiriga kelib, u qariyb 390 million barrelga yetdi, deb yozadi agentlik.

Clarksons Securities tahlilchilari, shuningdek, bunday neft hajmining o‘sishini G‘arb sanksiyalarining kuchaytirilishi bilan bog‘lamoqda, buning natijasida Rossiya nefti portlardan jo‘natilmayapti.

Shu bilan birga, tankerlarda neftning dengizda to‘planib qolishi uning hech qachon sotilmasligini anglatmaydi, deb ta’kidlaydi agentlik. Biroq, uning talab qilinmagan hajmining o‘sishi kelgusi oylarda neft narxlari dinamikasiga ta’sir qilishi mumkin, deb hisoblaydi treyderlar.

Mavzuga oid