Jahon | 21:26 / 13.11.2025
1998
4 daqiqa o‘qiladi

Tramp ma’muriyati saraton va semizlikni viza berishni rad etish sabablari sifatida ko‘rsatdi

AQSh Davlat departamenti saraton, semizlik, qandli diabet va boshqa kasalliklarni ariza beruvchiga moliyaviy yordam kerak bo‘lishi mumkinligidan xavotirlanib, viza berishni rad etish uchun omillar ro‘yxatiga kiritdi. Oq uy bunday kasalliklarga ega odamlarni «ehtimoliy tashvish» deb hisoblamoqda.

Foto: Shutterstock

Vashington xorijliklarga viza berish rad etilishi mumkin bo‘lgan sabablar ro‘yxatiga saraton, semizlik, yurak kasalliklari va diabetni kiritdi. Davlat departamenti 6 noyabr kuni butun dunyo bo‘ylab AQSh diplomatik vakolatxonalariga shunday ko‘rsatma yubordi, deb yozdi The Washington Post hujjat matniga tayanib.

Rahbariyat viza xizmatlariga ariza beruvchilarni bir nechta yangi sabablarga ko‘ra, jumladan, yoshi yoki davlat nafaqalariga umid qilishi mumkinligi ehtimoli tufayli AQShga kirish huquqiga ega emas deb hisoblashni buyuradi.

«Siz ariza beruvchining sog‘lig‘ini hisobga olishingiz kerak. Ba’zi tibbiy holatlar, jumladan, yurak-qon tomir kasalliklari, nafas olish yo‘llari kasalliklari, saraton, qandli diabet, metabolik kasalliklar, nevrologik kasalliklar va ruhiy kasalliklar yuz minglab dollarlik davolanishni talab qilishi mumkin», deyiladi hujjatda.

Davlat departamenti viza berishda semizlikni ham hisobga olishni tavsiya qiladi, chunki u astma, uyqu paytida apnoe (nafas olishning to‘xtashi), yuqori qon bosimi va klinik depressiyani yuzaga keltirishi mumkin.

Davlat departamentining ushbu murojaati haqida birinchi bo‘lib KFF Health News nashri xabar berdi. Uning yozishicha, sog‘lig‘i yoki yoshi bilan bog‘liq muammolar tufayli arizachilar «jamiyat uchun to‘siq» bo‘lishi, bu AQSh resurslarining kamayishiga olib kelishi mumkin. KFF nashriga ko‘ra, sog‘liqni umumiy baholash shundoq ham Amerika vizasiga ariza berish jarayonining bir qismi bo‘lib, sil kabi yuqumli kasalliklar skriningi va emlash ma’lumotlarini o‘z ichiga oladi.

Shuningdek, qo‘llanmada vizalarni berishda ariza beruvchining AQShda bo‘lishi kutilayotgan davrda davolanish uchun mablag‘lari bor-yo‘qligini tekshirish kerakligi, davlatdan pul yordami yoki budjet hisobidan ixtisoslashtirilgan muassasaga yotqizish uchun murojaat qilmaslik kerakligi aytilgan.

Davlat departamentining yuqori martabali amaldorining Washington Post nashriga ma’lum qilishicha, ushbu maktub departamentning siyosiy rahbariyati tomonidan tayyorlangan va odatda soha mutaxassislari tomonidan baholanadigan oddiy kanallar orqali tekshiruvdan o‘tmagan. WP ta’kidlashicha, Davlat departamenti viza olish uchun arizani ko‘rib chiqishda ariza beruvchining qaramog‘ida bo‘lgan shaxslar, bolalar yoki keksa ota-onalar soni va ularning «alohida ehtiyojlari» yoki nogironligi borligini hisobga olishga chaqiradi.

Immigratsiya bo‘yicha advokat Vik Goelning gazetaga ma’lum qilishicha, yangi qoidalar ham immigratsion, ham noimmigratsion vizalarga taalluqli.

Oq uy matbuot kotibi Anna Kellining aytishicha, Davlat departamentining 100 yillik siyosati «soliq to‘lovchilar uchun moliyaviy yuk bo‘lishi mumkin bo‘lgan ariza beruvchilarga» viza berishni rad etish vakolatini o‘z ichiga oladi.

«Prezident Tramp ma’muriyati nihoyat bu siyosatni to‘liq amalga oshirmoqda va amerikaliklarni birinchi o‘ringa qo‘ymoqda», deb WP uning so‘zlarini keltiradi.

Oq uyga qaytganidan beri Tramp immigratsiya siyosatini, jumladan, viza berish qoidalarini kuchaytirmoqda.

1 oktyabrdan boshlab Vashington noimmigratsion viza oluvchilar uchun qo‘shimcha viza yig‘imini joriy qildi. Joriy moliya yilida (2025 yil oktyabrdan 2026 yil oktyabrgacha) yig‘im miqdori kamida 250 dollarni tashkil etadi.

Сардор Юсупов
Tayyorlagan Сардор Юсупов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid