Jamiyat | 19:55 / 14.11.2025
15706
5 daqiqa o‘qiladi

"Pul g‘ururdan ustun emas" - Wizz Air kamsitgan o‘zbekistonlik aviakompaniyaning kompensatsiyasini rad etdi

Kun.uz bundan bir necha oy avval Wizz Air’ni diskriminatsiyada ayblagan yurtdoshimiz Suhrob Ubaydullayev bilan suhbat e’lon qilgandi. Gitarasi sindirilgani uchun qo‘shiq kuylab, United Airlines aviakompaniyasini sharmanda qilgan kanadalik qo‘shiqchi Deyv Kerroll ham yaqinda Suhrob bilan klip e’lon qildi. Ma’lum bo‘lishicha, Wizz Air aloqaga chiqib, 120 ming yevro kompensatsiya taklifini bergan, biroq yigit buni rad etgan.

Bundan 2 yil avval Rimdan Abu-Dabi orqali Samarqandga chipta olgan Suhrob hech qanday tushuntirish va sabablarsiz samolyotga chiqarilmagan. Voqea tafsilotlarini u Kun.uz bilan suhbatda batafsil aytib bergan edi.

Gitarasini sindirgani uchun qo‘shiq aytib, butun dunyoga United Airlines kompaniyasini sharmanda qilgan kanadalik san’atkor Deyv Kerroll ham yaqinda Suhrob uchragan voqeaga atab qo‘shiq kuyladi.

Ma’lum bo‘lishicha, aynan  shu klipni suratga olishda 100 dan ortiq odam qatnashgan. Suhrob o‘zbekistonlik bo‘lgani uchun Kanada bilan uni bog‘lovchi nuqta kerak edi. Qo‘shiqchi Kerroll esa klip sahnalaridan birini stadionda olib, bu bilan O‘zbekistonning jahon chempionatiga chiqqan jamoasini eslatmoqchi bo‘lgan. Suhrob qo‘shiqchi bilan uchrashish uchun 40 kun harakat qilgan, ikki marta Kanadaga borib kelgan. 

Deyv Kerroll Wizz Air aviakompaniyasi rostdanam bu yurtdoshimizga nisbatan diskriminatsiya qilgan-qilmaganini yuristlari bilan tekshirdi. Qo‘shiqchi mendan hech nimani yashirmasligimni, boricha aytishimni so‘radi. Avvaliga ishonmadi, tekshirib chiqqach, yordam berishga qaror qildi”, - deydi Suhrob Ubaydullayev. 

U Kanadaga borishidan avval britaniyalik advokatlarga murojaat qiladi. O‘shanda Wizz Air aviakompaniyasi bo‘layotgan qog‘ozbozliklardan xabar topib, aloqaga chiqadi. Yigitdan qaytib shikoyat qilmaslikni, jim yurishini so‘rab, evaziga jami 120 ming yevro taklif qiladi. 

Londonda ekanimda menga qo‘ng‘iroq qilishdi. 120 ming yevro berishlari, evaziga esa hech qanday uzr so‘ramasdan, bundan buyog‘iga kompaniya haqida gapirib chiqmasligimni so‘rashdi. Men ustozlarim bilan maslahat qildim va buni rad etdim”, deydi Suhrob. 

Suhrob va Deyv Kerrollning klipi qariyb 100 ming kishi tomonidan ko‘rilgan. Shu klipdan keyin Wizz Air’ning bozordagi aksiyalari narxi tushib bormoqda. Vaziyatga qanchalik bog‘liq-bog‘liq emas noma’lumki, lekin Wizz Air endi biznes klass o‘rindiqlari bo‘lishi haqida ham e’lon berdi. Vaholanki, qo‘shiqchi o‘z asari nomini “Wizzness klassda uchmang” deb nomlagan. San’atkor bu aviakompaniyaning xizmatlari oddiy klassdan ham past demoqchi bo‘lib, “Wizness class” jumlasini ishlatgan.

Bu aviakompaniya samolyotlarida biznes klass yo‘q va bor o‘rindiqlar ham noqulayroq deb o‘ylayman. Aynan bizning musiqiy klipimizdan so‘ng Wizz Air endi o‘z bortlarida biznes o‘rindiqlar bo‘lishini ham e’lon qildi. Buni menga Deyv aytib, qo‘shig‘imiz ta’siri bo‘lishi mumkinligini qo‘shimcha qildi”, deydi Suhrob. 

Suhrob va Deyv Kerroll endi Wizz Air reaksiyasiga birgalikda javob berishadi. Kompensatsiya borasida ham kelishib qaror qiladigan bo‘lishgan.

Klip e’lon qilingan kunda Deyv Kerroll o‘zbek xalqiga murojaat qilib, bu musiqiy chiqishga befarq bo‘lmaslikni so‘radi. 

O‘zbekistonlik yangi do‘stim Suhrob bilan musiqiy klipimizni e’lon qildik. U yo‘lovchilar uchun parvozlarni xavfsizroq va yaxshiroq amalga oshirishga undaydi. Aviakompaniyalar esa shu yo‘l bilangina hurmatga sazovor bo‘lishi kerak. Men O‘zbekiston haqida deyarli hech narsa bilmasdim, birgina shu holat sabab endi men siz haqingizda ko‘p narsani bilaman. Yaqinda futbol jamoangiz 2026 yilgi jahon chempionatiga yo‘llanma olganini ham eshitdim va o‘sha o‘yinlarning aksariyati aynan shu yerda, Kanadada bo‘lib o‘tadi. Shu sababli, yozda jamoangiz va muxlislaringizni bu yerda kutib olishni intizorlik bilan kutyapman. Musiqiy klipga befarq bo‘lmang, u mijozlarga munosib hurmat ko‘rsatishni ta’minlash uchun qilindi”, deydi kanadalik qo‘shiqchi Deyv Kerroll.

Shohrux Majidzoda tayyorladi.

Шоҳрух Мажидов
Muallif Шоҳрух Мажидов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid