Eron tashqi tahdidlardan himoyalanish uchun yadro quroli yoki raketalar yaratishga katta e’tibor qaratayotgan bo‘lsa-da, mamlakatni ichidan yemirayotgan asosiy tahdid bu – suv inqirozi. Bu masala hal qilinmas ekan, har qanday harbiy dastur ichki barqarorlikni ta’minlashga qodir bo‘lmaydi, deydi Azizbek Fayzullayev.
Odatda Eronning yadro dasturi, harbiy salohiyati va ba’zan iqtisodiyoti muhokamalar markazida bo‘ladi, lekin so‘nggi yillarda rasmiy Tehron uchun eng chuqur ichki muammo – suv tanqisligi kun tartibiga chiqdi. Tahlillarga ko‘ra, Eron yerosti suv zaxiralarining 70 foizini allaqachon ishlatib bo‘lgan. Bu haqda Kun.uz'ning “Geosiyosat” dasturida siyosatshunos Azizbek Fayzullayev so‘z yuritdi.
— Yadro dasturi va murakkab raketa qurollari ustida ishlayotgan Eron hokimiyati suv bilan bog‘liq masalani e’tibordan qochirganmi?
— Eronning harbiy qudrati, yadro dasturlari va so‘nggi avlod raketalarini ishlab chiqayotgani – davlatning o‘z xavfsizligini ta’minlash yo‘lidagi muhim qadamdek ko‘rinishi mumkin. Biroq bu jarayon ortida Eron duch kelayotgan murakkab va chuqur ichki muammolar, ayniqsa suv inqiroziga yetarlicha e’tibor berilmayapti.
Eronning sobiq prezidenti Hoshimiy Rafsanjoniy hukumatida, 1988–2001 yillar davomida qishloq xo‘jaligi vaziri bo‘lib ishlagan Iso Kalantoriy o‘z intevryularida shunday degan edi: “Eron uchun asosiy tahdid – Isroil yoki boshqa tashqi raqib emas, balki suv tanqisligi”.
Bu fikr o‘sha vaqtda ham signal bo‘lishi kerak edi, ammo suv masalasiga yetarli e’tibor qaratilmadi. Bugun bu holat yanada chuqurlashdi. G‘arb matbuoti ham bu muammoni muntazam yoritib kelmoqda. Eron ichida o‘tkazilayotgan norozilik namoyishlarida ham xalqning talablaridan biri – “Bizga raketa emas, suv kerak”, degan shior bo‘lib qolgan. Chunki suv – birlamchi ehtiyoj.
Eron xalqaro sanksiyalar fonida oziq-ovqat mahsulotlarining 85 foizini ichki ishlab chiqarish orqali qoplashga majbur. Natijada qishloq xo‘jaligiga ulkan miqdorda suv ajratiladi. Bugun mamlakatdagi mavjud suv zaxiralarining 90 foizidan ortig‘i qishloq xo‘jaligiga sarflanib, shundan atigi 35 foizi ekinlarga yetadi, qolgan qismi eskirgan infratuzilma va yo‘qotishlar tufayli isrof bo‘ladi.
Transchegaraviy daryolar masalasi va qo‘shnilar bilan ayrim kelishmovchiliklar mavjud bo‘lsa-da, bu joriy inqiroz uchun hukumatni yetarlicha oqlay olmaydi. 2023 yil sentabr oyida aholi orasida o‘tkazilgan so‘rovnomaga ko‘ra, suv tanqisligining 80 foizi hukumatning noto‘g‘ri boshqaruvi va suv taqsimotidagi bilimsizlik bilan bog‘liq deb topilgan. Faqat 4 foiz aholi bu muammoni sanksiyalar bilan bog‘laydi. Eron hukumati esa ko‘pincha suv tanqisligini tashqi omillarga – G‘arb yoki Isroilga yuklab keladi. Ayrim rasmiylar hatto Isroil bilan 12 kunlik urush natijasida “biz suv zaxiralarimizdan ayrildik” degan bayonotlar ham bergan. Biroq tarixiy ma’lumotlar suv inqirozi uzoq yillardan beri davom etayotganini ko‘rsatadi.






