Jahon | 12:33 / 14.11.2025
1933
3 daqiqa o‘qiladi

YeK: Surishtiruv Ukrainada korrupsiyaga qarshi kurash olib borilayotganini ko‘rsatadi

Ukrainadagi antikorrupsiya organlari ishlayapti, deb javob qaytardi Yevropa komissiyasi Kiyevdagi korrupsiya mojarosi haqidagi savolga. Bryusselda ta’kidlanishicha, korrupsiyaga qarshi kurashish mamlakatning Yevroittifoqqa a’zo bo‘lishi uchun asosiy shart hisoblanadi.

Foto: AP

Ukrainadagi korrupsiya mojarosiga oid surishtiruv shuni ko‘rsatadiki, bu mamlakatda antikorrupsiya organlari mavjud va ular faoliyat ko‘rsatmoqda, deb aytdi Yevropa komissiyasi (YeK) vakillari 13 noyabr kuni Bryusseldagi matbuot anjumanida. Ularga Ukrainada yuzaga kelgan korrupsiya mojarosi mamlakatning Yevroittifoqqa a’zo bo‘lish masalasini kun tartibidan tushirib tashlaydimi, degan savol berilgan edi.

«Korrupsiyaga qarshi kurashish Yevropa Ittifoqini kengaytirish bo‘yicha paketimizda markaziy o‘rinda turadi, u bu masaladagi umumiy pozitsiyani belgilaydi. Ta’kidlamoqchimanki, korrupsiyaga qarshi kurashish mamlakatning YeIga a’zo bo‘lishi uchun muhim shartdir. Bu korrupsiyaga samarali ravishda qarshi turish va qonun ustuvorligini ta’minlash uchun doimiy sa’y-harakatlarni talab qiladi. Shu bois kelajakda YeI a’zosi bo‘lishga intilayotgan Ukrainada qonun ustuvorligining poydevori bo‘lgan mustaqil antikorrupsiya organlarining roli himoya qilinishi lozim. Komissiya vaziyatni kuzatishda davom etadi», — deya ta’kidladi YeK vakillari.

«Ukrainada o‘tkazilayotgan tergovlar shuni ko‘rsatmoqdaki, bu mamlakatda korrupsiyaga qarshi kurash va shu yo‘nalishdagi tegishli institutlar haqiqatan ham mavjud va o‘z vazifasini — korrupsiyaga qarshi kurashishni — bajarmoqda. Bu, albatta, biz e’tibor qaratadigan sohalardan biri, jumladan, Yevroittifoqqa qo‘shilish jarayoni kontekstida ham», — deb qo‘shimcha qildi matbuot xizmati vakillari.

Shuningdek, ular YeI rahbari Ursula fon der Lyayyen «Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy bilan doimiy va juda tez-tez muloqotda ekanini» qayd etdi. YeK vakillari, ayni holat — ya’ni Ukrainadagi korrupsiya mojarosi doirasida alohida muloqot bo‘lgan-bo‘lmaganini tasdiqlay olmasligini aytdi, ammo fon der Lyayyen va Zelenskiy «juda ko‘p va muntazam ravishda gaplashib turadi» deya urg‘uladi.

Ukraina Milliy antikorrupsiya byurosi (NABU) va Maxsus antikorrupsiya prokuraturasi (SAP) shu haftada «Energoatom» davlat kompaniyasida keng qamrovli korrupsiya sxemasi fosh etilgani haqida xabar bergan edi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid