Jahon | 08:23 / 15.11.2025
1518
2 daqiqa o‘qiladi

Kiyev Fransiya bilan aviatsiya va havo mudofaasini kuchaytirish bo‘yicha kelishuv tayyorlamoqda

Ukraina mamlakat havo mudofaasi va energetika sektorini mustahkamlash uchun Fransiya va Gretsiya bilan kelishuvlar tayyorlamoqda. Bu haqda Volodimir Zelenskiy ma’lum qildi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Kiyev qo‘shimcha havo mudofaa tizimlari va harbiy samolyotlar qabul qiladi.

Ukraina xorijiy sheriklaridan, xususan Fransiyadan qo‘shimcha havo mudofaa tizimlari va harbiy samolyotlar oladi. Bu haqda mamlakat prezidenti Volodimir Zelenskiy 14 noyabr kuni kechki murojaatida ma’lum qildi. Zelenskiyning ta’kidlashicha, zarur qarorlar tayyorgarlikning yakuniy bosqichida, ushbu kelishuv “tarixiy” ahamiyatga ega bo‘ladi.

Bundan tashqari, ukrain tomoni Gretsiya bilan ham Ukrainaga gaz yetkazib berish variantlarini kengaytirish doirasida, “qish mavsumi va strategik istiqbol uchun” kelishuv tayyorlayotganini qayd etdi Volodimir Zelenskiy.

Bundan oldin, payshanba kuni Skandinaviya va Boltiqbo‘yi mamlakatlari PURL dasturi doirasida Ukraina uchun AQShdan qurol-yarog‘ sotib olish maqsadida 500 mln dollar (430 mln yevro) ajratishini e’lon qilgan edi. Bu qarorni NATO bosh kotibi Mark Ryutte qo‘llab-quvvatladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, “juda muhim harbiy texnika” yetkazib berilishi Ukrainada qish mavsumining boshlanishi sharoitida alohida ahamiyat kasb etadi.

«Ukrainaning ustuvor ehtiyojlari ro‘yxati» (Prioritised Ukraine Requiremens List, PURL) dasturi 2025 yil iyulidan boshlab NATO va AQSh prezidenti Donald Tramp o‘rtasidagi kelishuvga binoan amal qiladi. 17 sentabr kuni Volodimir Zelenskiyning aytishicha, PURL doirasida Ukraina hozirgacha 2 mlrd dollardan ortiq mablag‘ olgan, yil yakunida esa 3–3,5 mlrd dollarga umid qilmoqda. Bu mablag‘lar hisobiga, jumladan, Patriot havo mudofaa tizimlari va HIMARS yalpi o‘t ochish reaktiv tizimlari uchun raketalar xarid qilingan.

Mavzuga oid