O‘zbekiston | 15:29 / 15.11.2025
2366
2 daqiqa o‘qiladi

Shavkat Mirziyoyev va Ilhom Aliyev O‘zbekiston–Ozarboyjon strategik sherikligini rivojlantirishni muhokama qildi

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 15 noyabr kuni Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining yettinchi Maslahat uchrashuvida ishtirok etish uchun Toshkentga kelgan Ozarboyjon prezidenti Ilhom Aliyev bilan uchrashuv o‘tkazib, strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlarini yanada rivojlantirish masalalarini muhokama qildi.

Foto: Prezident matbuot xizmati

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 15 noyabr kuni Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining yettinchi Maslahat uchrashuvida qatnashish uchun mamlakatga kelgan Ozarbayjon prezidenti Ilhom Aliyev bilan uchrashuv o‘tkazdi.

Suhbat avvalida Ilhom Aliyev O‘zbekiston yetakchisiga Toshkentdagi Maslahat uchrashuvida ishtirok etish taklifi uchun minnatdorlik izhor etdi.

Davlat rahbari, o‘z navbatida, qardosh Ozarboyjon prezidenti va xalqini joriy yil 8 oktyabr kuni nishonlangan G‘alabaning besh yilligi munosabati bilan samimiy tabrikladi.

Uchrashuvda joriy yil iyul oyida O‘zbekiston prezidentining Ozarboyjonga davlat tashrifi davomida erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish doirasida O‘zbekiston – Ozarboyjon strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlarini yanada rivojlantirish va mustahkamlashning dolzarb masalalari muhokama qilindi.

Qayd etilganidek, barcha darajalarda samarali siyosiy va iqtisodiy almashinuvlar davom etmoqda. Joriy yil boshidan ikki tomonlama tovar ayirboshlash hajmi 15 foizga oshgan. Avtomobilsozlik, energetika, turizm va boshqa tarmoqlarda sanoat kooperatsiyasi bo‘yicha qo‘shma loyihalar faol pallaga kirgan.

Tomonlar bo‘lajak oliy darajadagi uchrashuv va tadbirlar rejasini ham ko‘rib chiqdilar, ishonch va o‘zaro manfaat ruhidagi hamkorlikni izchil davom ettirishga tayyor ekanini yana bir bor tasdiqladi.

Mavzuga oid