Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
O‘zbekistonga doim o‘zgacha tuyg‘ular bilan kelamiz – Japarov
Foto: Qirg‘iz respublikasi prezidenti rasmiy sayti
Qirg‘iziston prezidenti Sadir Japarov bugun, 16 noyabr kuni O‘zbekistonga amaliy tashrifi doirasida Toshkent shahrida bo‘lib o‘tgan Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining yettinchi maslahat uchrashuvida ishtirok etdi va nutq so‘zladi.
U O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyevga har doimgidek samimiy qabul va mehmondo‘stlik uchun minnatdorlik bildirib, Samarqand shahrida YuNeSKO Bosh assambleyasining 43-sessiyasi muvaffaqiyatli o‘tkazilgani bilan tabriklagan.
«Avvalo, O‘zbekiston Respublikasi prezidenti muhtaram Shavkat Miromonovich Mirziyoyevga har doimgidek samimiy qabul va mehmondo‘stlik uchun chuqur minnatdorlik bildiraman. Biz Markaziy Osiyoning chinakam birdamlik muhiti sezilib turgan qardosh O‘zbekistonga har doim o‘zgacha kayfiyat bilan kelamiz.
O‘zbekistonlik birodarlarimizni YuNeSKO Bosh assambleyasining 43-sessiyasi Samarqandda muvaffaqiyatli o‘tkazilgani bilan tabriklayman. Sessiya 41 yil ichida birinchi marta Parijdan tashqarida bo‘lib o‘tdi, bu esa Markaziy Osiyoning xalqaro gumanitar jarayonlardagi roli ortib borayotganini tasdiqlovchi chinakam tarixiy voqeadir. O‘zbekistonning raisligi butun mintaqa uchun samaradorlik, tashabbuskorlik va amaliy natijalarga intilish namunasi bo‘ldi», – degan u.
Qirg‘iziston prezidenti mintaqa oldida yangi imkoniyatlar ochilayotgan davrda o‘zaro ishonch va birdamlik ruhini saqlash har qachongidan ham muhim ekanini ta’kidlagan.
Shu munosabat bilan Sadir Japarov mintaqa davlatlariga «Markaziy Osiyo +» formati platformalarida, xususan, boshqa davlatlar bilan sammitlar arafasida tashqi siyosat idoralari maslahatlashuvlarini tashkil etish orqali pozitsiyalarni muvofiqlashtirish va yagona front sifatida harakat qilishni taklif etgan.
Shuningdek, iqtisodiy sohadagi hamkorlikni mustahkamlash nuqtayi nazaridan savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlikni sifat jihatidan kengaytirish umumiy asosiy vazifa ekanini ta’kidlagan.
Transport infratuzilmasini rivojlantirish masalalariga to‘xtalarkan, Sadir Japarov mintaqada yangi transport arteriyasi yaratilayotganini ta’kidladi.
Qirg‘iziston rahbari turizmning iqtisodiyotning muhim tarmog‘i va Markaziy Osiyo xalqlarini yaqinlashtirish vositasi sifatidagi ahamiyatiga to‘xtalib, o‘zaro tashriflar sezilarli darajada oshib borayotganini qayd etgan.
U madaniy-gumanitar hamkorlik barqaror rivojlanayotganiga e’tibor qaratib, kelgusi yilda Qirg‘iziston oltinchi Butunjahon ko‘chmanchilar o‘yinlariga mezbonlik qilishini ma’lum qildi va mintaqa mamlakatlarining hamkasblari va sport delegatsiyalarini ushbu xalqaro tadbirda ishtirok etishga taklif qildi.
«Ishonchim komilki, birgalikdagi iroda va mashaqqatli mehnat tufayli biz Markaziy Osiyoni siyosiy ishonch aniq iqtisodiy natijalar va ma’naviy birlik bilan mustahkamlangan muvaffaqiyatli mintaqaviy hamkorlik etaloniga aylantira olamiz», – deydi u.
Uchrashuv yakunida Sadir Japarov O‘zbekistonning samarali raisligini qayd etib, Turkmanistonga muvaffaqiyat tilagan hamda Qirg‘iziston erishilgan barcha kelishuvlarni faol qo‘llab-quvvatlash va ilgari surishga tayyor ekanini ta’kidlagan.
Mavzuga oid
09:20
Chegaradan noqonuniy olib o‘tilgan 1,1 mlrd so‘mlik oltin qo‘lga olindi
10:00 / 01.12.2025
Qirg‘izistondagi saylovlar: Japarovga sodiq nomzodlar deyarli barcha okrugda g‘alaba qozondi
17:04 / 30.11.2025
Muxolifatchilar hibsga olinishi va energetika inqirozi. Qirg‘izistonda navbatdan tashqari parlament saylovlari qanday sharoitda o‘tmoqda?
11:20 / 30.11.2025