Jahon | 16:01 / 17.11.2025
4677
2 daqiqa o‘qiladi

BMT: Ukrainada urush sabab misli ko‘rilmagan uy-joy inqirozi yuzaga keldi

BMT huzuridagi Xalqaro migratsiya tashkiloti (IOM)ning hisobotida Ukrainadagi urush natijasida yuzaga kelgan uy-joy vaziyati tahlil qilingan. Unga ko‘ra, uy-joy fondining taxminan 10 foizi zarar ko‘rgan yoki foydalanish uchun yaroqsiz holatda.

Foto: Michael Shtekel/AP

Ukrainadagi to‘liq miqyosli urush davomida 236 mingdan ortiq bino vayron qilingan yoki shikastlangan, 2,5 milliondan ziyod uy-joy birligi (bu uy-joy fondining taxminan 10 foizini tashkil etadi) turli darajada shikastlangan yoki davom etayotgan qurolli mojaro sabab foydalanish uchun yaroqsiz holatda. Bu haqda 16 noyabr kuni e’lon qilingan, BMT huzuridagi Xalqaro migratsiya tashkiloti (IOM)ning hisobotida aytiladi. Hisobotda bu holat "misli ko‘rilmagan uy-joy inqirozi" sifatida baholangan.

Hujjatda qayd etilishicha, uy-joyning mavjudligi va uning narxiga munitsipal uy-joylarning yetishmasligi, ijara bozorining yetarlicha tartibga solinmagani, shuningdek, urushdan ommaviy qochish jarayoni keskin ta’sir ko‘rsatgan.

IOM ekspertlarining baholashicha, taxminan 10,6 million ukrainalik o‘z uyini tark etishga majbur bo‘lgan — bu mamlakatning urushdan oldingi aholisining qariyb to‘rtdan bir qismiga to‘g‘ri keladi. Ularning aksariyati chet elga chiqib ketgan. Mamlakatni tark etmagan 3,7 million qochqinning uchdan ikki qismi yangi uy-joy uchun to‘lov qilishda qiynalmoqda. "Ko‘plab oilalar ijara bozoriga to‘liq bog‘lanib qolgani sababli, ularning oilaviy jamg‘armalari butunlay sarflanib bo‘ldi", — deya ta’kidlaydi hisobot mualliflari.

Hisobotda, shuningdek, uy-joy ijarasini to‘lash yuki o‘z uylarini tark etgan odamlar uchun juda og‘irligicha qolayotgani qayd etiladi, chunki ular uy ijarasiga o‘z daromadlarining 50 foizi yoki undan ko‘prog‘ini sarflashga majbur.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid