Jahon | 09:31 / 17.11.2025
3794
3 daqiqa o‘qiladi

Netanyahu yana Falastin davlatini tuzishga qarshi chiqdi

Binyamin Netanyahu Falastin davlatchiligiga nisbatan o‘zining prinsipial qarshiligini yana bir bor ta’kidladi. Fikr o‘zgarmagan, deb bildirdi u o‘ta o‘ng vazirlarning muayyan pozitsiya egallash talabiga javoban.

Foto: Abir Sultan/AP

Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyahu navbatdagi marta Falastin davlatini barpo etishga qarshi ekanini aytdi. 16 noyabr kuni hukumat majlisida so‘zlar ekan, u mazkur masala bo‘yicha aniq pozitsiya egallashni talab qilgan o‘ta o‘ng vazirlar chaqiriqlariga javoban falastinliklar davlatini hududning istalgan qismida tuzishga qarshiligi o‘zgarmaganini qayd etdi. «Menga hech kimdan qo‘llab-quvvatlash, tvitlar yoki ma’ruzalar kerak emas», — deya uning so‘zlarini keltiradi Reuters agentligi.

Bundan oldin o‘ta o‘ng partiyalar vazirlari Betsalel Smotrich va Itamar Ben-Gvir AQSh prezidenti Donald Trampning tinchlik rejasini qo‘llab-quvvatlovchi BMT Xavfsizlik Kengashi rezolyutsiyasi loyihasida Falastin davlatchiligi «yo‘li» haqidagi ifoda paydo bo‘lganidan so‘ng, bosh vazirdan Falastin davlatini barpo etish g‘oyasini rad etishni talab qilgan edi. Agar Netanyahu muayyan choralar ko‘rmasa, Ben-Gvir hukumat koalitsiyasidan chiqib ketish bilan tahdid qilgan.

Binyamin Netanyahu sentabr oyida Oq uyga qilgan tashrifi chog‘ida Tramp rejasini qo‘llab-quvvatlashga rozi bo‘lgan, shundan beri u Falastin davlatini tuzish imkoniyati masalasida ochiq fikr bildirmagan edi.

22 sentabr kuni Fransiya prezidenti Emmanuel Makron BMT Bosh Assambleyasining ochilish majlisida mustaqil Falastin davlatini tan olganini e’lon qildi. Bundan bir kun oldin xuddi shu haqda Buyuk Britaniya, Kanada, Avstraliya va Portugaliya ham ma’lum qilgan edi. Umuman olganda, 22 sentabr holatiga ko‘ra, BMTning 153 a’zo davlati, shuningdek, Vatikan Falastin mustaqilligini tan olishi qayd etilgan.

GFR tashqi ishlar vaziri Yoxann Vadeful Germaniya ikki davlat tuzish to‘g‘risidagi muzokaralar yakunlanmaguncha Falastin mustaqilligini tan olish niyatida emasligini bildirdi. Shu bilan birga, u bunday muzokaralar «ayni damda boshlanishi kerak», deb ta’kidlab, bu isroilliklar va falastinliklarga «tinchlikda, xavfsizlik va qadr-qimmat bilan yashash imkonini berishi lozim»ligini qayd etdi.

Mavzuga oid