Jahon | 09:10 / 18.11.2025
3228
3 daqiqa o‘qiladi

Germaniya Isroilga qurol yetkazib berishga qo‘yilgan cheklovni bekor qildi

Germaniya hukumati 8 avgust kuni joriy etilgan, Isroil armiyasi G‘azo sektorida qo‘llashi mumkin bo‘lgan qurol-yarog‘ yetkazib berish taqiqini bekor qildi. Qaror, jumladan, o‘t ochishni to‘xtatish rejimi "barqarorlashgani" bilan izohlandi.

Foto: Global Look Press/Ayal Margolin/JINI

Germaniya hukumati Isroilga, bu mamlakat armiyasi G‘azo sektorida qo‘llashi mumkin bo‘lgan qurollarni yetkazib berishga 8 avgustdan amal qilgan taqiqni bekor qildi. Qaror 24 noyabrdan kuchga kiradi, deb xabar bermoqda dpa agentligi hukumat rasmiysi Shtefan Korneliusga tayangan holda.

Cheklovlarni bekor qilish, 10 oktyabrdan buyon amal qilayotgan Isroil va HAMAS o‘rtasidagi o‘t ochishni to‘xtatish rejimi "so‘nggi haftalarda barqarorlashgani" bilan izohlandi. Shu bilan birga, Germaniya hukumati endilikda har bir qurol yetkazib berish to‘g‘risidagi so‘rovni avtomatik ravishda ma’qullamaydi, balki "umuman olganda, har bir eksport arizasini alohida ko‘rib chiqishga va vaziyatning keyingi rivojiga qarab harakat qilishga" qaytadi.

Kornelius shuningdek, Germaniya mintaqada barqaror tinchlik o‘rnatish ustida ishlashni davom ettirishini va G‘azo aholisiga infratuzilmani tiklashda yordam berishini qayd etdi.

Isroil tashqi ishlar vaziri Gideon Saar Berlinning qurol yetkazib berishga qo‘yilgan "qisman embargo"ni bekor qilish to‘g‘risidagi qarorini qo‘llab-quvvatladi. "Men Germaniya namunasidan o‘rnak olgan holda, boshqa hukumatlarni ham shunga o‘xshash qarorlar qabul qilishga chaqirib qolaman", – deb yozdi u X ijtimoiy tarmog‘idagi sahifasida.

HAMASning 2023 yil 7 oktyabrda amalga oshirgan hujumi, G‘azo sektorida urush boshlanishiga bahona bo‘lganidan so‘ng, Germaniya hukumati Isroilni tashkilotga qarshi kurashda faol qo‘llab-quvvatladi. 2025 yil 6 maygacha faoliyat yuritgan Olaf Shols hukumati Isroilga deyarli 500 million yevro qiymatida qurol-yarog‘ yetkazib bergan edi.

Fridrix Mers boshchiligidagi yangi hukumat davrida ham yetkazib berish davom etdi, ammo ancha kam miqyosda. Shu bilan birga, rasmiy Berlin G‘azo sektorida Isroilning harbiy strategiyasini tez-tez tanqid qila boshladi, qo‘shinlar harakatlari katta gumanitar inqirozga sabab bo‘layotganini ta’kidladi.

Mers avgust oyida e’lon qilgan embargo qarorini Isroil rasmiylari ham, Xristian-demokratik ittifoq (XDI)/Xristian-sotsial ittifoq (XSI) bloki vakillari ham tanqid qilgan edi. Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyahu bu yo‘l bilan "Germaniya terrorizmni rag‘batlantirmoqda", deb bayonot bergan. XDIning xavfsizlik masalalari bo‘yicha eksperti Roderix Kizevetter esa embargoni "Germaniyaning yirik siyosiy va strategik xatosi" deb atagan.

Mavzuga oid