Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Germaniya kansleri Mers: YeI "byurokratik monstr"ga aylandi
GFR kansleri Fridrix Mers Yevroittifoqdagi haddan tashqari tartibga solish va qoidabozlikni tanqid qildi hamda chuqur islohotlar talab etdi. Uning ta’kidlashicha, Yevropaning raqobatbardoshligi byurokratik kishanlarni yechish va hamkorlar bilan birgalikda harakat qilishga bog‘liq.
Foto: ds-Agentur/picture alliance
GFR kansleri Fridrix Mers Yevroittifoqda chuqur islohotlar zarurligini aytdi va YeI "erkinliklarni kengaytirish o‘rniga ularni tobora ko‘proq cheklayotgan byurokratik "monstr"ga aylandi", deya ta’kidladi. U bu haqda 17 noyabr kuni Berlinda bo‘lib o‘tgan SZ-Wirschafsgipfel iqtisodiy sammitida gapirdi.
Mersning so‘zlariga ko‘ra, "oxirgi chegarasigacha byurokratik bo‘lib ketgan Yevropa ichki bozorini bu kishanlardan ozod etish kerak". U hozirgi tartibga solish bosimi darajasi rivojlanishga to‘siq bo‘layotganini va Yevroittifoq mamlakatlari iqtisodiyotlarining moslashuvchanligini pasaytirayotganini aytdi.
Mers, shuningdek, o‘z tashabbusi bilan 12 fevral kuni bo‘lib o‘tadigan YeI raqobatbardoshligini mustahkamlash masalalariga bag‘ishlangan maxsus sammitni eslatib o‘tdi. U Yevroittifoqni "o‘ziga xos muvaffaqiyat tarixi" deb atadi, biroq bu tarix hozir "haddan tashqari byurokratizatsiya" tahdidi ostida qolganini qo‘shib qo‘ydi. Shu bois, deya ta’kidladi Mers, YeI kelajagi uchun yevropalik hamkorlar bilan kurashish uning uchun markaziy vazifa hisoblanadi.
Kanslerning aytishicha, Germaniya iqtisodiy qudratini mustahkamlash uchun modernizatsiya milliy darajada ham zarur. U bu borada kompaniyalar uchun soliqlarni kamaytirish kabi allaqachon ko‘rilgan choralarni tilga oldi, shuningdek, ijtimoiy ta’minot tizimiga oid islohotlar zarurligini qayd etdi.
"Men Germaniya sanoat davlati bo‘lib qolishini istayman", – dedi Mers. Uning so‘zlariga ko‘ra, xizmatlar sohasi muhim rol o‘ynaydi, ayniqsa sun’iy intellektning ahamiyati ortib borayotgan sharoitda, ammo faqat xizmatlar sohasi bilangina farovonlikni saqlab qolib bo‘lmaydi. "Biz sanoat davlati bo‘lib qolishni istaymiz", – dedi u.
Mersning ta’kidlashicha, ushbu maqsadlarga erishish uchun Germaniya iqtisodiyotining "narx jihatidan raqobatbardoshligini tiklash" zarur. U koalitsiya ichida kutilgan islohotlar ko‘lami to‘liq anglab yetilganini ta’kidladi. "Biz zarur o‘zgarish va yangilanishlar ulkan hajmi bilan yuzma-yuz turibmiz", – dedi u.
Kansler, shuningdek, ekologik jihatdan barqaror iqtisodiyotga o‘tish ahamiyatini ta’kidladi. U so‘nggi yillarda Germaniya modernizatsiya masalalarida "juda sustqadam, juda sekin va juda byurokratik" bo‘lib qolganini qayd etdi.
Mavzuga oid
08:40
Mers AQShga Rossiyaning muzlatilgan aktivlarini berishga qarshi chiqdi
16:30 / 04.12.2025
Berlin Ukrainaga qurol-yarog‘ yordamini 200 mln dollarga oshiradi
09:26 / 04.12.2025
GFR kansleri YeIni Ukraina manfaati uchun RF aktivlarini ishga solishga chaqirdi
16:43 / 03.12.2025