Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Tramp "Epshteyn fayllari"ni e’lon qilishga chaqirdi
AQSh prezidenti Donald Tramp Kongress Vakillar palatasidagi respublikachilarni demokratlar tashabbusi bilan ishlab chiqilgan "Epshteyn fayllari"ni e’lon qilish to‘g‘risidagi qonun loyihasi uchun ovoz berishga chaqirdi. Unga ko‘ra, Respublikachilar partiyasining "yashiradigan hech narsasi yo‘q".
Foto: Daniel Torok/Avalon/Photoshot/picture alliance
AQSh prezidenti Donald Tramp 17 noyabr kuni Respublikachilar partiyasi a’zolarini Kongress Vakillar palatasida amerikalik moliyachi Jyeffri Epshteyn ishi bo‘yicha materiallarni e’lon qilishni nazarda tutuvchi tashabbusni qo‘llab-quvvatlashga chaqirdi. Uning ta’kidlashicha, respublikachilar "yashiradigan hech narsa yo‘q". Mos bayonot Truth Social ijtimoiy tarmog‘idagi uning sahifasida e’lon qilindi.
Tramp internetda tarqalayotgan, uning Epshteyn bilan yaqin munosabatlari haqidagi iddaolarni AQShda balog‘atga yetmaganlarni fohishalikka majburlashda ayblangan Epshteynga nisbatan "demokratlarning mistifikatsiyasi, radikal so‘lchilar tomonidan Respublikachilar partiyasining ulkan yutuqlaridan, jumladan demokratlar uyushtirgan 'shatdaun' (hukumat ishining qisman to‘xtatilishi) ustidan biz yaqinda qozongan g‘alabadan e’tiborni chetga tortish uchun o‘ylab topilgan hiyla" deb atadi.
Trampga ko‘ra, "AQSh adliya vazirligi allaqachon 'Epshteyn' ishi bo‘yicha o‘n minglab sahifalarni oshkor etdi, demokratlar partiyasidan bo‘lgan turli siyosatchilarning (Bill Klinton, Rid Hoffman, Larri Sammers va boshqalar) Epshteyn bilan bog‘liqligi bo‘yicha tekshiruv olib bormoqda, Vakillar palatasining nazorat qo‘mitasi qonuniy huquqqa ega bo‘lgan barcha materiallarga kirish imkoniyatiga ega!" – deb yozdi Tramp.
U, shuningdek, "agar demokratlarning qo‘lida qandaydir dalil bo‘lganida, ular buni biz saylovda ishonarli g‘alaba qozonishimizdan avval oshkor qilgan bo‘lardi", deya qo‘shimcha qildi.
Trampning bu bayonoti 12 noyabr kuni Vakillar palatasining nazorat qo‘mitasi a’zolari Epshteyn ishi bo‘yicha moliyachining merosxo‘rlaridan olgan yangi materiallarni e’lon qilganidan bir necha kun o‘tib yangradi. Ushbu hujjatlarning bir qismidan Tramp marhumning jinoiy faoliyatidan xabardor bo‘lgan bo‘lishi mumkin, degan xulosa kelib chiqadi.
O‘sha kuniyoq Vakillar palatasida Adliya vazirligi ixtiyorida bo‘lgan Epshteyn ishining barcha materiallarini oshkor qilish masalasini ovozga qo‘yish tashabbusi ilgari surildi. "Epshteyn fayllarining shaffofligi to‘g‘risidagi akt" (Epstein Files Transparency Act) deb nomlangan bu qonun loyihasi, kutilganidek, shu haftaning o‘zida ovozga qo‘yiladi.
Trampning o‘zi esa Adliya vazirligi va FTBdan AQSh sobiq prezidenti Bill Klinton, AQSh sobiq moliya vaziri Larri Sammers hamda LinkedIn asoschisi Rid Hoffmanning Epshteyn bilan ehtimoliy aloqalarini tekshirishni so‘rashini aytdi. Unga ko‘ra, e’lon qilingan yozuvlar ushbu shaxslar o‘z hayotining "ancha katta qismini" Epshteyn bilan birga o‘tkazganini ko‘rsatadi.
2021 yildan beri Jorjiya shtatidagi okrugdan Vakillar palatasi a’zosi bo‘lgan Marjori Teylor Grin o‘tgan hafta demokratlar tashabbusi bilan tayyorlangan "Epshteyn fayllarining shaffofligi to‘g‘risidagi akt"ni majburiy tarzda ko‘rib chiqish haqidagi petitsiyani imzolagan to‘rt nafar respublikachidan biri bo‘ldi.
Bunga javoban Tramp Grinni "xoin" deb atadi va unga gubernator yoki senator lavozimiga nomzodini qo‘ymaslik haqida bergan maslahatidan so‘ng, o‘zini qo‘llab-quvvatlashni to‘xtatganini bildirdi.
Saylovoldi kampaniyasi davrida Tramp Epshteyn bilan bog‘liq shaxslar ro‘yxati – sobiq bankirga aloqador deb hisoblangan shaxslar "Epshteyn dosesi"ni e’lon qilishga va’da bergan edi. Epshteynga balog‘atga yetmagan qizlarga nisbatan jinsiy zo‘ravonlikda ayblov qo‘yilgan. Trampning aytishicha, ushbu mojaroga ko‘plab siyosiy elita vakillari aralashgan edi. Biroq prezident o‘zi bergan bu va’dani amalga oshirmadi.
Ilon Mask esa Tramp bilan ochiq nizo chog‘ida Oq uy rahbari o‘zi ham "Epshteyn dosesi"da tilga olinganini aytdi. Bu esa ko‘plab fitna nazariyalarining paydo bo‘lishiga sabab bo‘ldi.
Mavzuga oid
16:15 / 06.12.2025
Mersga Kremldan "hujum": AQShning Ukraina bo‘yicha roli atrofida bahs kuchaymoqda
15:44 / 06.12.2025
AQSh YeI davlatlarini Kiyevga Rossiya aktivlari hisobidan kredit bermaslikka chaqirdi
15:10 / 06.12.2025
AQSh NATOdagi majburiyatlarning asosiy qismini Yevropaga o‘tkazmoqchi
13:54 / 06.12.2025