Jahon | 18:51 / 18.11.2025
3735
2 daqiqa o‘qiladi

Tramp narxlar oshishi sabab ayrim bojlarni bekor qilishga majbur bo‘ldi

AQSh prezidenti Donald Tramp asosiy oziq-ovqat mahsulotlarini ham o‘z ichiga olgan 200 dan ortiq tovarga bojlarni bekor qildi. Bu mamlakatda oziq-ovqat narxlari oshishi fonida yuz berdi. Noyabr oyi boshida demokratlar uchta muhim hudud – Nyu-York merligi, Nyu-Jyersi va Virjiniya shtatlari gubernatorligi saylovlarida g‘alaba qozongandi. Bu muvaffaqiyat yashash narxining oshishi sabab aholi his qilayotgan ishonchsizlik bilan bog‘liqligi ta’kidlanyapti.

Foto: REUTERS

AQSh prezidenti Donald Tramp 200 dan ortiq mahsulotlarga, jumladan, qahva, mol go‘shti, banan va apelsin sharbatiga joriy etgan oshirilgan bojlarni bekor qildi. Trampning tegishli farmoni 14 noyabr kuni Oq uy saytida e’lon qilindi.

Reuters’ning yozishicha, bu qaror AQSh aholisi orasida oziq-ovqat narxining oshayotgani tufayli kuchaygan xavotirlar fonida qabul qilingan. Bojlarning bekor qilinishi Tramp siyosatidagi keskin burilish bo‘lib, u uzoq vaqt davomida o‘zi joriy qilgan tariflar inflatsiyaga hissa qo‘shmasligini ta’kidlab kelgandi.

14 noyabr kuni AQSh prezidenti samolyot bortida jurnalistlarning savollariga javob berar ekan, bojlar “ba’zi hollarda” narxlar o‘sishiga olib kelishi mumkinligini tan oldi. Biroq Trampning ta’kidlashicha AQShda “deyarli inflatsiya yo‘q”.

O‘z navbatida Oq uy rahbari oshirilgan bojlardan tushgan mablag‘ hisobidan keyingi yil kam yoki o‘rta daromadli har bir amerikalikka 2000 dollardan to‘lash niyatida ekanini qayd etdi.

Iste’mol narxlari indeksi ma’lumotlariga ko‘ra, yil davomida AQShda steyk narxi deyarli 17 foizga, qiyma go‘sht narxi13 foizga, banan narxi taxminan 7 foizga, pomidorniki esa 1 foizga oshgan. Amerikaliklar iste’mol qiladigan oziq-ovqat mahsulotlarining umumiy bahosi sentabr oyida 2,7 foizga ko‘tarildi.

Noyabr oyi boshida demokratlar uchta muhim hudud – Nyu-York merligi, Nyu-Jyersi va Virjiniya shtatlari gubernatorligi saylovlarida g‘alaba qozondi. Reuters bahosiga ko‘ra, bu demokratlarning Trampning Oq uyga qaytganidan keyingi ilk yirik muvaffaqiyati bo‘lib, yashash narxining oshishi sabab aholi his qilayotgan ishonsizlik bilan bog‘liq.

Mavzuga oid