Jahon | 22:44 / 19.11.2025
7018
3 daqiqa o‘qiladi

AQSh Zelenskiyga Ukraina urushni tugatish uchun hududlardan voz kechishi kerakligini tushuntirdi – OAV

Ta’kidlanishicha, bu aslida Ukrainaning taslim bo‘lishini anglatadi va faqat Kremlning maksimalistik talablarini aks ettiradi.

Foto: Reuters

AQSh rasmiylari Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiyga Kiyev Vashington tomonidan ishlab chiqilgan Rossiya bilan urushni to‘xtatish rejasini qabul qilishi kerakligini tushuntirdi, deb yozdi Reuters manbalarga tayanib.

Ularning so‘zlariga ko‘ra, mojaroni to‘xtatish to‘g‘risidagi hadli bitim Ukraina hududlarning bir qismidan va ba’zi turdagi qurollardan voz kechishini nazarda tutadi. Agentlik suhbatdoshlarining aytishicha, AQSh takliflari orasida, jumladan, Ukraina qurolli kuchlari sonini qisqartirish ham bor. Bularning barchasi Rossiya hukumati urushni to‘xtatish shartlari deb bir necha bor atagan talablardir.

Vashington Kiyev ishlab chiqilgan rejaning asosiy bandlarini qabul qilishini istaydi, dedi manbalar.

FT nashrining yozishicha, bu taklif aslida Ukrainaning taslim bo‘lishini anglatadi va faqat Kremlning maksimalistik talablarini aks ettiradi. Taklif quyidagilarni o‘z ichiga oladi: Ukraina armiyasining ikki baravar qisqarishi, muayyan qurollardan voz kechish va Donbassni topshirish.

Avvalroq, AQSh prezidenti Donald Tramp ma’muriyati Rossiya-Ukraina urushini to‘xtatish bo‘yicha yangi reja ustida ish olib borayotgani haqida Axios xabar berdi. Ta’kidlanishicha, AQSh allaqachon Rossiya vakillari bilan maslahatlashuvlar o‘tkazgan. Rossiya prezidentining maxsus vakili Kirill Dmitriyev jurnalistlarga «bu safar biz Rossiya pozitsiyasi haqiqatan ham eshitilganini his qilmoqdamiz», degan.

Rossiya-Ukraina urushi yakuni bo‘yicha muhokamalar qayta boshlangani haqida bir kun oldin bir nechta G‘arb nashrlari xabar berdi. Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy ham 18 noyabr kuni Kiyev urushni tugatish bo‘yicha «muzokaralarni faollashtirish»ga tayyorlanayotganini aytgandi.

Rossiya Tashqi ishlar vazirligi AQSh Ukraina bo‘yicha rasmiy kanallar orqali Rossiyaga murojaat qilmagani haqida xabar berdi.

Politico manbalarining ta’kidlashicha, urushni to‘xtatish to‘g‘risidagi hadli bitim noyabr oyining oxirigacha, ehtimol «shu haftadayoq» kelishib olinishi mumkin.

Mavzuga oid