Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Erkak va ayollarda xurrak nega turlicha? Sabablar, xavflar va uni kamaytirish bo‘yicha layfxaklar
Xurrak - shunchaki yoqimsiz va noqulay tovush emas. U uyqu sifatining buzilishi, hatto organizmdagi yashirin muammolarning belgisi bo‘lishi mumkin. Qizig‘i shundaki, erkaklar va ayollarda xurrakning kelib chiqish sabablari bir xil emas - biologik va gormonal farqlar katta rol o‘ynaydi.
Foto: Pexels
Erkaklarda xurrak nega ko‘proq?
Statistika bo‘yicha xurrak otadigan erkaklar soni ayollarga qaraganda 2–3 barobar ko‘proq. Sababi erkak organizmining anatomik tuzilishi. Erkaklarda bo‘yin va tomoq qismidagi to‘qimalar kengroq va mushakli. Uyqu paytida ushbu hudud tezroq bo‘shashib, havo yo‘lini qisqartiradi.
Shuningdek, erkak organizmidagi testosteron ham xurrakka sabab bo‘ladi. Chunki testosteron mushaklarni bo‘shashtiruvchi gormon. Tunda tomoq mushaklari battar bo‘shashib, havo o‘tishi qiyinlashadi — natijada xurrak paydo bo‘ladi. Yoki ortiqcha vazn, semizlik ham xurrakka sabab bo‘ladi. Erkaklarda vazn asosan qorin va bo‘yin atrofiga to‘planadi. Bu esa nafas yo‘lini qisqartiradi. Natijada xurrak paydo bo‘ladi.
Ayollarda xurrak qanday kechadi?
Ayollarda xurrak kamroq uchrasa-da, sabablari ancha nozik. Ko‘pincha bu holat ayol tanasining estrogen va progesteron gormonlari bilan bog‘liq. Bu gormonlar nafas yo‘lini tonusda ushlab turadi. Shuning uchun yosh ayollarda xurrak kam uchraydi.
Ayollarda menopauza davrida xurrak otish ehtimoli oshadi. Gormonlar kamayishi bilan ayollarda xurrak ajablanarli darajada ko‘payadi — ba’zan erkaklar bilan deyarli bir xil darajaga yetadi. Xuddi erkaklar kabi ayollarda ham ortiqcha vazn xurrakka sabab bo‘lishi mumkin. Chunki ayollar vazn yig‘ganda havo yo‘lini yopib qo‘yadigan to‘qima tezroq hosil bo‘ladi.
Bular erkaklar va ayollarning xurrak otish masalasidagi ayrim sabablar. Ammo ikki jinsda ham yuz beradigan bir xil sabablar bor. Masalan:
- Bel bilan yotish
- Burun bitishi, allergiya
- Charchoq, stress
- Alkogol
- Uyqu gigiyenasining buzilishi kabi.
Xurrakni kamaytirish uchun layfxaklar
1. Yotish pozitsiyasini o‘zgartirish kerak. Osmonga qarab yotish — eng katta xato, yonbosh bilan yotishni odat qiling.
2. Yostiq balandligini to‘g‘ri tanlash. Juda baland yostiq — havo yo‘lini qisqartiradi, juda pasti — mushaklarning bo‘shashishiga olib keladi.
3. Uyqu oldidan ovqat va choy-kofe ichmang. Taxminiy vaqt: uyqu oldidan 3 soat ichida ovqat, 5 soat ichida kofein iste’mol qilmaslik kerak.
4. Alkogol iste’mol qilmang. Alkogol tomoq mushaklarini kuchli bo‘shashtiradi va xurrak kuchayadi.
5. Burun bitib qolmasligi kerak. Zarurat bo‘lganda tuzli sprey, ingalyatsiya, havo namlagich yordam beradi.
6. Ortiqcha vazndan qutulish choralari zarur. 5–10% vazn kamayishi ham xurrakni 30–50%ga qisqartiradi.
7. Uxlaydigan xona havosini nazorat qilish: nam va toza havo bo‘lsin. Quruq havo tomoqni quritib, xurrakni kuchaytirishi mumkin.
Qaysi tekshiruvlar kerak? (eng minimal va samarali)
Burunda muammolar, adenoid yoki tomoqdagi to‘qimalar oqibati bo‘lishi mumkinligini inobatga olgan holda dastlab LOR tekshiruvidan o‘tish kerak. Shuningdek, o‘zingizda uyqu apnoesi bor-yo‘qligini aniqlang. Agar apnoe bo‘lsa — xavfli va davolash zarur.
Qon tekshiruvlari (ayniqsa ayollarda): qalqonsimon bez gormonlari (TSH), myenopauzaga oid gormonlar (FSH, LH, estrogen) miqdorini aniqlash uchun tahlillar topshirish kerak.
Xurrak — erkaklarda anatomiya va testosteron ta’siri sabab ko‘proq uchraydi, ayollarda esa asosiy omil gormonal ravishda o‘zgaradi. Biroq har ikki jinsda ham uni kamaytirish mumkin — turmush tarzi, uyqu odatlari va minimal tekshiruvlar sizga yordam beradi.
Mavzuga oid
13:12 / 25.03.2025
O‘sishdan to‘xtashi mumkin - mutaxassis bolalarda uyqu yetishmasligi oqibatlaridan ogohlantirdi
20:47 / 14.03.2025
Olimlar uyqusizlik va fitna nazariyalari o‘rtasidagi bog‘liqlikni aniqladi
14:36 / 04.01.2025
Kuniga 9 soatdan ko‘p uxlash insultga sabab bo‘lishi mumkin - tadqiqot
17:17 / 28.12.2024