To‘laqonli uyqu sog‘liq va organizmning normal ishlashi uchun juda muhim, ayniqsa bolalarda. Rossiyalik bolalar endokrinologi, tibbiyot fanlari nomzodi Anastasiya Sinitsina uyqu yetishmovchiligining immunitet, vazn, kayfiyat va kognitiv funksiyalarga salbiy ta’siri haqida ma’lum qildi.

“Yaxshi uxlamaslik turli hamroh kasalliklarning paydo bo‘lishiga sabab bo‘ladi. Uyquning buzilishi hissiy holatning izdan chiqishiga, xotira va diqqatni jamlash qobiliyatining pasayishiga, reaksiya tezligining susayishiga, jinsiy mayl kamayishiga va erkaklik quvvatining yo‘qolishiga olib keladi. Uyqu uyg‘oqlik va faollik paytida sarflanadigan energiya va kuchimizning o‘rnini to‘ldirishga yordam beradi. Faqat uyqudan keyingina o‘zimizni to‘liq dam olgandek his qilamiz. U nafaqat hayotning davomiyligini, balki uning sifatini ham ta’minlaydi”, — deb ogohlantirdi mutaxassis.

Uning aytishicha, uyqu muammosi nafaqat tibbiy, balki ijtimoiy jihatlarni ham o‘z ichiga oladi. Bu jihatlarning ahamiyati, ayniqsa hozirgi davrda bebaho. Uzoq vaqt yetarlicha uxlamaslik hayot sifatiga salbiy ta’sir ko‘rsatishi isbotlangan: yumor tuyg‘usi yo‘qoladi, asabiylashish, odamovilik va bir xil muammolarga o‘ralashib qolish holatlari paydo bo‘ladi.

Atigi 4 soatlik uyquning yo‘qotilishi organizmning tashqi ta’sirlarga reaksiyasi tezligini 45 foizga pasaytiradi. To‘laqonli uyqu bolalarda diqqat yetishmasligi va giperaktivlik sindromi belgilarini kamaytirib, ularning xulq-atvorini yaxshilashi mumkin. Qo‘shimcha 20 daqiqalik uyqu esa bolaning maktabdagi o‘zlashtirish darajasini oshiradi.

“1 yoshdan 3 yoshgacha bo‘lgan bolalar sutkasiga kamida 11 soat, 3 yoshdan 6 yoshgacha bo‘lganlar sutkasiga kamida 10 soat, 6 yoshdan 13 yoshgacha bo‘lganlar sutkasiga kamida 9 soat, 13 yoshdan 17 yoshgacha bo‘lganlar esa sutkasiga kamida 8 soat uxlashi kerakligi isbotlangan”, — deydi pediatr.

Uning ta’kidlashicha, uyqu ma’lum bosqichlarga — tez va sekin uyqu fazalariga bo‘linadi. Sekin faza o‘z navbatida uchta alohida bosqichdan iborat. Tun davomida inson tez va sekin fazalarning barcha bosqichlarini bosib o‘tadi, so‘ngra uyqu sikli yana qaytadan boshlanadi. To‘liq sikl odatda ikki soat atrofida davom etadi. Tun bo‘yi inson 4-6 ta siklni boshdan kechiradi.

Pediatriya va bolalar endokrinologiyasi nuqtai nazaridan sekin uyquning uchinchi bosqichi eng muhim sanaladi, chunki aynan shu paytda bola organizmida to‘g‘ri o‘sish va rivojlanish uchun zarur bo‘lgan gormonlar ishlab chiqariladi.

Birinchi navbatda — o‘sish gormoni. O‘sish gormoni (somatotropin) bolaning o‘sishi va rivojlanishiga ko‘p qirrali ta’sir ko‘rsatadi: